Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sumalakguzar – har nedan o‘zar

Sumalakguzar nafaqat Namangan shahri, balki butun viloyatning ko‘zga ko‘ringan mahallalaridan. Bu zaminning kuragi yerga tegmagan polvonlari-yu el olqishiga sazovor sportchilari azaldan qo‘shni davlat hududlariga qadar dovrug‘ qozonib kelgan. Mahallaning bugungi qat’iyatli va bir so‘zli yoshlari ham ota-bobolarining ana shu mashhurligini yanada ko‘tarish harakatida. Eng quvonarlisi, mahallaning sportchi qizlari safi kundan-kun kengayib bormoqda. Ular yigitlardan qolishmaslik uchun qiziqqan sport turlari bo‘yicha astoydil mashg‘ulot o‘tkazishmoqda.

Yosh sportchi Madina Usmonova mahallaning ana shunday qizlaridan biri.

– Sportning taekvondo turiga qiziqaman. Hozirgacha bir necha turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashdim, – deydi Madina. – Kelajakda xalqaro musobaqalarda ham g‘olib bo‘lish niyatim bor. Buning uchun mahallamizda yangi barpo etilgan sport saroyida muntazam mashg‘ulotlar olib boryapman.

“E, qanaqa yangi sport koshonasi”, deya qiziqayapsizmi? Keling, endi shu haqida fikr yuritsak.

Sumalakguzar yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun bugun yana bir katta imkoniyat yaratildi. Aniqrog‘i, mahallaning qariyb bir gektar hududini egallagan bo‘sh maydonida ikki qavatli sport koshonasi qad rostladi. Bu yerda Madina va uning yuzlab tengqurlari sportning badiiy gimnastika, badminton, boks, kurash, o‘zbek jang san’ati, karate-do, taekvondo ITF singari ommalashgan turlari bilan mukammal shug‘ullanishlari mumkin. Majmua 360 nafar sportchiga mo‘ljallangan. 30x18 metr o‘lchamdagi ikkita sport zali, ochiq basketbol maydoni va yana ko‘plab mashg‘ulot zallarida hozirda katta sport musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik olib borilmoqda.

Ayni damda sport majmuasi Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi tasarrufiga berilgan. Sport dargohining Munisa Yo‘ldosheva, Sanjar Nabiyev, Shuhrat Madrahimov va Radion Pak singari tajribali murabbiylari o‘z shogirdlariga bor bilim va mahoratlarini o‘rgatishmoqda.

– Yangi majmua chinakam ma’noda mahalla yoshlari uchun do‘stlik maskaniga aylandi, – deydi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Murodxon Nizomboyev. – Sportga qiziquvchi o‘smirlar o‘qishdan bo‘sh vaqt topdi, deguncha bu yerga oshiqishadi. Sevgan sport turi bilan mashg‘ul bo‘lish barobarida ko‘plab do‘stlar orttirishmoqda. Kelgusidagi maqsadlariga yetishish uchun birgalikda tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Albatta, biz bundan xursand bo‘lamiz.

Sumalakguzarning o‘z kelajagini sport bilan bog‘lagan yoshlaridan yana biri Fotima Tursunovadir. U tengdoshlaridan farqli ravishda boks sport turiga qiziqadi. Eng quvonarlisi, mahalladagi yangi sport majmuasi foydalanishga topshirilish arafasida Fotima boks bo‘yicha mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Mohir murabbiy Radion Pakdan qo‘l to‘pi sirlarini o‘rganayotgan maktabning 14 nafar tarbiyalanuvchilari esa O‘zbekiston kubogining bu yilgi musobaqalarida 3-o‘rinni egalladi.

To‘g‘ri, endigina o‘z faoliyatini boshlagan sport maktabi tarbiyalanuvchilari yutuqlari ham ko‘p emas. Ammo maktab o‘quvchilari yuz-ko‘zidagi kelajakka ishonch, katta maqsadlar sari dadil intilish hamda so‘nmas ishtiyoq nurlarini ko‘rgan har bir inson ko‘nglidan mana shunday orzumand o‘y o‘tishi aniq: “Sumalakguzar – har neda o‘zar!”

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.