Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Robotlar olamida bir kun

XXI asr – olamshumul kashfiyotlar davri, deb atalmoqda. Chunki haydovchisiz o‘ziyurar avtomobillar, og‘zaki buyruqning o‘zidayoq yonib-o‘chuvchi maishiy texnika vositalari, masalan, “Ovozingni balandlat!” buyrug‘idan so‘ng baralla yangrab ketadigan televizorlar, “22 darajali haroratda ishla!” buyrug‘idan so‘ng ishga tushib ketadigan xona sovutgichlari, stollar ostida “emaklab” gilamlarni tozalab chiqadigan changyutgichlar bugungi taraqqiyot asri mevalaridir. Yaponiyadagi eng zamonaviy, besh yulduzli mehmonxonada umuman, odamlar ishlamas ekan. Barcha xizmatlar va boshqaruv tizimi robotlarga ishonib topshirilgan emish. Bu biz uchun yangilik bo‘lmay qoldi. Chunki yaqinda tomoshabinlar ko‘z oldida mitti robotchalar yasab, musobaqa uyushtirgan iste’dodli bolalar tanlovida bo‘lib qaytdim. “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar pavilonida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda “Central Asia Robot Challenge” (CARC) robototexnika bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Musobaqa “ICTWEEK Uzbekistan – 2017” AKT haftaligi doirasida o‘tkazildi. Uzoq kutilgan va ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirgan bellashuv O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va O‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan tashkil etildi.

Yurtimizga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan 21 nafar robototexnikaning yosh iqtidorlari o‘zbekistonlik tengdoshlari bilan kuch sinashdilar. Ular “short-trek”, “chiziqlar bo‘ylab poyga”, hamda “robo-sumo” singari uch yo‘nalishda o‘zaro bahslashdilar.

Musobaqaning birinchi kuni tomoshabinlar qatori to‘sinlar ortida ishtirokchilarni qiziqib kuzatdim. Hayajon bilan o‘yinga start berilishini kutib turgan bolalarning yuz-ko‘zida cheksiz ishtiyoq bor edi. Va nihoyat, belgilangan ikki soat davomida ishtirokchilar o‘zlarining qadrdon robotlarini yasab berishga kirishdilar.

Shu payt yonimda turgan qozog‘istonlik o‘quvchilar murabbiysi o‘z tilida maqtanib qoldi.

– Shogirdlarim kuchli tayyorlanishgan. Ular juda iqtidorli bolalar...

Asqar Amangeldi Qozog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati Janaozen shahar litsey-internatidagi mahorat maktabida o‘quvchilarga robototexnikadan dars beradi. Danial Bisenbiuli uning eng qobiliyatli shogirdlaridan. Danial “Ralph” nomli robotni ixtiro qilgan. – U matematikadan juda kuchli bilim egasi. Bundan tashqari duradgorlik ishlari bilan ham shug‘ullanadi, – dedi ustozi. Yersultan Uzinbek bilan Samarxon Orakov Almati shahri Bostandiq rayonidagi 81-gimnaziya maktabining 9-sinfida o‘qisharkan. Ular yasagan “Tirex” roboti haqida sal keyinroq to‘xtalib o‘tamiz.

Bu paytda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari bilan Turin Politexnika universiteti talabalari yasagan “My Robot.uz”, “Lahza”, “Sumo Muso”, “Challenger” robotlari maydonda bahsga tushishayotgandi. Darvoqe, bugungi musobaqa A va B guruhlariga ajratilgan bo‘lib, dastlab birinchi guruhdagi talaba akalaringiz o‘zlari yasab kelgan robotlar jangini tomoshabinlarga namoyish qilishardi. 2 soat birpasda “g‘ir” etib o‘tib ketdi. Nihoyat, tomoshabinlar ko‘z o‘ngida ko‘zlari yonadigan, harakatlanadigan kichkintoy robotchalar muvaffaqiyatli yasab bo‘lindi. Endi ular sumo maydonchasida kurashga tushishlari kerak.

Xullas, “Star.com”, “Lol”, “ALPHA”, “Tirex”, “TESLA” robotlari biri olib, biri qo‘yib kurashga tusha boshlashdi.

Sharti – chizilgan sumo maydonchasidan biri ikkinchisini surib chiqarishi kerak.

Dalyer Mavlonov poytaxtimizdagi 60-maktabning 5-sinfida o‘qiydi. U hozirgina “ZD Team” nomli robotini yasab bo‘ldi. Ustozi Eldar Alekseyevichdan 3 yildan buyon robot yasash mahoratini o‘rganadi. Dalyerdan robot yasash uchun dastlab nimani o‘rganish zarurligini so‘raganimda u, maktabda fizika fanini yaxshi o‘qish kerakligini aytdi. U “robokids” mashg‘ulotlaridan tashqari karate bilan ham shug‘ullanadi. Shu paytgacha 7 ta kitobni o‘qib tugatibdi. O‘tgan yili musobaqada uning roboti yutgan edi. Bu yil negadir yutqazib qo‘ydi...

Miraziz Mirsolihov esa Toshkent shahridagi 298-maktabning 6-sinfida o‘qiydi. Miraziz robotiga nom qo‘yishga ulgurmabdi. U kelajakda bo‘yi bilan baravar askar robot yasashni orzu qilarkan. Robot askar akalari bilan birga Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlarkan.

Miraziz suzish sporti bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga adabiyot fanini sevadi, juda ko‘p she’r yodlagan. Ha, aytgancha, bu bolalar haqiqiy robotlar yasash mahoratini O‘zbekistondagi birinchi robototexnika maktabi – “Robokids Education”da o‘rganishmoqda. Bu robotlar maketlardan farq qilib raqibni aniqlash, unga tomon harakatlanish, chiziqdan itarib chiqarish, xullas, kurash tushish qobiliyatiga ega.

– Toshkent yashil va musaffo shahar ekan, – deydi “Tesla” roboti muallifi, qozog‘istonlik Murat Junisbayev. U Almatida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda bir necha bor g‘olib bo‘lgan ekan.

Darvoqe, ishtirokchilar yasagan robotlar qanday harakatlanayotganiga qiziqayotgandirsiz. Lego yig‘masi asosida yaratilayotgan robot miyasiga kompyuter dasturi kiritiladi. Va robot raqibi tomon harakatlanib haqiqiy jangchi qiyofasiga kiradi. Kompyuter dasturini ham bolalarning o‘zlari tuzishadi. Qoyil!

Tanlov yakunlariga ko‘ra 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi robo-sumo bahslarida 1-o‘rinni qozog‘istonlik mehmonlarimiz Samarxon Orakov bilan Yersulton Uzinbek, 2-o‘rinni Murat Junisbayev bilan Temirxon Yerkinbulan, 3-o‘rinni o‘zbekistonlik Dmitriy Kim bilan Larin Antonlar egallashdi.

Toshkentlik Abdurahmon Hojimurodiy, Akbarshoh Azimov, Aziz Abdujabborov, Akapyan Garigin, David Kimlarning ishlari eng yaxshi deb topildi. Ular yurtimizda ilmiy texnik ijodning, muhandislik sohasining yorug‘ ertasi, istiqbolidan nishonadir.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.