Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qat’iy maqsad sari

O‘z bilim va iqtidoriga ishongan bugungi yoshlar mustaqil yurtimizda munosib farzand bo‘lib kamol topayapti. Ularning ilmga chanqoq, bilimdon, zukko va tirishqoqligini ko‘rib chin dildan havasing keladi, mehring ortadi.

Yaqinda Tailand Qirolligining Chiang Mai shahrida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasida o‘quvchilarimizdan Shahboz Hasanov va Eldor Neymatovlar ham ishtirok etib, O‘zbekiston bolalari nimalarga qodirligini yana bir bor dunyoga namoyon qildi.

Shahboz dadasining o‘quvchilari har safar xalqaro fan olimpiadasida yuqori o‘rinlarni egallaganini eshitganida, ich-ichidan sevinardi. Ularning cheksiz quvonchlarining shohidi bo‘lar ekan, qalbida, men ham matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritaman. Kelajakda dadam kabi matematika o‘qituvchisi bo‘lib, shogirdlar yetishtiraman, degan istak paydo bo‘ldi. Buning uchun ko‘p o‘qish, dangasalik kabi illatdan uzoqlashish kerak, degan qoidaga amal qildi. Shahbozning dadasi G‘olib aka Qorako‘l tumanidagi akademik litseyda matematika fanidan dars beradi. Shuning uchunmi, javondagi kitoblar, shogirdlar bilan bo‘ladigan suhbatlar, fanga doir har bir savolga berilayotgan javoblarni qunt bilan tinglagan Shahboz 1-sinfdaligidayoq arifmetik amallarni tez va oson bajarardi. Undagi qobiliyatni sezgan G‘olib aka farzandining qiziqishiga jiddiy e’tibor bera boshladi. U bilan tinimsiz shug‘ullanib, murakkab usulda misol va masalalar yechishni topshirib, bilimini sinovdan o‘tkazdi. O‘g‘lidagi iqtidor, matematikaga bo‘lgan mehrni ko‘rgan otasi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga o‘qishga berdi. Shahboz 2-sinfdaligidayoq matematika fanidan o‘tkaziladigan maktab ichki olimpiadalarida 1-o‘rinni egallab, ustozlar nazariga tushdi. Ko‘p bora sinovlardan o‘tkazgan ustozi Umid aka Arabov Shahbozni tuman, viloyat miqyosida bo‘lib o‘tadigan “Bilimlar bellashuvi”ga tayyorladi. O‘z bilim va salohiyatiga ishongan Shahboz, ustozlar ishonchini oqlab, respublika bellashuviga puxta tayyorlandi. Buning uchun tunlar uyqudan kechib, soatlab dars tayyorlashga to‘g‘ri keldi. Natija yomon bo‘lmadi. G‘oliblar qatori uning ham nomi Xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etuvchilar qatoridan o‘rin oldi.

– Matematika judayam qiziqarli fan. Ba’zi vaqtlarda dars qilishga kirishib ketsam, kech bo‘lib qolganini ham sezmayman. Ishlayotgan misolimning javobi chiqmaguncha, uxlamay tong ottirgan paytlarim ham bo‘lgan. Shu fanga qiziqishimdanmi, hamma narsani matematikaga bog‘layman. Ko‘chada, transportda ketayotganimda odamlar soni, ketayotgan yonilg‘i miqdorini hisoblab yuraman. Matematikada tezkorlik talab qilinadi. Buning uchun xotirani mustahkamlash, ko‘proq kitob o‘qish lozim, – deydi Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 8-sinf o‘quvchisi Shahboz Hasanov.

Darhaqiqat, o‘z bilim va saviyasini ko‘p bora sinovlardan o‘tkazgan o‘quvchi yuqori natija, rag‘batlarga sazovor bo‘ladi.

Shahboz a’zo bo‘lgan jamoa safida tengdoshi kitoblik o‘quvchi Eldor Neymatov ham bor edi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.