Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yengilmas Samandar

Jizzax elining norquvvat yigitlari, ular ko‘rsatgan mo‘jizaviy yutuqlar haqida necha yilki afsona yuradi: emishki, Temur o‘zining asl bahodirlarini aynan shu zamindan saralab olgan. So‘zi-yu ko‘zi chaqmoqdek yonib turgan alplarning bugungi avlodi ham ajdodlariga munosib – jasur va yengilmas.

Samandar viloyatning G‘allaorol tumanidan. To‘qqiz yoshidan boks sport turi bilan muntazam shug‘ullanadi. Otasi duradgor bo‘lishiga qaramay, farzandini sog‘lom va barkamol inson bo‘lib voyaga yetishishini istadi. O‘g‘lini go‘dakligidan turli mashqlar yordamida chiniqtirdi. Yozning jaziramasi-yu qishning zahrida tanini tobladi. Ruhini yanada boyitish uchun bobolar jasoratidan afsonalar aytib berdi. Vataniga, oilasi va yaqinlariga jonfido va mard yigit bo‘lib yetishishiga umid qildi.

To‘qqiz yoshga kirganda Samandarning otasi uni tuman markazidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabiga olib bordi. Yosh bolakayning abjirligi va chaqqonligidan hayratlangan murabbiylar Samandarni sportning boks turi bilan shug‘ullanishini tavsiya qilishdi. Shu tarzda tajribali murabbiylar qo‘lida mashg‘ulotlarga kirishgan qahramonimiz tez orada ko‘zga tashlandi. Tengqurlari orasida o‘zining harakatchanligi bilan hurmat qozondi.

Yillar davomida ustozlaridan boksning ming asrorini o‘rgangan Samandar birin-ketin viloyat va respublika miqyosidagi sport musobaqalarida qatnasha boshladi. Shunisi quvonarliki, u bu bahslardan faqat g‘olib bo‘lib qaytdi. G‘alabalarni nomma-nom sanashning hojati yo‘qdek. Viloyat boks arenalaridagi 15 ta, respublika miqyosidagi 3 ta hamda 5 ta xalqaro musobaqalardagi faqat g‘alabalardan iborat janglar yosh Samandarning mahoratiga haqiqiy baho beradi. Qahramonimiz bunday muzaffar yurishlar natijasida yosh bokschilar orasida “yengilmas” degan faxrli nomga ega bo‘ldi.

Iqtidorli bokschimiz Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqasida munosib ishtirok etdi. Natijada boks bo‘yicha o‘z vazni (49 kg) toifasiga ko‘ra musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Ota-onasining, ustozlarining ishonch-u umidlarini oqladi. Shu yilning 1–7-iyul kunlari Tailandning Bangkok shahrida yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Bir necha katta bellashuvlar g‘olibiga aylanib kelayotgan umidli bokschimiz Samandar Xolmurodov mazkur xalqaro musobaqada ham o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘la oqladi. Asli chapaqay bo‘lgan Samandar barcha raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatadi. Avvaliga iroqlik va indoneziyalik bokschilarni ikkinchi raunddayoq nokautga uchratgach, keyingi tur bahslarida xitoylik charm qo‘lqop ustasini 4-1 hisobida mag‘lub etdi. Mutloq g‘olibni aniqlab beradigan so‘nggi tur bahsida esa jahon chempioni, hindistonlik Sachinni 5-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shu tariqa yengilmas hamyurtimiz Samandar Xolmurodov Osiyo chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Ayni damda 2018-yil Argentinada bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon olimpiadasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgan qahramonimizning oldiga qo‘ygan maqsadlari yuksak:

– Orzularim ko‘p. Kelgusi musobaqalarda ham g‘alaba qozonib, yutuqlarim sonini oshirishni istayman. Faoliyatimni professional boksda davom ettirish niyatim bor. Buning uchun tinimsiz mehnat qilishim, xalqimiz duosini olishim zarurligini his qilib turibman.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.