Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ulug‘bek avlodlari

...Navbatdagi katta muhoraba (jang)dan oldin Sohibqiron Ulug‘bekni huzuriga chorladi. Bobosi yonida mudom jang-u jadallar guvohiga aylangan bo‘lajak hukmdor Temurning odatini bilardi. Bilgani sabab uning so‘roviga tayyor turar, shatranj taxtasida kechar bo‘lmish bugungi bahs rejalarini xayolan puxtalardi.

– Mirzo!!! – Bobosi – dunyoning yarmini o‘z adolati bilan hamjihat tutib kelayotgan saltanat sohibining chaqirig‘idan Ulug‘bek sergak tortdi.

– Labbay, Qiblayi olam.

– Shatranj bahsiga tayyormusiz? Ertan bo‘ladirg‘on qirg‘in shaklini tizmalashda menga madad bo‘lasizmu?!

Sakkiz yoshli Ulug‘bekning bu da’vatlardan yuragi hapqirdi. Ko‘z qarashiningda o‘zi ne-ne adl qarorlarni aytadurg‘on shahanshohning suyagi qotmagan bolakayni o‘ziga hammaslak bilishidan quvondi. Va so‘roviga javob kutayotgan bobosi tomon boshini ko‘tarib so‘z qotdi.

– Amringiz bosh ustiga!..

...Temur va Ulug‘bek o‘rtasidagi shatranj bahsi uzoq cho‘zildi. Yuksak zehnli, shu bilan birga benazir aql egasi bo‘lmish Mirzo Ulug‘bek bobosidan bahsda ortda qolmaslik uchun tirishdi, tirmashdi. O‘yida pishitgan harb usullarini shatranj taxtasi ustida qo‘lladi. Sohibqiron avvaliga garchi nabirasiga imkon bersa-da, bahs davomida o‘zini qattiq himoya qildi. Ulug‘bekning har bir harakatini diqqat bilan kuzatib bordi. Nabirasining ba’zi qarorlaridan goh-goh paydo bo‘layotgan nimhayrat alomatlari Sohibqironning ulug‘vor yuziga qizillik yugurtirardi.

Bahs yakunlandi. Ulug‘bek tanlagan oq suvoriylar “odat”ga ko‘ra zafar quchdi. Temur nabirasining boshini keng va chayir kafti orasiga olib peshonasidan o‘pdi.

– Mirzo, sizning bugungi shatranj usulingiz menga ertangi muhorabada katta yordam bergay. Siz kelajakda bu ulkan sarhadlarimizni o‘z aql-u zakovatingiz va shatranj taxtasi ustidagi beqiyos mahoratingiz bilan boshqargaysiz.

Ertasi kuni Anqara yaqinida boshlangan Temur va Boyazid – ikki katta imperiya hukmdorlari o‘rtasidagi keskin muhoraba Sohibqiron g‘alabasi bilan yakun topdi. Jangdan so‘ng bosh qarorgohga qaytgan Amir Temur o‘z iqboliga chopqillab chiqqan Ulug‘bekni dast ko‘tardi va peshonasiga lab bosdi.

– G‘alaba muborak, bek! Sizning shatranj usulingiz, ya’nikim aql-zehningiz bizning muzaffarligimizni muqarrar etdi. Zehningiz dunyoni nurlarga to‘ldirsin, bolam!

 

O‘qiganingiz – buyuk bobokalonlarimiz hayotidan bir lavha. Boy o‘tmishimizning bu eng yorug‘ kunlarini bejizga keltirmadik. Chunki bugun ham orangizda bobomiz Mirzo Ulug‘bek kabi katta salohiyatga ega tengqurlaringiz talaygina. Ular yurtimiz dovrug‘ini ko‘tarish, o‘z izdoshlari qalbida shaxmatga mehr uyg‘otish maqsadida tinimsiz izlanmoqda, harakat qilmoqda. Yurtimiz va jahon miqyosida o‘tkazilayotgan turli bahslar esa ularni haqiqiy ma’noda sinovdan o‘tkazmoqda.

Ana shunday shaxmat musobaqalaridan biri shu yilning 2-8-aprel kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. 8-18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati nomini olgan mazkur shaxmat musobaqalari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va Osiyo shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda qit’amizdagi yigirmaga yaqin davlatdan to‘rt yuz (O‘zbekistondan 22 ta) shaxmatchi g‘oliblik uchun bahslarga kirishishdi. Osiyo chempionati uch – standart, rapid va blits yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Chempionatning shveytsarcha tizimda yetti turdan iborat rapid bahslarida mamlakatimiz sportchilari 3 oltin, 4 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

O‘n olti yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etgan Shamsiddin Vohidov yetti imkoniyatdan olti ochko jamg‘arib, Osiyo chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Nodirbek Yoqubboyev esa to‘qqiz partiyaning oltitasida g‘alaba qozonib, ikkitasida durang natija qayd etdi va 7 ochko bilan Osiyo chempioni bo‘ldi. O‘n sakkiz yoshgacha o‘g‘il bolalar bahsida Ortiq Nig‘matov yetti partiyadan olti ochko to‘plab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Uchinchi o‘rin to‘qqiz imkoniyatdan 6,5 ochko jamg‘argan Saidakbar Saydaliyevga nasib etdi. O‘n sakkiz yoshgacha qizlar bahsida Gulruhbegim Tohirjonova yetti partiyaning beshtasida g‘alaba qozonib, ikkitasida durang natija qayd etdi va birinchi o‘rinni egalladi. Sakkiz yoshgacha qizlar bahsida Afro‘za Hamdamova to‘qqiz partiyaning sakkiztasida g‘alaba qozonib, bittasida durang natija qayd etdi va 8,5 ochko bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.

O‘ttiz besh shaxmatchi ishtirokida o‘tgan o‘n ikki yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahs ham yosh, iqtidorli sportchimiz Javohir Sindorovning g‘alabasi bilan yakunlandi. U to‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. To‘qqiz imkoniyatdan 7 ochko jamg‘argan Odina Olimova kumush medal bilan taqdirlandi. O‘z yosh toifasida Shahrombek Karimov, Akobirxon Saydaliyev, Nilufar Yoqubboyeva, Nodirbek Yoqubboyev, Humoyun Bekmurodov, Mahim Orazmuhammedova, Afro‘za Hamdamova kumush, Humoyun Sindorov, Abdulbosit Sharifjonov va Georgiy Shvanov, Shamsiddin Vohidov, Sitora Saparova, Nozima Valiyeva bronza medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, o‘z yosh doiralarida Nodirbek Abdusattorov (8 ochko) birinchi, Umarxon Faxriddinxo‘jayev (6,5 ochko) ikkinchi, Alixon Avazxonov (6,5 ochko) va Gulruhbegim Tohirjonovalar (6,5 ochko) uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

Blits musobaqasida aka-uka Javohir va Islombek Sindorovlar qit’ada tengsiz ekanini isbotladi. O‘n ikki yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Javohir 8 ochko bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Islombek o‘n yoshgacha bolalar bahsida 7,5 ochko jamg‘arib oltin medalga sazovor bo‘ldi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolari 8 oltin, 12 kumush va 9 bronza, jami 29 medalni qo‘lga kiritdi.

– Yurtingiz shaxmatchilarining shiddati va mahoratini kuzata turib, rosti, hayratga tushayapman, – deydi musobaqa bosh hakami, hindistonlik M. Gopakumar. – Va bildimki, O‘zbekistonda sportga, xususan shaxmat rivojiga bo‘lgan katta e’tibor bu kabi muvaffaqiyatlar kaliti bo‘lmoqda.

– Mazkur chempionatda yurtimiz sharafini munosib himoya qila olganimizdan men kabi barcha ishtirokchilarimizning xursandchiligi cheksiz, – deydi Osiyo chempioni Nodirbek Yoqubboyev. – Rostini aytganda, bahslar juda qiyin kechdi. Chunki unda dunyoning turli burchaklaridan kelgan ko‘plab iqtidorli shaxmatchilar qatnashishdi. Ammo g‘alabamizga bo‘lgan katta ishonch va harakatlarimiz orqali bugun xalqimiz, ustozlarimiz va ota-onalarimiz oldida yuzimiz yorug‘. Buning uchun barchalaridan cheksiz minnatdormiz.

Biz ham Nodirbek hamda uning safdoshlari g‘alabasidan xursandmiz. Va faxr bilan “sizlar Ulug‘bekning munosib avlodlarisiz” deb qolamiz.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.