Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Kitobxon”

“... Oilamiz bilan yangi uyga ko‘chib o‘tdik. Endi 7-sinfni yangi maktabda davom ettirishimga to‘g‘ri keladi...”, deb Maftuna kundaligiga yozib qo‘ydi.

– Qizim, maktab yoqdimi? Yangi sinfdoshlaring yaxshi kutib olishdimi? – so‘radi oyisi Maftuna darsdan qaytgach.

– Yaxshi, shekilli, – xo‘rsinibgina javob berdi Maftuna. – Baribir avvalgi dugonalarimga yetmaydi...

– E-e, hammasini qo‘y, kutubxonasini ko‘rdingmi? – so‘radi dadasi hovliqib.

– Dada, uyda shuncha kitobingiz bor-ku?! Yana maktabdan kitob tashiymanmi? – dedi Maftuna qovog‘ini uyib.

Maftunaning dadasi mutolaaga mukkasidan ketgan, kitobsevar kishi. Qo‘liga yangi kitob tushib qolguday bo‘lsa, tonggacha mijja qoqmay bo‘lsa ham o‘qib tugatadi. Maftuna ham kitob o‘qishni boshlardi-yu, erinchoqlik qilib, tugatishga sabri chidamasdi. U doim maktab kutubxonasidan dadasiga kitob olib kelib berardi. O‘zi esa bir-ikki varaqlab qo‘yardi, xolos.

– Uydagi kitoblarni o‘qib bo‘lganman. Ularni o‘qish navbati endi sizlarga kelgan. Menga esa yangi kitoblar kerak. Bahonada sen ham o‘qirding, qizim. Qancha o‘qisang, dunyoni shuncha teranroq anglayverasan, – dedi dadasi Maftunaga nasihat qilib.

– Bugun ustozimiz, kutubxonaga yangi kitoblar keldi. Olib o‘qinglar, dedilar.

– Ana, bu boshqa gap. Ertagayoq qiziqarli kitoblardan saralab olib kelgin, – dedi dadasi xursand bo‘lib.

Ertasi kuni kutubxonaga a’zo bo‘lgan Maftuna uyiga badiiy kitob olib kela boshladi. Biroq bu kitoblarning deyarli hammasini dadasi allaqachon o‘qigan bo‘lib chiqardi. Shu sabab kitoblarni tez-tez almashtirardi. Hafta o‘tmasdan Maftuna maktab kutubxonasidagi deyarli barcha badiiy kitoblarni “o‘qishga ulgurdi”. Kutubxonada unga ochilgan varaqa to‘lib, yangi varaqa ochildi. Uni kuzatib yurgan kutubxonachi ayol maktabda har yili o‘tkaziladigan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovida qatnashishni taklif qildi. Maftunaning vujudini sovuq ter bosdi.

– Men haligi...tanlovlarda ishtirok eta olmayman, o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman, – dedi Maftuna kalovlanib. – Boshqa o‘quvchi topa qoling. To‘g‘risi, men eplay olmayman, – u ko‘zlarini Ziyoda opadan olib qochdi Maftuna.

– Nega endi? Buning hech qanday cho‘chiydigan tomoni yo‘q. Axir hammadan ko‘p kitob o‘qigan bo‘lsang, asosiysi, bilimli qizsan. Biz senga ishonamiz, – Ziyoda opa Maftunaga dalda berdi. Maftuna esa nima deyishini bilmay qoldi.

– Yoki olgan kitoblaringni o‘qimaganmisan? – Maftunaga sinovchan tikildi Ziyoda opa.

Dabdurustdan berilgan savol Maftunani gangitib qo‘ydi.

– Yo‘g‘-ey, nimalar deyapsiz, o‘qiganman... – U qizarib ketdi.

– Unda tayyorgarlikni boshlayver. O‘qigan kitoblaringning ro‘yxatini tuz. Asar voqealarini, qahramonlarini yana bir bor eslab, hakamlarning beradigan savollariga tayyor tursang, bo‘ldi.

Maftuna tanlov kuni hammaga sharmanda bo‘lishini ko‘z oldiga keltirib, uyiga qanday yetib olganini bilmadi. U bo‘lib o‘tgan voqeani dadasiga gapirib berar ekan, ko‘zidan shashqator yosh oqdi.

– Bo‘lar ish bo‘libdi. Endi siqilganingdan foyda yo‘q, qizim, – dedi dadasi Maftunani ovutarkan. – Bugundan o‘qishga kirish.

– Axir bir haftagina vaqtim bor. Qanday qilib ulguraman? Buni tasavvur ham qilolmaysiz.

Dadasi Maftunaga o‘qigan kitoblarining ro‘yxatini tuzib berdi. Keyin birma-bir kitob qahramonlarining kimligini, asar voqealarini qisqacha gapirib beradi. Maftuna shunchalik jon-qulog‘i bilan eshitardiki, hozir o‘sha kitobni qo‘liga olsa-yu, boshdan oxirigacha o‘zi o‘qib chiqsa. Ammo qani o‘sha vaqt? Soat millari esa tinmay aylanadi. U vaqtning qadriga yetish kerakligini o‘shanda tushundi. Bir hafta ichida o‘nlab kitoblar haqida ma’lumotlar yig‘di.

Tanlov kuni ham yetib keldi. Maftuna o‘ziga ishonmagani uchun yig‘laguday bo‘lardi. Ammo tanlovning ham vaqti chegaralangani, ishtirokchilarning ko‘pligi bois kitoblarning to‘liq tafsilotlari so‘ralmadi.

Maftuna tanlovda ikkinchi o‘rinni egalladi. Sinfdoshlari, ustozlari uni quchib tabriklashdi. Ammo uning o‘zi vijdoni oldida juda uyaldi. “Axir men bu o‘ringa loyiq emasdim. Men g‘irromlik qildim. Endi bir umr qiynalib yursam kerak”, – deya o‘ylardi u.

– Seni tanlab xato qilmabman. Bu yil ikkinchi o‘rinni olgan bo‘lsang, kelgusi yilgacha astoydil harakat qilsang, albatta, birinchi o‘rin egasi bo‘lasan, – dedi Ziyoda opa.

– Ha, albatta, kelasi yil eng yuqori o‘rinni egallayman. Bunga so‘z beraman! Faqat... Olgan kitoblarimni yana boshidan o‘qishga berasiz, – dedi u uyatdan boshini ko‘tarolmay.

– Ha, kitoblarni to‘liq o‘qimaganingni tanlov davomida sezib turdim. Endi astoydil o‘qigin. Tanlov uchun emas, mehr bilan, o‘zing uchun o‘qigin, – dedi Ziyoda opa Maftunaning qo‘lini mahkam siqib qo‘yarkan...

 

Nilufar SAPAYEVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.