Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Payariqning obod maskani

Tahririyatga kelayotgan maktublar orqali yurtimizning barcha tuman, qishloqlaridagi o‘quvchilar hayoti, iqtidorli bolalarning qo‘lga kiritmayotgan yutuqlari haqida muntazam xabardor bo‘lib turamiz. Yaqinda mana shunday bilimli, zukko o‘quvchilar bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi 6-maktabga borganimda sport maydonchasida bir guruh o‘quvchilarni uchratdim. Ular navbatdagi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishayotgan ekan.

– Maktabimizda sport bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoitlar yetarli. Shu yili viloyat bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan bizga o‘n xildan ortiq sport anjomlarining berilishi barcha tengdoshlarim qatori meni ham quvontirdi. Yaqinda maktabimiz o‘quvchilari bilan tuman miqyosida o‘tkazilgan “Quvnoq startlar” sport musobaqasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik, viloyatda esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldik. Keyingi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Charos Muhammedova.

Darhaqiqat, maktabda tashkil qilingan futbol, stol tennisi, yosh musavvirlar, to‘quvchilik to‘garaklari hamda tuman “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markaziga muntazam qatnashib kelayotgan o‘quvchilar tuman, viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida hamda ko‘rik-tanlovlarda qatnashib faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqdalar. Bo‘sh vaqt topdi deguncha, o‘zi yurar robot, pult orqali boshqariladigan mashina yaratishni orzu qilgan ixtirochi Azizbek Qudratov ana shunday g‘oliblardan biri.

– Darsdan bo‘sh vaqtlarimda sevimli mashg‘ulotim bilan shug‘ullanayotganimdan xursandman. Yaqinda “Barkamol avlod” viloyat bolalar ijodiyoti markazida o‘tkazilgan “Yilning eng yosh ixtirochisi” ko‘rik-tanlovida o‘z ishlarim bilan qatnashib sovrindorlar qatoridan joy oldim. Ustozlarimning bergan saboqlari, o‘zim qiziqqan to‘garakka qatnashayotganim uchun o‘z ustimda izlanaman, yaxshi o‘qishga harakat qilaman, – deydi Azizbek.

Haqiqatan ham, o‘quvchilarning o‘z ustida izlanishlari uchun maktabda yaratilgan sharoit, bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga bo‘lgan e’tibor alohida diqqatga sazovor. “Biz kitobni sevamiz”, “Kim chiroyli va bexato yozadi?”, “Siz tarixni bilasizmi?”, “Ajdodlar merosi”, “Alisher Navoiy vorislari” va “Yosh tabiatshunoslar” kabi tadbirlarning o‘tkazilishi o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishining oshishida, buyuk bobolarimiz, o‘tmishimiz haqidagi ma’lumotlarga yetarlicha ega bo‘lishida qo‘l kelmoqda. Maktabda bir necha yillardan beri “Gullar va qushlar bayrami” o‘tkazilishi ham an’anaga aylangan. Bu esa o‘quvchilarning tabiatga bo‘lgan mehrini yanada oshirmoqda.

– Bayramni bolalar kabi o‘zim ham katta ishtiyoq bilan o‘tkazaman. Har yili o‘quvchilar xonadonlarida o‘stirgan anvoyi gullar, parvarishlagan qushlarini olib kelib bizni lol qoldirishadi. O‘quvchilar qatori o‘zimiz ham bir-biridan chiroyli gullarni ko‘rib ko‘zimiz quvnaydi. Bolalar bayramga tayyorgarlikni bir yil oldin boshlab yuborishadi. Ular o‘stirgan gullari, parvarishlagan qushlari haqida ma’lumot to‘plab, uning xususiyatlari haqida yig‘ilganlarga gapirib beradilar. Bu esa ularni yil davomida ko‘proq kitob o‘qib ma’lumot to‘plashga undaydi. O‘quvchilarning bu kabi qiziqish va intilishlarini kuzata turib, yangi tanlovlar o‘tkazishni rejalashtirayapmiz, – deydi biologiya fani o‘qituvchisi Umida Davlatova.

Bir nechta kitoblarni qo‘ltiqlab maktab kutubxonasidan chiqib kelayotgan 3-sinf o‘quvchisi Omina Boboqulova hayajonini biz bilan o‘rtoqlashdi.

– Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Maktabimiz kutubxonasida qiziqarli badiiy kitoblar ko‘p. Har kuni darsdan keyin sinfdoshlarim bilan kutubxonaga kirib o‘qigan kitoblarimiz, taassurotlarimiz haqida bir-birimizga gapirib beramiz. Ota-onam ham menga yangi kitoblar sovg‘a qilishmoqda. Hozir uyda o‘zimning shaxsiy kutubxonam bor. Ularni o‘rtoqlarimga ham berib turaman. Har yili o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ommaviy kitobxonlik haftaligi”, “Eng so‘zamol ertakchi”, “Bolalarning sehrli olami”, “Olam haqida bir olam kitob” hamda “Men, otam, onam – kitobxon oila” tanlovlarida qatnashib, faol o‘quvchilar qatoridan joy oldim. Yaqinda tumanimizda o‘tkazilgan “Ifodali she’r o‘qish” ko‘rik-tanlovida ham qatnashdim. Meni 1-o‘ringa munosib deb topishdi.

Shu kuni maktabning mehnatkash o‘qituvchilari, ilmga chanqoq yoshlari bilan suhbatlashib, bir olam taassurotlar bilan ortga qaytarkanman, ular haqida tezroq sizlarga yozib bergim keldi.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.