Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zukko bolalar davrasida

Aziz bolajonlar! Sevimli nashringizning iyul oyi sonida Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Quyoshli” oromgohida hordiq chiqarayotgan tengdoshlaringiz va u yerda yaratib berilgan qulay shart-sharoitlar haqida so‘z yuritgandik. Albatta, oromgoh tarbiyalanuvchilariga chinakamiga havas qilish mumkin. So‘lim bog‘ quchog‘ida o‘tkazilayotgan davra suhbatlari, bir-biridan qiziq o‘yinlar, turli to‘garak guruhlari... Eh-he, qay birini aytaylik.

Hozir sizga tanishtirmoqchi bo‘layotgan mana bu a’lochi va zukko o‘quvchilar o‘z bilim va harakatlari natijasida mazkur oromgohda imtiyozli dam olish huquqini qo‘lga kiritishgan. Ya’ni, mamlakatimiz miqyosida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Bilimlar bellashuvi” tanlovining g‘olib va sovrindrorlari hisoblanishadi. Keling, ularning fikrlariga quloq tutaylik. Va o‘rnak sifatida siz ham bilimingizni yanada boyitib boring. Balki kelgusi yozgi ta’til davomida aynan siz mazkur oromgohda hordiq chiqarish imkoniyatini qo‘lga kiritarsiz.

Marhamat, tanishing:

Muhammadqodir Toshpo‘latov – Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi 10-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha 2-o‘rin sohibi.

– Mazkur tanlovda “Non – aziz ne’mat” nomli ijodiy bayonim bilan qatnashdim. Albatta, xalqimiz uchun aziz sanalgan non bizning rizq-ro‘zimiz. Dasturxonlarimizning fayzi va to‘kinligi ham avvalo, non bilan belgilanadi. Men o‘z bayonimda mana shu fikrlarimni keng va misollar yordamida yoritib berishga harakat qildim.

Dilfuza Iskandarova – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahridagi 28-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. Qoraqalpoq tili va adabiyot, fani bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi.

– O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari azaldan do‘st va inoq, o‘xshatish kerak bo‘lsa, bir mayizni teng bo‘lib yashashgan. Men bu yerda o‘zbek, rus, qozoq va boshqa ko‘plab millatlarga mansub tengdoshlarim bilan tanishdim. Ularning fikr va o‘ylari, kelajakda oldiga qo‘ygan maqsadlari meniki bilan mushtarak ekanligidan xursand bo‘ldim.

Muhayyo Umaraliyeva – Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumanidagi 1-IDUMning 9-sinf o‘quvchisi. Ingliz tili fani bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi.

– Bugungi kunda chet tillarini puxta bilishni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Hattoki biror xorij davlatiga sayohat qilish davomida ham o‘sha xalq tilida erkin muloqot qila olish sizga ko‘plab imkoniyatlarni beradi. Men ingliz tilini yanada puxta o‘rganib, yurtimiz ravnaqi uchun chin dildan mehnat qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Samandar Jumanazarov – Toshkent shahridagi 46-maktabning 6-sinf o‘quvchisi. Matematika fani bo‘yicha faxrli o‘rin sohibi.

– To‘g‘risini aytsam, matematikaga avvallari unchalik qiziqmasdim. Keyinchalik tushunib yetdimki, hayotda bu fanning o‘rni va ahamiyati juda katta ekan. Fikrlarimni oromgohda birga dam olayotgan boshqa tengdoshlarim ham ko‘p bor ta’kidlashmoqda. Kelajakda mazkur fanni chuqur o‘rganib, yetuk mutaxassis bo‘lish niyatidaman. Bu mening eng katta orzularimdan biri.

Mahbuba G‘afurova – Namangan viloyati, Namangan tumanidagi 15-maktabning 7-sinf o‘quvchisi. Fransuz tili fani bo‘yicha 3-o‘rin sohibasi.

– So‘nggi vaqtlarda fransuz adiblarining kichik-kichik asarlarini o‘qib boryapman. Ayniqsa, Moris Dryuon, Viktor Gyugo, Jorj Sand kabi Fransiya adabiyotida katta iz qoldirgan yozuvchilarning yozganlari meni qiziqtirib qo‘ymoqda. Shu maqsadda bu tilni yanada mukammal egallab, farang ijodkorlarining turli janrdagi asarlarini o‘z ona tilimizga tarjima qilish niyatim bor.

Sarvinoz Berdimurodova – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus tumanidagi 1-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. O‘zbek tili fani bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi.

– Tanlov davomida mavjud bilimlarimni yanada boyita oldim, deb o‘ylayman. Chunki o‘zbek tili men o‘ylaganimdan ham boy tarixiy ildizlarga ega ekan. Bu ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish va hali ochilmagan qirralarini o‘zlashtirish zarurligini ham tushunib yetdim. Kelgusida mazkur yo‘nalishda ilmiy ish qilib, o‘ylagan rejalarimni amalga oshirish niyatidaman.

Jamshid Rashidov – Toshkent shahridagi AFIDUMning 6-sinf o‘quvchisi. Rus tili fani bo‘yicha Toshkent shahar bosqichi 3-o‘rin sohibi.

– Rus tili dunyo tan olgan kam sonli xalqaro tillardan biri. Shu bois bu tilda ko‘plab ilmiy-texnikaviy, adabiy-badiiy asarlar yaratilgan yoki tarjima qilingan. Qiziqishlarim sabab rus tilining keng imkoniyatlarini o‘rganishni boshladim. O‘ylaymanki, rus va o‘zbek tillarining ijodiy hamkorligini mustahkamlashga o‘z hissamni qo‘shaman.

Sherzod Norqobilov – Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 7-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. Ingliz tili fani bo‘yicha 3-o‘rin sohibi.

– Bizning viloyat maktablarida ham bugungi kunda ingliz tili juda keng miqyosda o‘qitilmoqda. Tengdoshlarimning bu fanga bo‘lgan qiziqishlari kundan-kun oshib borayotganligini ko‘rib sevinib ketaman. Ustozlarimiz ham har darsda, “Qancha ko‘p til bilsang, dunyoni shuncha ko‘p anglay borasan. Bejizga “Til bilgan el biladi”, deyilmaydi”, deya tez-tez ta’kidlaydi. Kelajakda maqsadlarim ko‘p.

Keling, suhbatimizni shu yerda yakunlaylik. Aslida sizga o‘z fikrlari, qiziqishlari va orzulari haqida so‘zlab bermoqchi bo‘lgan tengdoshlaringiz juda ko‘p. Farg‘ona viloyatidan Mohidil Soliyeva, Baxtiyor Salimjonov, Sadriddin Ma’mirov, Sitora Ibrohimova, Namangan viloyatidan Kamola Nosirova, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Ozoda Jaqsimuratovalar ham sizlarga o‘z ezgu tilaklarini bildirib qolishdi.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.