Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Umidvor maqsadlar

Tanishing: Dilshodbek Shuhratov, Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani qurilish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi. Havaskor ixtirochi. Turmushda og‘irimizni yengil qiladigan, bizga qulaylik yaratadigan o‘nga yaqin g‘oyalar muallifi. “Mening biznes g‘oyam” Respublika tanlovida o‘zining ko‘zi ojizlar uchun yasagan masofali hassasi bilan qatnashib, birinchi o‘rinni egallagan. O‘z fikri va maqsadlariga ega, bilimga, yangilikka chanqoq yoshlarimizdan.

Kichik bo‘lsa-da, biron buyum yasash, nimadir ixtiro qilish hammaning ham xayoliga kelavermaydi. Shuningdek, buning uchun xohishning o‘zi kamlik qiladi. Oddiy qishloq yigitining ko‘z ilg‘amas mayda narsa-buyumlardan muhim va kerakli qurilmalar yaratishi kishini chindan hayratga soladi. Havasga, harakatga undaydi.

Hammasi juda oddiy boshlandi. Mahallasidagi ko‘zi ojiz kishining doimo qiynalib harakat qilishi, mudom atrofdagilar ko‘magiga ehtiyoj sezayotgani Dilshodbekni yangilikka undadi. U mahalladoshiga yordam berishga ahd qildi. Avvalo, kerakli vositalarni topdi: parda ilinadigan karniz, velosipedning nur qaytargich chirog‘i, avtomobillarning orqaga harakatlanishda signal beruvchi sensorli qurilmasi va o‘zi tergan mikrosxema. Bir necha kunlik qayta-qayta o‘tkazilgan kichik tajribalardan so‘ng ish bitdi – “aqlli” hassa tayyor.

Undan qanday foydalanish haqida qahramonimizning o‘zidan eshitsak:

– Hassadagi sensorli qurilma ko‘zi ojiz kishilarni biror to‘siq yoki chuqurga yetishga bir yarim metr qolganda ovozli signal va tebranish (vibratsiya) bilan ogohlantiradi. Eng muhimi, hassa qimmat emas, shuningdek, uni yurtimizda ko‘plab ishlab chiqarish imkoni bor.

Dilshodbekning boshqa ixtiro-loyihalari ham sizni qiziqtirishi tabiiy. Piyoda qadami ishqalanishidan quvvat olib yonib turuvchi svetofor ham shular jumlasidan. Buning yasalish uslubi ham juda oddiy: eski va keraksiz bo‘lib qolgan ovoz chiqaruvchi kolonkalarning ichidan mis plastinkalar chiqarib olinadi. Piyodalar yo‘lagining ikki tomoniga mis simlar joylashtirilgach, energiya yig‘uvchi manbaga ulanadi. Yo‘lakdan o‘tayotgan har bir odam harakatidan 2 kilovolt tok yig‘ilarkan. Natijada svetoforning uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Eng qizig‘i, bu yerdan o‘tayotgan avtomobillar ham energiya yig‘ishi mumkin ekan. Ana sizga yangilik – xarajatsiz, qulay va tejamkor.

Qahramonimizning bu kabi innovatsion g‘oyalari ko‘p. Quyosh energiyasida ishlovchi ventilyator, biz “baklajka” deb atovchi plastik idishlarni qayta ishlab, uy supurgisi ishlab chiqaradigan dastgoh, uydagi elektr jihozlarini masofadan o‘chiruvchi boshqaruv pulti... Ajoyibi, issiqxonalarni isitish uchun quyoshdan energiya oladigan kichik moslama. To‘g‘ri, shunga o‘xshash uskunalar hayotimizga kirib kelgan. Ammo ularning narxi juda qimmat. Dilshodbekning g‘oyasi esa ana shu muammoni yechishga yordam bersa, ne ajab.

Tan olishimiz kerak, Dilshodbek taklif etayotgan yangiliklar hali mukammal emas. Ularni chuqur laboratoriya tekshiruvlarisiz turmushimizga tatbiq etishimiz ham qiyin. Biroq bizni mamnun etadigan eng muhim va katta jihat shuki, Dilshodbekning niyati ezgu, samimiy. U kimgadir yordam bermoqchi, kimningdir og‘irini yengil qilishni istaydi. Shu orqali yurtiga, xalqiga, yaqinlari va ota-onasiga kerakli inson ekanligini isbotlash niyatida. Nazarimizda, sizni xursand qilayotgan, Dilshodbekning katta yutuqlariga umid bag‘ishlayotgan xushnudlik ham aslida shu.

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.