Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Go‘zallikka rag‘bat

Maktabimizda bir necha yillardan beri boshlang‘ich sinflar uchun rassomlik, haykaltaroshlik, raqs, musiqa kabi o‘nga yaqin to‘garaklar faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning har birida 16 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etadi. Men rassomlik to‘garagiga rahbarlik qilaman. To‘garakda bolalar bilan asosan qalamtasvir janrida shug‘ullanamiz. Bunda bolalar predmetning o‘ziga qarab chizish, ranglarni aralashtirib boshqacha ranglar hosil qilish, kompozitsiya – syujet tuzish asosida, ochiq havoda (planer) rasm ishlashni o‘rganishadi. Yana milliy tasviriy san’atimizni yuksak pog‘onalarga ko‘tarishda xizmat ko‘rsatgan Qutlug‘ Basharov, O‘rol Tansiqboyev, Abdulhaq Abdullayev kabi taniqli musavvirlarning ijodi bilan tanishadi.

Tajribali pedagog Dilnoza Mo‘minova haykaltaroshlik to‘garagiga rahbarlik qiladi. Yosh haykaltaroshlarning plastilin va loydan ishlagan haykalchalari ham tanlovlarda e’tirof etilmoqda.

Bu yil kuz va qishda bolajonlar bilan shahar xiyobonlari, O‘rda bog‘i, ko‘chma hayvonot bog‘i va Sangzor daryosi bo‘ylariga sayohat uyushtirdik. Bu yerda bolalar o‘zlariga ma’qul manzaralarni chizishdi. Taniqli shoir Hamid Olimjonning Jizzax shahridagi uy muzeyi hamda viloyat o‘lkashunoslik muzeyiga sayohat tashkil etdik.

Yosh rassomlar maktabimiz hovlisida yetishtirilgan qovoqlardan foydalanib idishqovoqqa (kadi) bezak berish san’atini ham o‘zlashtirib olishdi. Ular qovoqqa o‘zlari sevgan ertak qahramonlari rasmlarini chizishmoqda.

“O‘zbekiston hayvonlari” va “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” mavzularida o‘tkazilgan tanlovlar bolalar mahoratining o‘ziga xos sinovi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab “Hayotimiz qomusi” mavzusidagi rasmlar ko‘rigida g‘olib bo‘lgan yosh musavvirlar Mahfuza Sattorqulova, Dilnura Anorboyeva, Xayriniso Abdujalilova ko‘rik-tanlovning shahar bosqichida ham faxrli o‘rinlarni egallashdi. Maktabimizning “Boychechak”, “G‘uncha”, “Nihol” kabi devoriy gazetalarini tayyorlashda ham to‘garak a’zolari faol qatnashmoqda.

Bola doimo go‘zallikka intilib yashaydi, mo‘jizalardan zavq oladi. Shularni hisobga olib mashg‘ulotlar davomida kelajak avlod ma’naviyati va uning ruhiy go‘zalligini shakllantirish uchun bor tajriba va mahoratimizni ishga solmoqdamiz.

 

Nodira RASHIDOVA,

Jizzax tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.