Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yigirma yillik orzu

1998-yil. Erkin kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida hamyurtimiz Dilshod Mansurov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Dunyo sporti sahnasida yana bir chempion paydo bo‘ldi.

Oradan yigirma yil o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida dunyoning bir qator mamlakatlarida kurash bo‘yicha ko‘plab turnirlar, chempionatlar o‘tkazildi. Bizning polvonlar har safar so‘nggi bahslarda imkoniyatni boy berib qo‘yishar, necha yillik orzular ijobati yana keyinga surilardi, to Jamshid Ma’rufov gilamga chiqmaguncha. U joriy yilning iyul oyida Xorvatiyaning Zagreb shahrida erkin kurash bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida bu “an’ana”ni o‘zgartirdi, xalqimizning yigirma yillik orzusini ushaltirdi. Jamshid Zagreb kurash maydonlarida barcha raqiblarini yengib, bizga uzoq kutilgan oltin medalini taqdim etdi va jahon chempionligiga erishdi.

Jamshid Ma’rufov 2001-yilning 8-avgustida Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tug‘ilgan. Ayni chog‘da Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining 10-sinfida tahsil olmoqda. Bu yerda iqtidorli murabbiy Dilhayot Jo‘rayev qo‘l ostida sakkiz yildan buyon sportning erkin kurash turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Shu davr mobaynida u sport ustasi normativini to‘la bajardi, bir necha bor O‘zbekiston chempionati va kubogi bellashuvlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onalaridan joy oldi.

– Biz Jamshid bilan deyarli har kuni mashg‘ulot o‘taymiz, – deydi murabbiy Dilhayot Jo‘rayev. – Menga uning o‘ta tirishqoqligi va mehnatsevarligi yoqadi. Jamshid maqsadga erishish uchun o‘zini ham, atrofdagilarini ham ayamaydi. Uning chempion bo‘lganligidan biz ham juda xursand bo‘ldik. Hozir u bilan Yaponiyada o‘tishi rejalashtirilgan Butunjahon yozgi olimpiya o‘yinlarida davlatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun tayyorlanyapmiz.

Zagreb shahriga Jamshidga o‘xshab musobaqada qatnashish uchun kelgan polvonlar ko‘p edi. Ular ham o‘z millatining faxri, g‘ururi. Bu yerga shunchaki kelmaganligini isbotlash uchun butun iqtidorini ko‘rsatishi, tabiiy. Gilamga 55 kilogramm vazn toifasida chiqqan Jamshid avval isroillik (10: 0), so‘ngra armanistonlik (sof g‘alaba), rossiyalik (10: 0) va italiyalik (5: 4) raqiblarining kuragini yerga tekkizdi. Finalda yaponiyalik Xayyato Fujitaga qarshi kurash olib borib raqibidan 4: 3 hisobida ustun keldi va jahon chempionatining oltin medaliga ega bo‘ldi.

G‘alaba munosabati bilan Jamshid tahsil olayotgan Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimligi, sport mutasaddilari, maktab-internatning o‘qituvchi va o‘quvchilari, chempionning ota-onasi, yaqinlari ishtirok etdi. Tadbir so‘ngida quvonchi va hayajonini yashirolmagan Jamshid barcha yaqinlariga minnatdorlik bildirdi:

– Rostini aytsam, bu g‘alabamga to‘la-to‘kis ota-onam munosib, deb o‘ylayman. Har qanday insonning, xoh u mashhur, xoh u oddiy odam bo‘lsin, ortida bir mehriboni, suyanchig‘i bo‘lishini istaydi. Shubhasizki, mening ishonchli do‘stlarim, avvalo ota-onam va ustozlarimdir. Ularni bag‘rimga bosib, doimo baxtimga bor bo‘ling, deb qolaman.

Shundan so‘ng barchaning nigohi davra to‘riga qadaldi. U yerda hozirgina yuragiga yanada mustahkam kirib borgan quvonch va g‘ururdan namiqqan qaroqlarini artayotgan Jamshidning ota-onasi dilbandiga katta mehr bilan qarab turardi.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.