Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Toʻmaris nabirasi

Shahnoza juda chaqqon, serharakat qiz. Gʻayrati ichiga sigʻmaydi. Qizidagi bu fazilatni sezgan onasi uni 2015-yilda qilichbozlik majmuasiga olib bordi. Sportning bu turi Shahnozaga oʻzbek jang sanʼati, basketbol, voleybol oʻyinlarida shugʻullangan chogʻlarida his qilolmagan zavqni berdi. Shahnoza qilichbozlikni oʻzlashtirishga qatʼiy ahd qildi. Uni sportdan koʻra koʻproq goʻzal sanʼat, chaqqonlik, ildamlik sanʼati deb his qildi. Dunyoning mashhur qilichbozlari uslublarini puxta oʻrganishga kirishdi. Ustozi Alisher Sodiqov Shahnozadagi bu intilishni oʻziga xos taqdirladi. U bilan alohida shugʻullandi. Eng original musobaqalar disklari bilan tanishtirdi. Natija shunga yarasha boʻldi. Shahnoza tuman, shahar musobaqalarida ketma-ket gʻalaba qozondi. 2016-yilda Shahnoza Togʻaymurodova milliy terma jamoa aʼzoligiga qabul qilindi. Terma jamoa safida oʻnga yaqin mamlakatlarda oʻtkazilgan Osiyo va jahon musobaqalarida Oʻzbekiston bayrogʻini yuqoriga koʻtarish baxtiga sazovor boʻldi.

2018-yil 22-fevral 5-mart kunlari Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida qilichbozlik boʻyicha kadetlar va oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi. Jamoa qizlar oʻrtasidagi sablya yoʻnalishida chorak finalda Yaponiya terma jamoasini 45:43 hisobida magʻlubiyatga uchratib, yurtimizga bronza medali bilan qaytishdi. Qitʼa chempionatida yuqori natijalarga erishgan sportchilarimiz va ularning murabbiylari Qilichbozlik federatsiya tomonidan yengil avtomobil bilan taqdirlandi. Bu ragʻbat Shahnozani yangi gʻalabalarga chorladi. Oʻsha yili noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan jahon kubogi bellashuvlarida kumush medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2019-yil Markaziy Osiyo konfederatsiyasida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan bellashuvlarda ketma-ket 3-oʻrinni zabt etdi. Qilichboz qiz maktabdagi oʻqishlarini ham boʻshashtirmadi. U barcha fanlarga puxta tayyorlandi. Rus tili fanidan “Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalarida shahar bosqichida muvaffaqiyatli qatnashdi. Sportchi qiz yutuqlarining asosiy omili maktab “Kichik akademiyasi” dagi mashgʻulotlari deb hisoblaydi. “Kichik akademiya”ning eng bilimdon aʼzosi sifatida qator ilmiy ishlari bilan faol qatnashib kelmoqda. Ammo kelajakda ham Oʻzbekiston qilichbozlik sport turini rivojlantiruvchilar safida boʻlishni istagan Shahnoza sport mashgʻulotlarini bir on ham boʻshashtirgani yoʻq. Sportchi hamisha formada boʻlishi kerak, degan aqidaga amal qilib, mashqlarni muntazam davom ettirmoqda. Intilganga tole yor.

Shahnoza qilichbozlik boʻyicha 2019-yil noyabr oyida oʻtgan jahon kubogida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu yil mart oyida Shahnozaning hayotida quvonchli voqea sodir boʻldi. Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Shahnoza Togʻaymurodova sportdagi va oʻqishdagi ulkan muvaffaqiyatlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻldi.

Men tirishqoq shogirdimni bu ulkan ishonch va mukofot bilan tabriklab bagʻrimga bosar ekanman, ikkimizning ham koʻzimiz sevinch yoshlariga toʻldi. Chunki mamlakatimiz nomini dunyolarga tanitayotgan yoshlar orasida maktabimiz oʻquvchisi ham borligidan gʻururlandim.

Shu kunlarda Shahnoza Togʻaymurodova Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi olimpiya oʻyinlariga qizgʻin tayyorlanmoqda. Biz Toʻmaris momosining munosib vorisi boʻlgan qilichboz qizga omad tilab qolamiz.

 

Dilfuza RAHIMOVA,

Sergeli tumanidagi 300-maktab oʻqituvchisi

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.