Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tanishing g‘oliblar

Agar bolalarimizning sevimli yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev hayot bo‘lganlarida 2022-yilning  dekabr oyida  to‘qson yoshga to‘lardilar. Ana shu munosabat bilan   Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti, Xalq ta’limi vazirligi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda  “Gulxan” jurnali  bilan hamkorlikda   ardoqli adibimiz xotirasiga bag‘ishlab “Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari  muxlisiman” nomli  an’anaviy  insholar tanlovi o‘tkazildi. Tanlov 10-14 hamda 15-18  yosh doirasida onlayn tarzda o‘tkazildi. G‘oliblar  qanday mukofotlar bilan taqdirlanganini ijtimoiy tarmoqlardan bilib olgansiz, albatta. Tanlovdan ma’lum bo‘ldiki, respublikamiz o‘quvchilari Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarining chinakam muxlislari ekan. Bu mehr qo‘limizga kelib tushgan 10 mingga yaqin insholarda o‘z  ifodasini topgan. Xabaringiz bo‘lsa, tanlov nizomida  g‘olib insholar  “Gulxan”da e’lon qilinishi aytilgan edi.  Va’daga vafo qilib ushbu sonda 10-14 yoshli  o‘quvchilar doirasida g‘olib, deb topilgan inshoni e’tiboringizga  havola qilmoqdamiz.  Bu insho samimiyligi, hayotiyligi bilan sizlarga ham manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.

 

INSHO

UCHRASHUV BERGAN ISHONCH

REJA:

1.Buyuk maqsadlar sari yetaklagan uch­rashuv

2.Bolalarning sevimli yozuvchisi

3.Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarining hayotimdagi o‘rni

 

2018-yil 12-aprel. Bu mening hayotimni o‘zgartirgan, ulkan maqsadlar sari dadil qadam tashlashim uchun sabab bo‘lgan kun. Maktabimiz peshtoqidagi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tishi haqidagi e’lonni o‘qib, juda xursand bo‘lib ketdim.

–Nahotki, o‘sha buyuk yozuvchi bizning maktabga kelsa, juda ajoyib-ku, ustoz, – deb sevindim.

–Ha, albatta. Ustozning asarlarini yana ham chuqurroq o‘qing, o‘zingizni qiziqtirgan savollaringizga javob olasiz.

Nihoyat, men or­ziqib kutgan kun ham keldi. Sevimli yozuvchim – maktabimda. U kishi juda xushfe’l, samimiy kishi ekanlar. Xudoyberdi bobom o‘z hayot va ijodlari haqida gapirar ekan, mening havasim ortib borardi. Ustozga o‘zim yozgan “Vijdonli kitob”, “Uchar paypoq” nomli she’rlarimni o‘qib berdim.

– Bolam, necha yoshsan? Isming nima?

– O‘n yoshman. Ismim – Otabek.

– She’rlaring juda ajoyib. Anvar Obidjon she’rlarini ko‘p o‘qiysan chog‘i. Agar ko‘p kitob o‘qisang, o‘z ustingda ishlasang, maktabda besh bahoga o‘qisang, sendan katta shoir chiqadi. Bilasan-a, Otabeklar buyuk bo‘ladi.

–Albatta, she’rlarim yoqdimi sizga?

–Nafaqat menga, zaldagi hammaga yoqdi.

–Rahmat!

Bilasizmi, bu mening hayotimdagi unutilmas kun edi. Axir, Xudoyberdi To‘xtaboyevdek yozuvchi menga ishonch bilan shoir  bo‘lasan desa-ya. Uchrashuvdan so‘ng she’rlarimni ustozga berdim, ular yaxshi she’rlarimni gazeta va  jurnallarda berishni aytdilar va menga “Besh bolali yigitcha”, “Shirin qovunlar mamlakati” kitoblarini sovg‘a qildilar.

–   Faqat, o‘qigin, yodingda bo‘lsin: sening eng yaqin do‘sting ham, qanoting ham kitoblardir, bolam.

Ustozning bu o‘gitlaridan angladimki, maqsad yo‘lida har qanday sinovlarni yengib, harakat qilish lozim. Men ham buyuk shoir bo‘laman. O‘zbek bolalar adabiyotini dunyolarga tanitaman,  deb niyat qildim.

Xudoyberdi To‘xtaboyev deyilganda, albatta, “Sariq devni minib” asari ko‘z oldimga keladi. Bu asarni o‘qimagan bola bo‘lmasa kerak. Mehribon onajonim uni menga 8 yoshimda o‘qib bergan edilar. Onam uy yumushlarini tezroq bajarishlarini betoqat bo‘lib kutar edim. Asar voqealari rivojiga juda qiziqar, har kuni shu kitob yuzasidan bahs-munozara olib borar edik.  Kitobni o‘qib bo‘lgach Xudoyberdi  To‘xtaboyev mening sevimli yozuvchimga aylangan. U – nafaqat mening balki, barcha bolalarning sevimli yozuvchisi.

Adibning “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Qasoskorning oltin boshi” nomli romanlari o‘zbek adabiyotiga o‘zgacha kayfiyat olib keldi. Bu asarlarni o‘qigan kitobxon o‘zi sezmagan holda tarbiyalanadi.

Bu asarlar yumorga boy: ularda bolalar hayoti, ularning o‘ziga xos tabiati, hissiyotlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda bolalarbop yo‘sinda mahorat bilan tasvirlanadi. Yozuvchi – o‘zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkor.

O‘ylaymizki, xorijlik bo­lalar ham Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarini berilib o‘qishadi.

Uning asarlari barcha bolalar uchun tushunarli, qaysi millat bolasi o‘qishidan qat’i nazar, uning sevimli kitobiga aylanadi.

Chunki, Hoshimjonning xatti-harakati juda ishonarli, jonli ifodalangan. To‘g‘ri, asarni o‘qigan inson kuladi, Hoshimjonning o‘rnida bo‘lgisi, uning kabi sehrli qalpoqchasi bo‘lishini orzu qiladi. Biroq, insonning bilimi bo‘lmasa, unga sehr-jodu ham yordam bera olmaydi. Odamlarni aldagan, ularni har xil vaziyatlarga tushirgan, sehr bilan ularni  hayron qoldirgan qahramonimiz Hoshimjon o‘zini aldayolmaydi. Bilimni hech qanday sehr bilan o‘ziga bo‘ysundira olmaydi. Bilimni faqat o‘qib-izlanib  topish kerakligini, kech bo‘lsa-da anglaydi.

“Besh bolali yigitcha” asarining bosh g‘oyasi, yetim bola obraziga singdirilgan mantiq yosh kitobxonni ezgu fazilatlarni o‘zlashtirishga o‘rgatish, baxtli kelajakka ishonish va hayot uchun kurashishdir.

Men Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarini o‘qiganimda, o‘zimga kerakli xulosalarni chiqaraman. Inson har doim ham hayot sinovlariga dosh beravermaydi. Qattiq sinovlar kelganda, taslim bo‘lish yo‘lini tanlaydi. Lekin, har qanday qiyinchilik ortida quvonch turadi. Biz hayotni Orifjondek sevishimiz, o‘z  aql-zakovatimiz bilan yuksak marralarni zabt etishimiz kerak. Bunga esa Hoshimjon o‘ylagandek oson  yo‘llar bilan borib bo‘lmaydi. Unga garchi mashaqqatli bo‘lsa-da, mehnat bilan erishmog‘imiz kerak. Ana shundagina asl inson nomini oqlagan bo‘lamiz. Bu – mening emas, ustozning bizga o‘giti.

  

Otabek SAYFULLAYEV,

Jizzax viloyati Zafarobod

tumani 3-maktab 8-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.