Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vodiy nasimlari

“Yosh tarjimon” – “Young translator” tanlovimizning g‘oliblaridan biri Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 43-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Dinora Qurbonaliyeva. G‘olibimizga tanlov sovrinini topshirishda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Orifjon aka Dehqonov menga hamroh bo‘ldi. Maktab darvozasi oldiga yetib kelishimiz bilan viloyat teleradiokompaniyasi operatori tasvirga olishni boshlab yubordi. Direktor Murodbek aka Kattabekov bizni ichkariga chorladi.

Maktab nafaqat tuman va viloyatda, respublikada ham tilga tushgan ekan. Ta’lim dargohida do‘ppido‘zlik, zardo‘zlik, badiiy gimnastika, boks, taekvando singari o‘nlab fan va sport to‘garaklari faoliyat ko‘rsatadi. Dinora Zulfiya Qo‘ziyeva rahbarlik qilayotgan ingliz tili to‘garagiga a’zo ekan. Bundan tashqari u “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan turli intellektual tanlov va musobaqalarda ham muntazam ishtirok etadi. Badiiy kitoblar o‘qishni sevadi. Boshlang‘ich sinfda o‘qigan Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” dostoni unda adabiyotga mehr uyg‘otgan ekan.

– Kelajakda tarjimon bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman, – deydi Dinora. – Buning uchun ko‘p o‘qib, tinimsiz izlanish kerakligini ham bilaman. Shu bois, til o‘rganish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida sevimli jurnalim “Gulxan”dagi tanlov shartlarini bajarishga urinib ko‘rdim. G‘olib bo‘lishni xayolimga ham keltirmagandim. Bu kutilmagan voqeadan ochig‘i, hayratdaman. Ushbu kun men uchun unutilmas bo‘lib qoladi. Ustozlarim hamda jurnal ijodkorlariga minnatdorligimni qanday izhor etishni ham bilmayman...

Dinora sabab tengdoshlarining, maktabdoshlarining orzulari, jurnal haqidagi takliflari bilan fikrlashib, kelajakda hamkorlik rejalarimiz yuzasidan samimiy suhbatlashib oldik. Mazmunli va ajoyib uchrashuvdan so‘ng mushtariylar bilan xayrlashib yo‘lga otlandim. Vodiyga kelganimdan xabar topgan muxlislar Uchko‘prik tumanidagi 22-maktabga taklif qilishdi. Bu yerdagi uchrashuv ham bayramona ruhda o‘tdi. O‘quvchilar o‘zlari yozgan she’rlardan namunalar o‘qishdi. Jurnal haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. O‘quvchilarning deyarli barchasi “Gulxan” muxlisi ekan. Bu jurnal sahifalarini yoddan aytib berganidan ham yaqqol ko‘rinib turardi. Ular nafaqat jurnalxonlikda, fan olimpiadasi va “Bilimlar bellashuvi”da ham tumanda o‘z o‘rniga ega ekan. 2018–2019-o‘quv yilida o‘tkazilgan tuman fan olimpiadasida geografiya fanidan 10-sinf o‘quvchisi Gulbahor Erkinova va kimyodan 11-sinf o‘quvchisi Umidaxon Rasulovalar viloyat bosqichiga yo‘llanma olishibdi.

Jurnalxonlar uchrashuvdan bir olam taassurotga ega bo‘lishganini yashirib o‘tirishmadi. Qalblari beg‘ubor orzularga to‘la, bilimga chanqoq yoshlarning yutuqlaridan quvonib, ularga omadlar tiladim. Dilimda ajib hislarni tuydim-u, vodiyning yoqimli nasimi og‘ushida ortga qaytdim.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.