Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sehrli barmoqlar

Asilaning oyisi Dilfuza opa bolalar bog‘chasida musiqa o‘qituvchisi. U har bayramda kichkintoylarga qo‘shiq va raqslar o‘rgatadi. Asila oyisi har gal pianino chalganda barmoqlarining sehrli harakatlariga mahliyo bo‘lib, kuy tugaganini sezmay qolardi. Jajji qo‘lchalari bilan pianinoni ushlab oyisi kabi quvnoq musiqalar chalishni juda-juda istardi. Maktabga borgach, eng yaxshi ko‘rgan darsi musiqa fani bo‘ldi. Undagi ishtiyoqni ko‘rgan buvisi hech ikkilanmay 30-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga yetaklab bordi. Unga ustozlik qilishni o‘z zimmasiga olgan Sayyora Raimqulova pianinoni yaxshi chalish uchun a’lo baholarga o‘qish, tartib-intizomga rioyaa qilish muhim ekanligini tushuntirdi. Asila musiqa maktabidagi saboqlari maktabdagi darslariga xalaqit bermasligini o‘ylab, uy vazifalarini vaqtida bajarishga harakat qildi. Tadbirlarda tengdoshlariga quvnoq kuylar chalib berish niyatida har bir mashg‘ulotni qunt bilan tingladi. Ustozining xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatdi. 2-sinfligida navbatdagi bayram konsertida ham ishtirok etib, ustozlar e’tirofiga sazovar bo‘ldi.

– Agar musiqalaring barchaga manzur bo‘lishini istasang, hamma ishni vaqtida bajarishing lozim. O‘zingni tetik his qilganing bilan dam olish va ovqatlanishingga befarq bo‘lsang, organizm toliqadi. Hammasi me’yorida bo‘lsagina, kutgan natijangga erishasan, – dedi Asilaning kun tartiblaridan chalg‘ib, ko‘proq mashg‘ulotlar bilan band bo‘layotganidan xavotirlangan oyisi.

Asila pianino sir-asrorlarini mukammal o‘rganish uchun vokal, musiqa adabiyoti va salfedjo darslarida ilg‘or o‘quvchilar safidan joy oldi. Ko‘plab tadbir va tanlovlarda o‘z mahoratini namoyon qildi.

Mashg‘ulotlar samarasi endigina musiqa maktabining 4-sinfida o‘qiyotgan Asilaga 2018-yil Sankt-Peterburgda 10-12 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Xalqaro musiqa festivalida qatnashish imkoniyatini berdi. O‘zi kabi turli davlatlardan kelgan iqtidorli tengdoshlari bilan bellashib, 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.

– Xalqaro musiqa festivaliga borishimni eshitganimda juda xursand bo‘lgandim. Ammo, festival kunlari iste’dodli o‘quvchilar ko‘p ekanligini ko‘rib, xayolimdan ishonchni oqlolmaymanmi, degan hadik o‘tdi. Hayajondan chaladigan musiqamni ham unutgandek edim. Ustozim mening ahvolimni ko‘rib, “Hali bir-ikki yil shug‘ullansak bo‘larkan. Biroz shoshib qo‘yibman”, deb afsuslanganda, g‘alati bo‘lib ketdim. Darrov o‘zimni qo‘lga oldim. Fikrimni bir joyga jamlab, atrofni unutishga harakat qildim. O‘zimni tutib olganim ijroda samarasini berdi. Festival yakunida barcha ishtirokchilarni taqdirlashganda qo‘limdagi diplomga 1-o‘rin, deb yozilganini ko‘rib rosa quvondim. Bu rag‘bat meni ulkan orzular tomon yetakladi, – deydi Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 1-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Asila Abduvaliyeva.

Iqtidorli o‘quvchilar qatori yutuqlari sari olg‘a odimlayotgan qahramonimizning mashg‘ulot jarayonini kuzatarkanman, pianino klavishlari ustida barmoqlari o‘zi istagandek – sehrli harakatlanayotganiga guvoh bo‘ldim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.