Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quralay quvonchlari

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida faoliyat yuritayotgan “Quralay” bolalar folklor-etnografik xalq jamoasi haqida eshitganmisiz? Bu jamoa ishtirok etgan tanlov yoki festival borki, g‘oliblar safida doimo “Quralay” bor. Shu bois raqib jamoalar bellashuv oldidan: “Bo‘ldi, “Quralay” qatnashyaptimi, g‘oliblikka da’vo qilolmaymiz”, deya tan olishadi.

Shu o‘rinda ushbu jamoa haqida qisqacha ma’lumot: jamoa dastlab 1991-yilda to‘garak sifatida tashkil topgan. Uning fidoyi rahbarlari jamoani xalq orasida tanilishi uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. Ovozasi tuman, viloyat, hatto respublikagacha taralgan to‘garak 1994-yilda “O‘zbekiston – Vatanim manim!” respublika ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, uchinchi darajali diplomni qo‘lga kiritgach, jamoaga “Quralay” bolalar folklor-etnografik Namunali xalq jamoasi, degan yuksak nom berildi. 2001-yildan to 2005-yilgacha ketma-ket “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining g‘olibi bo‘lib keldi. Bu yil ham “Quralay” ushbu festivalda g‘olib bo‘ldi.

Jamoa 2006-yilda o‘tkazilgan “Diyor ohanglari” respublika televizion festivalida folklor yo‘nalishida 1-o‘rin, 2010-yilgi “Bolalar havaskorlik Namunali xalq jamoalari” respublika bosqichida Gran-Pri sohibi bo‘ldi. 2008-yil Qashqadaryo viloyatida, 2009-yil “Yangi avlod”, 2010-yili Xorazm viloyatining Ichanqal’a majmuasida bo‘lib o‘tgan “Asrlar sadosi” kabi qator festivallarning respublika bosqichi laureatiga aylandi.

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida jamoa a’zosi tumandagi 47-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Ozodbek Ismatov ijro etgan raqs hammani hayratda qoldirgandi. O‘shanda Ozodbek raqsni ijro etib bo‘lgach, tomoshabinlarga ta’zim qildi. Tomoshabinlar uni uzoq olqishlashdi. Olqishlar ostida u bir muddat ko‘kka, atrofga boqdi-da, ko‘nglida nelar kechganini anglashga urindi.

– Niyatim, sahnada o‘zimni ko‘rish edi, – deydi Ozodbek. – Qanday bo‘lmasin, tomoshabin oldida qiziq, yangi sahna ko‘rinishi bilan chiqsam, degan xayollar bilan yurardim. “Quralay” jamoasiga kelib o‘sha sahnani ko‘rdim. Bu shirin orzularimning ro‘yobga chiqishida katta imkoniyat edi. Qator tanlovlar va festivallar ishtirokchisi bo‘lib, katta sahnalarga chiqishga ham muyassar bo‘ldim. Buning uchun ustozimiz, jamoamiz rahbari Bahodir aka Hamdamovga rahmat aytaman.

San’at inson qalbini ezgulikka chorlaydi. Ozodbek Ismatov 8 yoshidan “Quralay” jamoasining a’zosi. U kichkinaligidan bolalar uchun televizorda beriladigan ertak-filmlar, turli bayram konsertlarini diqqat bilan tomosha qilar, qahramonlariga havasi kelardi. O‘g‘lidagi bunday qiziqishni kuzatib yurgan onasi uni “Quralay” bolalar folklor-etnografik jamoasiga olib keladi. Aytgancha, Ozodbekning bugungi kunda yana bir orzusi ushalgan. U “Maftuningman – 2” filmidagi epizodik rolidan keyin taniqli kinorejissorlar nazariga tushdi. Endi uni tez-tez badiiy filmlardagi turli rollarga taklif qilishyapti.

Bugungi kunda “Quralay” jamoasida Ozodbekka o‘xshab san’atga mehr qo‘ygan bolalar anchagina. Ijrochi-solist, raqqoslar Amirxon Narzullayev, Sevinchxon Ne’matova, Parvina Qoraboyeva, Farangiz Sayfiddinova singari iste’dod egalari o‘z mahoratlari bilan elga tanilib qoldi. Biz “Quralay”ning quvnoqlariga ko‘z tegmasin, yurtimizda ana shunday yoshlar ko‘payaversin, deb qolamiz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.