Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tuyg‘ular tasviri

Ahadjon Usmonaliyev Farg‘ona shahridagi 30-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. U qo‘liga qalam olib rasm chiza boshlaganda hali yozishni ham bilmas edi. Ahadjon kichikligidan tabiat qo‘ynida sayr qilishni yoqtirgani uchun osmon, bulut va quyoshni, hovlisidagi gul, daraxtlarni tasvirlashga harakat qilardi. Ayniqsa, hovlidagi daraxtlarning har faslda turfa ranglarga kirganini ko‘rganda rasm chizishga bo‘lgan ishtiyoqi yanada oshardi. Farzandidagi qobiliyatni vaqtida payqagan Malohat opa unga rangli qalam va rasmli kitoblar olib kelardi. Tasavvur qilgan narsasini o‘xshatib chizishga, ranglardan to‘g‘ri foydalanishga harakat qilayotganini ko‘p bor kuzatgan onasi Ahadjonni Marg‘ilon shahridagi 10-bolalar musiqa va san’at maktabiga olib bordi. Unga rassomlik sirlari bo‘yicha saboq berishni ustoz Mushtariybegim Qurbonova o‘z zimmasiga oldi.

Maktabga qatnab yurgan kezlari rassom bo‘lish uchun qalam bilan qog‘ozning o‘zi yetarli, deb o‘ylagan Ahadjonning fikri mashg‘ulotlar davomida o‘zgardi. Orzusidagidek rassom bo‘lish uchun o‘z ustida ko‘p ishlash, ustozning har bir o‘gitiga amal qilish kerakligini angladi. Rang berish va soya holatini to‘g‘ri joylashtirish kabi rasm chizishning nozik tomonlarini erinmasdan o‘rgandi. Ba’zan berilgan topshiriqni ko‘ngildagidek bajarolmay, ustozidan tanbeh eshitib ham olardi. Biroq bundan xafa bo‘lmas, aksincha, kamchiligini tuzatish uchun soatlab mashq qilar, qo‘llari, kiyimlari bo‘yoq bo‘lib ketardi.

Maktab, tuman va viloyat miqyosidagi ko‘plab tadbirlarda o‘z ko‘rgazmalari bilan ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan Ahadjon 2012-yil “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichida “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi. 2016-yil esa qator xalqaro va respublika tanlov, musobaqalarida birinchilikni qo‘lga kiritgan yoshlar taqdirlanadigan “Iftixor – 2016” mukofotiga sazovor bo‘ldi. 30 dan ziyod asar yaratib, ustozlar e’tiboriga tushgan. Ahadjon hamon izlanishda. Orzusi – yurtimizdagi tarixiy obidalarni o‘rganish. Xalqaro ko‘rgazmalarda milliy urf-odatlarimiz ifodalangan suratlari bilan qatnashib, xalqimiz mentalitetini dunyoga ko‘rsatish.

2016-yil Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “Salyut talantov” loyihasi doirasidagi “Siyaniye kultur” XII xalqaro bolalar va o‘smirlar ijodiyoti festivalida o‘z ishlari bilan ishtirok etish imkoniyati tug‘ilganidan xursand bo‘lgan Ahadjon yurtimizga faxrli o‘rin bilan qaytishga astoydil bel bog‘ladi. Festivalda ko‘plab sayyohlarning e’tiborini tortgan Registon maydoni tasvirlangan surati 1-o‘ringa loyiq deb topildi. Yosh rassom o‘sha damdagi hayajonini shunday eslaydi:

– 520 nafardan ziyod xorijlik tengdoshlarim ishtirok etgan bu festival o‘ziga xos ijodiy raqobat maydoni bo‘ldi. Ularning ishlari bilan tanishganimda, o‘z kamchiliklarimni ko‘rdim, ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ko‘rgazmaga kelgan mehmonlarni “Registon maydoni” suratiga qiziqib, tarix mahobatini o‘zida mujassam etgan muhtasham obidaning o‘ziga xos ko‘rkamligi haqida gapirganlarida me’moriy maskanlari bilan faxrlanib yashaydigan yurt farzandi ekanligimdan mag‘rurlandim.

Festivalga tayyorgarlik jarayonida ustozim bir gapni ko‘p takrorlardi: “Tasviriy san’atda qo‘lidan tutib chizishga majburlab bo‘lmaydi. Agar mo‘yqalam haqiqiy iste’dodning qo‘liga tushsa, sehrli va sirli bo‘ladi. Tasavvuridagi narsani shunday chizish kerakki, asarni uddalamaguncha unga qaramagan rassom, ishni nihoyasida o‘zining chizganidan hayratda qolsin. Agar daryoni o‘rtasidagi qayiqni chizsang, o‘sha qayiqning ichida o‘zingni ko‘ra ol”. Ustozimning mashg‘ulotlar davomida men bilan baravar ishlashi, mayda detallarga ham e’tibor berib o‘rgatishlari o‘z samarasini berdi. Orzuim nufuzli festivallarda o‘z ko‘rgazmalarim bilan ishtirok etib, tajribamni orttirish, qolaversa, yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish, – deydi qahramonimiz.

Biz bir olam orzulari tomon ildam qadam tashlayotgan Ahadjon Usmonaliyev bilan xayrlasharkanmiz, uning turfa ranglar bilan uyg‘unlashib ketgan ijod yo‘llari tekis va yorqin bo‘lishini tiladik.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.