Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘z qadrini bilgan so‘z qadrini bilar

Xalqimiz asrlar davomida maqol, matal, hikmatli so‘zlar va iboralardan juda katta hayotiy tajriba to‘plagan. Shu tajriba bebaho meros sifatida turli vositalar bilan bizgacha yetib kelgan. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat nashriyotida chop etilgan “Ma’nolar maxzani” kitobi o‘quvchini asrlar osha sayqallanib kelgan so‘z durdonlalari bilan tanishtiradi. Kitobxon bu javohir so‘zlar tarixan qanday shakllangani va ularning mazmunini bilib oladi.

Bu noyob durdonlalarni sizga taqdim etishdan avval O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Erkin Vohidovning kitobga so‘zboshi sifatida berilgan quyidagi maqolasini taqdim etmoqdamiz. Sevimli shoirimiz xalq durdonlalariga o‘z munosabatini juda go‘zal talqinda ifoda etganki, ko‘pming sonli jurnalxonlarimiz uni albatta, o‘qishlari shart, deb o‘yladik.

Inson asli inson bo‘lib, qo‘li ishga, tili so‘zga kelib, bir-biri bilan muomala qila boshlabdiki, borlig‘i sirlardan iborat dunyoda yashash darsini o‘qiydi va to shu kungacha bu dars tugamagan. Eng buyuk donishmandlar umrlarini ilm-u fanga bag‘ishlab, jahon kezib, dunyo-dunyo kitob o‘qib, olamdan ketar chog‘i, men hayotdan hech narsa bilmay ketmoqdaman, deganlar. Ne ajab, hayot ilmini tugal anglamoqqa nafaqat bir inson umri, balki insonlar umri yetmaydi.

Yo‘l yurib ketayotgan insofli odam bexosdan chuqurlikka toyib ketsa, o‘rnidan turib, etak qoqib ketavermaydi. Men yiqildim, boshqalar yiqilmasin deb, chuqurni tekislab qo‘yadi, yo bo‘lmasa, birorta tayoqni suqib belgi qo‘yib ketadi. Bu “ey yo‘lovchi, ehtiyot bo‘l, bu yerda chuqur bor, ko‘zingga qara”, degan ishora bo‘ladi. Bobolar hikmati ana o‘sha tayoqdir.

Odamlar boshqalarni o‘ylab bekilgan buloq ko‘zini ochadilar, daraxt ekadilar. Mendan keyin dunyoga keluvchilar tashnalik azobini ko‘rmasinlar, ochlikdan, oftob tig‘idan qiynalmasinlar, deya shunday qiladilar. Bobolar hikmati ana o‘sha buloq, ana o‘sha daraxtdir.

Odamlar masjid va madrasa quradilar. Yo‘l solib, ko‘prik quradilar, karvonsaroylar tiklaydilar. O‘zlaridan keyin keluvchilar ham imonli, ilm-ma’rifatli bo‘lsinlar deb, ellar, yurtlar o‘rtasida yaxshi bordi-keldilar bo‘lsin, deb shunday qiladilar. Bobolar hikmati ana o‘sha yo‘l, ko‘prik va karvonsaroylardir.

Hikmatli so‘zlar, maqollar biz uchun asrlarning sadosi, uzoq o‘tmish bilan hamnafaslik hissini uyg‘otuvchi mangu chaqiriq, zamonlararo ko‘prikdir.

Hikmatli so‘zlar, maqollar – noma’lum shoirlarning yurak satrlari, xalq iste’dodining masofa bilmas shu’lalari, zulm, adovat, haqsizlik ko‘ksiga sanchiluvchi adolat tig‘idir.

Hikmatli so‘zlar, maqollar – hech bir podsho e’lon qilmagan farmon, hech bir Prezident muhrlamagan qonun, hech bir davlat tomonidan bitilmagan konstitutsiyadir.

 

Har kimki vafo qilsa, vafo topgusidir,

Har kimki jafo qilsa, jafo topgusidir.

Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topgusidir.

 

Ulug‘ shoir Bobur Mirzo she’riga solgan shu bir xalq maqolida necha-necha kitoblarga jo bo‘lgan qonun majmualarining ma’nosi bor.

O‘z qadrini bilgan so‘z qadrini biladi. Inshoolloh, bu ham bir maqol bo‘lsa. Biz yo‘qotgan qadrini qayta topayotgan xalqmiz. Masjidlarimiz, muqaddas kitoblarimiz, unutilgan bayramlarimiz, udumlarimiz, odatlarimiz qaytib kelayotgan bir zamonda, o‘z ona tilimiz, tariximiz, madaniyatimiz munosib o‘rinni topayotgan bir davrda o‘zbekman, degan har bir inson o‘z yurti kechmishini va hozirini mukammal bilmog‘i, o‘z ona tilining zargari bo‘lmog‘i lozim. Maqol esa so‘z ko‘rkigina emas, dilning ham, umrning ham ko‘rkidir. O‘z qadrini bilgan odam so‘zni pala-partish ishlatmaydi, uning asl ma’nosini bilib, o‘rniga qo‘yib gapiradi. Bilgan odam, masalan, “huzurimga kiring” yoki “sizni lutfan taklif etaman”, demaydi. Huzur – hozir bo‘lish lozim bo‘lgan joy. Podsho huzuri, katta amaldorlarning huzuri bo‘lishi mumkin. Lutf etmak – marhamat ko‘rgazmak degani. Kishidan lutfan tashrif buyurishni so‘rash mumkin. Lekin lutfan taklif etish – o‘zni g‘oyat mutakabbir tutish demakdir.

Tilimizda “Gap ko‘p – ko‘mir oz” degan maqol bor. Men ba’zi davralarda uning sharhini so‘rab o‘rtaga masala tashlab ko‘rdim. Har kim har xil sharh qiladi. “Bir vaqtlar ko‘mir ozligida aytilgan bu”, – dedi birov. Yana kimdir “Gapingda tosh bosadigan ma’no kam yoki gap ko‘p-u, uning qo‘ri yo‘q” degan ma’no bilan izohladi. Ushbu kitob mualliflari mana shu maqolni tancha suhbatlari bilan bog‘lab anchagina mantiqqa yaqin izoh berganlar. Lekin, baribir, mening ko‘nglimdagi ishtiboh yozilmadi.

Menimcha, uning asli bundoq bo‘lgan: gap ko‘p-ku, umr oz. – ku yuklamasi umr so‘zi bilan qo‘shilib ko‘mir shaklini olgan. Natijada shunday chuqur ma’noli maqol ancha jo‘nlashib qolgan.

“Otdosh”ning “adash”ga, “tuproq”ning “turpoq”qa, “bo‘ryo”ning “bo‘yra”ga aylanishi yoki Buvayda, Rishton, Angren kabi joy nomlarining paydo bo‘lishi ham ana shunday hodisadir...

Qo‘lingizdagi kitobni xalq durdonalaridan tuzilgan o‘ziga xos javohir sandig‘i deb atash mumkin. Mualliflarning bu xayrli mehnati xalqimiz madaniyati uchun ulkan boylik bo‘lib qo‘shiladi. O‘ylaymanki, bu kitob har bir o‘zbek xonadonini bezaydi, qo‘ldan qo‘ymay o‘qiladi.

 

Erkin VOHIDOV

 

***

Adabni beadabdan o‘rgan

Luqmon hakimdan: “Adabni kimdan o‘rganding?” deb so‘radilar. Luqmon javob berdi: “Adabni beadablardan o‘rgandim, ularning harakatlaridagi menga maqbul bo‘lmagan narsalardan o‘zimni saqladim” (Sa’diy, Guliston). Variant: “Aqlni aqlsizdan o‘rgan”; “Tamizni betamizdan o‘rgan”, “Aqlli o‘rganar, ahmoq o‘rgatar”, “Odobning nima ekanini odobsizni ko‘rganda bilasan”.

 

Aybini bilgan – avliyo

Variant: “Har kim o‘z aybini bilsa, vali bo‘ladi”; “O‘z aybini bilgan – mard”; “Har kim o‘z aybini bilmas”; “Har kim o‘z aybini bilsa, yorilib o‘lardi”; “Avval o‘z aybingni bil, keyin o‘zgadan kul”; “Avval o‘zingni tuzat, keyin o‘zgani kuzat”; “Avval o‘zingga boq, so‘ngra nog‘ora qoq”.

 

Ayiq bilagiga ishonadi, odam – yuragiga

Emishkim, ayiqda kuch bo‘lgani bilan, “yurak” yo‘q. U bor kuchini bilagiga yig‘armish. Odamda esa ayiqchalik kuch bo‘lmasa ham, tog‘dek yurak bo‘ladi. Shuning uchun har qanday og‘ir ishga ham jazm eta oladi. Maqolda insonning mardonaligi madh etilgan.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.