Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Termizlik chempionlar

– Shahrimizdagi 13-maktabda o‘nlab sport chempionlari o‘qiydi. Maktabdagi salkam 2000 ta o‘quvchining barchasi sportning bir necha turi bilan shug‘ullanadi, – dedi Termiz shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimi Ochiloy opa Xudoynazarova g‘urur bilan.

– Sportga ixtisoslashgan maktabmi? – so‘raymiz qiziqish bilan.

– Borganimizda bilasiz, – sirli jilmayib yo‘l boshlaydi opa. 13-umumta’lim maktabi Termiz shahridagi eng ilg‘or o‘quv maskanlaridan ekan. “Bilimlar bellashuvi”da shahar, fan olimpiadalarida viloyat g‘olibi ekan. Maktab bilan tanishuvni kutubxonadan boshlagach, bu yutuqlar zaminini anglagandek bo‘ldik. 3000 dan ortiq badiiy kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonaga deyarli barcha o‘quvchilar a’zo ekan. “Barkamol avlod” tanlovi viloyat bosqichi g‘olibi Aziza To‘rayeva respublikada ham dizayn yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli qatnashibdi. 3-sinf o‘quvchisi Zumrad Abdullayeva buvisi – maktabning oliy toifali ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Mashhura Normatovaning shaxsiy kutubxonasidagi 500 dan ortiq ertak kitobni allaqachon o‘qib bo‘libdi. 200 ta she’rni yodlashga ulguribdi. Zumrad “Ifodali o‘qish” shahar tanlovida 1-o‘rinni egallabdi. 4-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Jumaboyeva bilan 6-sinf o‘quvchisi Ruxshona Raimqulovalar viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Eng zukko kitobxon” tanlovida kitob, kitobxonlik borasidagi bilimlari bilan hay’at a’zolarini ham, tomoshabinlarni ham lol qoldirishibdi.

– Xalqimiz “Sog‘lom tanda sog‘ aql”, deb bejiz aytmaganligiga o‘quvchilarim faoliyatida yana bir karra amin bo‘ldim, – deydi maktab direktorining ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Ashurova. – O‘quvchilarimizning 600 ga yaqini muntazam ravishda faoliyat ko‘rsatayotgan 10 dan ortiq to‘garakda o‘zlari yoqtirgan sport turi bilan shug‘ullanishadi. Barcha qulayliklarga ega sport zalimiz ham ular ixtiyorida. Jismonan chiniqqan bolalar fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtiradi, jamoat ishlarida faol. “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarida maktabimizning gandbol va voleybolchilari viloyat sharafini munosib himoya qildi. Bolalarimizni sport bilan do‘stlashishida maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari Jamshid Kenjaboyev hamda Ma’mura Chorshayevalarning xizmatlari beqiyos. Ma’muraxon shaxmat to‘garagiga ham rahbarlik qiladi. Uning mehnati tufayli shaxmatchilarimiz respublika musobaqasida umumjamoa hisobida 2-o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Karate to‘garagi qatnashchilari ustozi Alisher Qilichev ishonchini oqlashdi. Shu yil fevral oyida Toshkentda o‘tkazilgan respublika karate musobaqalarida 3-sinf o‘quvchisi Sevara Ergasheva, 4-sinf o‘quvchilari Muhriddin To‘raxonov, Abdulvahob Rashidovlar o‘z vazn toifasida, Navoiy shahridagi bellashuvda 9-sinf o‘quvchisi Jahongir Qurbonovlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Bahorda Qozog‘istonning Almati shahridagi Xalqaro turnirda esa Jahongir Norqobilov bronza medali sohibiga aylandi.

Yana bir sport yulduzi Najmiddin Qosimxo‘jayev endigina 11 yoshga kiribdi. Biroq bir necha nufuzli taekvondo musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib nafaqat maktab, balki Vatanimiz nomini dunyoga tanitibdi. Dadasi – viloyat taekvondo federatsiyasi prezidenti Abdujabbor Qosimxo‘jayevdan bu kurash sirlarini puxta o‘rganib olgan Najmiddin Malayziyada bo‘lib o‘tgan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha Xalqaro musobaqada ketma-ket ikki yil bronza medalini qo‘lga kiritibdi. O‘tgan yili Rossiyaning Kaliningrad shahrida o‘z vazn toifasida “Koping Open” turnirida qatnashib g‘olib bo‘lgan ekan.

Maktabdaligimizda u haqda yana bir xushxabarni eshitdik. Najmiddin shu yil kuzda Hindistonda bo‘lib o‘tadigan chempionatda qatnashar ekan.

Mustaqilligimiz yaratib bergan imkoniyatlardan ko‘p va xo‘p foydalana olayotgan maktab o‘quvchilari, iste’dodli sportchilari bilan xayrlashar ekanmiz, hademay medallar shodasi yana bittaga ko‘payishiga ishonch hosil qildik.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.