Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bobolar yodi

Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 294-maktabda buyuk bobolarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda o‘quvchilar mumtoz shoirlarning hayoti va ijodi haqida sahna ko‘rinishlarini namoyish qilishdi. G‘azallaridan namunalar o‘qib berishdi. Maktabning 3-”A” va 3-”V” sinf o‘quvchilari tomonidan taqdim etilgan “Bulbul va Alisher”, “Qovun va Bobur” nomli sahna ko‘rinishlar bayram qatnashchilariga manzur bo‘ldi.

– Ushbu tadbirni tashkillashtirish jarayonida o‘quvchilarimizga ikki ulug‘ inson – Navoiy bilan Bobur hayoti va ijodini atroflicha o‘rgatishga harakat qildik. Bu esa bolajonlar millatimizning ma’naviy merosi nechog‘lik boyligini, buyuk bobolarimiz qoldirgan ijod namunalari nainki millatimizning, balki insoniyat tafakkurining yuksalishiga xizmat qilishini anglab yetishida tamal toshi bo‘ldi, degan umiddamiz, – deydi bayram tashkilotchisi Mastura Qodirova.

“Buyuk siymolar” deb nomlangan ushbu tadbirda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh muharriri Muhiddin Omon, “Sog‘lom avlod” gazetasi bosh muharriri Faxriddin Hayitov va “Gulxan” jurnali bo‘lim muharriri Muhabbat Hamidovalar ishtirok etishdi.

 

Charos XUSHVAQTOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.