Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yutuqlar kaliti

Jurnalimizda e’lon qilingan “Yosh tarjimon” tanlovi sovrindori Durdona Xudoyberganova Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 7-maktab o‘quvchisi. G‘olibni taqdirlash uchun Bo‘kaga yo‘l oldik.

– 7-maktab tumanimizning eng chekkasida Tojikiston bilan chegaradosh O‘rtatepa qishlog‘ida joylashgan. Maktab kichkina, lekin yutuqlari katta. “Zamonaviy ta’lim samaradorligiga erishgan ta’lim muassasasi” nominatsiyasi g‘olibi. Tumanimizda 49 ta maktab faoliyat yuritadi. 7-maktab kuchli o‘nlikdan joy olgan, – deyishdi tuman xalq ta’limi bo‘limidagilar. Maktabning deyarli barcha o‘quvchilari “Gulxan” jurnalining muxlisi. Bolalar bilan suhbatlashgach fikrimiz nechog‘li to‘g‘riligiga ishonch hosil qilasiz.

– O‘rtatepa “Obod qishloq” dasturiga kirgan ekan, maktabingiz ham yangidan quriladimi? – so‘radik hamrohimiz, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdurashid Muhamedovdan. Abdurashid aka miyig‘ida kulib qo‘ydi-yu, indamadi. Bu tabassum ma’nosini manzilga borgach tushundik. Chunki ro‘paramizda zamonaviy tipdagi ko‘rkam bino turardi-da.

– Qishlog‘imizda o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar o‘zaro do‘st-birodar bo‘lib yashaydi. O‘quvchilarimiz tojik, qirg‘iz tillarini ham o‘z ona tillaridek o‘zlashtirgan. Ingliz tilini ham mehr bilan o‘rganishmoqda. Negaki, bu tilda saboq beradigan ustozlarimiz Sohiba Norjigitova, Alijon Sobirov, Farhod Abdiyevlar shogirdlarini qanday qilib qiziqtirishni yaxshi bilishadi. Bugun maktabimizni respublikaga tanitgan “Gulxan” tanlovi g‘olibi ingliz tilini o‘rganishda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan Durdona Xudoyberdiyeva – bizning faxrimiz. Ingliz tili to‘garagi rahbari Sohiba Norjigitovaning tirishqoq shogirdi, – suhbatni boshlaydi maktab direktori Donoxon Jumaboyeva. – U “Bilimlar bellashuvi”da tumanda birinchilikni qo‘lga kiritdi. Hozir viloyat bosqichiga tayyorlanyapti. Ingliz tilida bemalol gaplasha oladi. Yaqinda maktabimizga mehmon bo‘lib kelgan O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ham uning iste’dodiga yuksak baho berdi, – faxrlanib qo‘ydi direktor.

– Inglizcha gapirishni besh yoshimdan boshlaganman. Gulbadan opam menga inglizcha rasmli kitoblar sovg‘a qilganlar. Undagi topishmoqlarni o‘qib, o‘zbekcha tarjimasini ham aytib berganlar. Shunday qilib inglizcha xandalar, kichik she’rlarni o‘qish bilan bu tilga qiziqib qolganman, – deydi Durdona. – Alijon ustozning aytishicha, inglizchani qofiyadosh so‘zlardan o‘rganishni boshlaganim uchun qiynalmagan ekanman. Oilaviy kutubxonamizda o‘ndan ortiq ingliz tilidagi kitoblar bor. Hozir ulardagi kichik hikoyalar, hangomalarni tarjima qilyapman. Bu esa tilni kengroq tushunishimga, yaxshiroq o‘zlashtirishimda qo‘l kelyapti. Sportning voleybol, gandbol turlari bilan ham shug‘ullanaman.

Maktab o‘quvchilari fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi”da bu yil ham tumanda yuqori ko‘rsatkichlarga erishibdi. 10-sinf o‘quvchisi Azizbek Hasanov “Eng yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida muvaffaqiyatli qatnashdi, 5-sinf o‘quvchisi Rayhona Boyboqova esa shaxmat bo‘yicha tuman birinchiligini qo‘lga kiritdi. 4-sinf o‘quvchisi Oyisha Burgutboyeva badiiy gimnastika musobaqasida viloyat g‘olibi bo‘ldi. Nozima To‘rayeva, Umid Erkaboyev, Rasulbek Norjigitovlar fan olimpiadasida fizika, kimyo, matematika, tarix fanlaridan tumanda ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

– O‘quvchilarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar birinchi navbatda Mohira Jumaboyeva, Karima Qo‘chqorova, Lolaxon Nazarova, Jumagul Bekboyeva, Farrux Obidov kabi 40 dan ortiq fidoyi ustozlar mehnati samarasi bo‘lsa, ikkinchisi bolalarimizning kitobga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan, – deydi Abdurashid aka. – Dilfuza opa Sulaymonova bolalarni qiziqtirgan, ularga ma’qul mualliflar asarlari bilan kutubxonani boyitishga harakat qiladi. Hozir kutubxonamizda 3000 dan ortiq kitob bor. Bir yilda ikki marta kitob marafoni o‘tkazamiz. Mahalla fuqarolar yig‘ini, ota-onalar, maktabimizning sobiq o‘quvchilari bo‘lgan tadbirkorlar kutubxonaga yuzlab badiiy kitoblar sovg‘a qilishadi. Yoshlar ittifoqining tuman kengashi ham “kitoblar karvoni” uyushtirib, kutubxonamiz boyishiga yordam beryapti.

Biz maktab faoliyati bilan tanishgach, g‘olibamizga sovg‘alarni topshirish uchun faollar zaliga kirdik. Bu yerga qishloqning faollari, ota-onalar mahalla faollari ham yig‘ilishibdi. Taqdimotimiz uchrashuvga, samimiy suhbatga aylanib ketdi. Ishtirokchilar qishloq bolalarini barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishida ustozlar mehnatini qayta-qayta ta’kidlashdi, iste’dodlarni yuzaga chiqarishda munosib hissa qo‘shayotgan “Gulxan” jurnaliga minnatdorlik bildirishdi. Bundan buyon ham jurnal bilan hamkorlikni davom ettirishga, muxlislar sonini oshirishga so‘z berishdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.