Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangi ixtirolar

Mitti qurilma orqali antiqa robot yoki jajji avtomobilni boshqarayotgan, ko‘pqavatli uylar tomida bog‘ barpo etayotgan tengdoshlaringizni ko‘rganda ularga havasingiz kelishi tayin. Ayniqsa, bu texnikalarni bolalarning o‘zi yasagan bo‘lsa, qiziqishingiz yanayam ortadi.

Yaqinda yosh ixtirochilar o‘rtasida “Bolalarning texnik ijodkorligi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilayotganini xabar qilishdi. Bu gal yosh kashfiyotchilar bizni qanday ixtirolari bilan qoyil qoldirar ekan, degan qiziqish bilan “Yoshlar ijod saroyi”ga borganimda, old chiroqlarini yoqqancha g‘izillab ketayotgan mitti mashinaga ko‘zim tushdi. Vo ajab, shu kichkinagina mashina o‘zi yurayaptimi desam, uni pult orqali Azizbek ismli bola boshqarayotgan ekan. Azizbek dadasining televizor va radio sozlash ustaxonasida yordam berib yurgan kezlari “Kuzatuv mashinasi” ixtiro qilish haqida o‘ylab qolibdi. Bu pult orqali avtomobilingizni mashina kirishi mumkin bo‘lmagan hududlarga yo‘naltirsangiz, uning ustki qismiga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi sizga barcha kerakli ma’lumotlarni yetkazarkan. Azizbekning kelajakdagi orzusi – mashinasiga kran o‘rnatish. Uning yordamida xavfli buyumlarni zararsizlantirib, chiqindixonalarga tashishni rejalashtirmoqda. Jajji muhandis Azizbek Ne’matov Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi 29-maktabning 5-sinfida o‘qimoqda.

Ko‘rik-tanlovning yana bir qatnashchisi, Namangan shahridagi 79-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Hasanboy Jamoliddinov tengdoshlari uchun ajoyib qurilma yaratibdi. Ko‘rinishi kompyuterga o‘xshagan “Bilimdon” elektron o‘yinchog‘ida turli fanlarga doir savol-javoblar joylashtirilgan. Hasanboyning aytishicha, bilimini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan o‘quvchi aniq javobni topib tugmachani bosganda, o‘yinchoqdan musiqa tovushi chiqarkan. Bu qurilmani ixtiro qilishdan maqsad – o‘quvchilarni turli o‘yinlar orqali bilim darajasini aniqlash. Agar har bir tengdoshingiz Hasanboydek o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi haqida o‘ylaganda edi, orangizda dangasa o‘quvchi qolmasdi, shunday emasmi?

Vatanimiz harbiy salohiyatining yuksalishida transport va harbiy texnikaning o‘rni beqiyosligini anglagan yana bir ixtirochimiz Jobir Tursunboyev Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 35-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. U “Kemasozlik” yo‘nalishida “Harbiy kema”si bilan qatnashdi. Yangi ixtironing boshqa kemalardan farqi – uning palubasida tank va 100 dan ortiq harbiy samolyot joylashadigan aerodromi bor. Kema lokatorlari havo orqali yaqinlashayotgan xavfni aniqlashga yordam beradi. Lokatorlarga o‘rnatilgan qizil chiroq yonishi bilan samolyotlar himoyaga tayyorlanarkan. Kemaning qulay tomonlari ko‘p ekan-da, deb tursam, Namangan viloyati Norin tumanidagi 10-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Quvonchbek Jaloliddinov yasagan “Do‘stlik” kemasi undan ham murakkabligini aytib qolishdi.

Ixtirochi sayohat qilishga mo‘ljallagan kemada yotoqxona, ovqatlanish va dam olish xonalaridan tashqari mini futbol maydonchasi borligini ham ko‘rsatdi.

– Qoyil-ey, Quvonchbek, – dedim unga, – endi futbolni yaxshi ko‘radigan yo‘lovchilar dengiz bo‘ylab sayohatga hech ikkilanmasdan chiqishadigan bo‘pti-da. Agar siz ixtiro qilgan kema kelajakda hayotga tatbiq etilsa, sayohatchilar istagan paytlarida bemalol futbol o‘ynashlari mumkin ekan-da.

Tengdoshingiz Umarbek esa istirohat bog‘larida, bolalar maydonchalarida dam olishni yoqtiradi. Shuning uchunmi, u tanlovda “Bolalar o‘yingohi” maketi bilan qatnashmoqda. Bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga mo‘ljallangan o‘yingohda dam olish o‘rindiqlari, arg‘imchoq, favvoralar joylashgan bo‘lib, maket oddiy karton qog‘ozdan yasalgan. O‘yingohni yasashda rangli qog‘oz, gururt va sanoq cho‘plari, plastilindan foydalangan. Ixtirochimiz kelajakda chekka-chekka qishloqlarda chinakam o‘yingohlar yaratish niyatida ekan. Umarbek Usmonov Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi 7-maktabning 4-sinfida o‘qiydi. Bo‘sh vaqtlarida rasm chizishni yoqtiradi.

Milliy boyligimiz “oq oltin”ning yurtimiz ravnaqi uchun qanchalik muhim ekanligini barcha bolalar yaxshi bilishadi. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 8-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Javlonbek Do‘styorov Robototexnika yo‘nalishida “Paxta terish mashinasi” modeli bilan ishtirok etdi. Ustki qismi toshbaqa kosasiga o‘xshash bu traktor quyoshdan energiya oladi. Traktorga o‘rnatilgan kompyuterlashtirilgan robot qo‘llar tergan paxtalar vakuum orqali bunkerlarga to‘kiladi. Bir vaqtning o‘zida yonilg‘i va qo‘l mehnatining tejalishiga mo‘ljallangan bu mashina paxtaning toza terilishini ta’minlar ekan. Agar Javlonbekning ixtirosi amaliyotda qo‘llanilsa, traktorlardan chiqayotgan zaharli gazlarning atmosferaga tarqalishining ham oldi olinarkan.

Tanlov kechgacha davom etdi. Kun bo‘yi ixtirolar olamida sayr qildim. Respublikamizning turli hududlaridan kelgan yosh kashfiyotchilarning maqsad va orzulari haqida eshitib, yurtimiz ravnaqi mana shunday sog‘lom fikrli yoshlar qo‘lida ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.