Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tasvirlarga rang bergan orzu

San’atni sevadigan bolalarning didi o‘tkir, qalbi nozik bo‘ladi. Buni ular yaratgan go‘zal tasvirlar, nafis chizgilar orqali ko‘rish mumkin. Barmoqlar tutgan mo‘yqalam tasavvur kashfiyotlarini ifodalasa, amaliy san’at ishlari mahoratli qo‘llar sehridan nishona. Yaqindagina Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida tasviriy va amaliy san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Unda san’atga ixtisoslashgan maktab-internatlari, kollej o‘quvchilari o‘z asarlarini namoyish etdilar. Yosh san’atsevarlar uchun yurtimiz va xorijiy davlatlar san’at ustalari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.

Festival doirasida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” respublika ijodiy tanlovi ko‘rgazmasi alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu ko‘rgazmada o‘quvchilarning 300 dan ortiq ijodiy ishlari namoyishga qo‘yildi. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad – milliy san’atimizning kelajagini ta’minlovchi iste’dodlarni aniqlash, moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish, kelgusida yuksak mahorat sohiblari bo‘lib ulg‘ayishlari uchun zamin hozirlashdan iborat. Bir hafta davom etgan ko‘rgazmaga o‘quvchilarning ota-onalari, san’at ixlosmandlari kelib yosh ijodkorlarning asarlariga baho berdilar.

O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi Akmal Nur, Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori Gulabza Karimovalar yosh musavvirlarga ijodiy zafarlar tilashdi.

Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi Umid Tojiboyev “Karvon” miniatyurasi uchun tanlovning 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. Sirdaryolik Sabina Abdug‘afforova esa “Onamning kulchasi” nomli rangtasvir asari uchun 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Sabina tanlov hayajonlarini biz bilan bo‘lishdi:

– Kichik ishlarimizga ulkan baho berishganidan ruhlanib ketdim. Ijodkor tengdoshlarim chizganlaridan ilhom olib yangi g‘oyalar tug‘ildi. Yutuqlar va kamchiliklarimni tahlil qildim. Kelgusida shaxsiy ko‘rgazmamni ochishni, katta rassom bo‘lishni dilimga tugib qo‘ydim, – deydi u.

Buxorolik Nurbek Botirov haykaltaroshlik ishi uchun 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. “Qadimiy buyumlar” rangtasvir ishi bilan toshkentlik Aziza Shoymurodova, andijonlik Javohir Fazliddinov esa “Bobur” rangtasvir asari uchun taqdirlandilar. Tanlov g‘oliblariga esa diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ijodiy ko‘rgazma poyoniga yetdi, biroq undan olingan taassurotlar, ustozlar e’tirofi uzoq vaqt yosh ijodkorlar qalbida saqlanib qoladi. Ularning kelgusidagi izlanishlariga g‘ayrat va ilhom bag‘ishlab turadi.

 

Jobir ISMATULLAYEV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.