Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Siyohga tushgan qumursqalar

Jamshid odobli, tirishqoq, izlanuvchan bola. Uy ishlarida ota-onasiga dastyor. Har kuni “5” baho olib ularni xursand qilishni xohlaydi. Ishdan horib kelgan ota-onasiga a’lo baholarini faxr bilan ko‘rsatadi. Ular “Baholaringni ko‘rib charchog‘imizni ham esdan chiqardik, barakalla...” deganlarida ko‘ngli biram yayraydiki. Jamshid sinfida a’lochilar safida bo‘lishni xohlaydi, ammo negadir buning hech uddasidan chiqolmaydi. Fanlardan doimo a’lo olgani bilan chorak oxiriga kelib tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan bahosi “4” ga tushib qoladi. Shu sabab u a’lochilar safida emas.

Har chorak yakunida o‘quvchilar fanlardan nazorat ishi yozib topshirishadi. Jamshid adabiyot va tarixdan insho, bayon yozganida xunuk va tushunarsiz yozuvi uchun doimo “4” yoki “3” baho oladi. Bu gal adabiyot o‘qituvchisi Nozima opa uning inshosiga umuman baho qo‘ymabdi. Faqat inshoning eng tagiga “Siyohga tushgan qumursqalar” deb yozib qo‘yibdi. Avvaliga Jamshid o‘qituvchisining nega bunday deb yozganiga tushunmadi. Keyin ustozi Nozima opaning o‘quvchilarga qo‘yilgan baholarni e’lon qilish barobarida insho qay darajada yozilgani, yutuq va kamchiliklari, baho qo‘yishda nimalarga asoslanganini so‘zlab berishini bilgani uchun sabrsizlik bilan kuta boshladi. Navbat Jamshidga kelganida ustoz unga bir muddat tikilib turdi-da:

– Jamshid, kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lmoqchisan? – deb so‘radi. Jamshid darhol o‘rnidan turib javob berdi:

– Shifokor bo‘lmoqchiman, ustoz!

– Judayam yaxshi. Senga yana bir savol. Shifokor bo‘lish uchun nimalarni bilish kerak?

Jamshid bir oz o‘ylanib:

– Eng avvalo, kimyo va biologiya fanlarini mukammal bilish zarur. Yana shifokorda muomala madaniyati yuqori bo‘lishi kerak, – dedi. Ustoz Jamshidning fikrlarini eshitib shunday dedi:

– Yaxshi, ammo yana bir asosiy jihatni unutding. Shifokorning yozuvi chiroyli, tushunarli bo‘lishi kerak. Nafaqat shifokor, balki barcha kasb egalarining yozuvi husnixat darajasida bo‘lishi kerak. Nima yozganingni hech kim tushunmasligi yomon. Bolalar, hozir sizlarga bo‘lgan bir voqeani aytib beraman:

Bir bemor yigit shifokor huzuriga kelib, sog‘lig‘idan shikoyat qilibdi. To‘liq tekshiruvdan o‘tkazilgan yigitga shifokor bir talay dorilar ro‘yxatini beribdi. So‘ng qog‘ozga tikilib qolgan bemorga:

– Dorixonaga kirib sotuvchining qo‘liga shu qog‘ozni bersangiz, kerakli dorilarni sizga o‘zi ajratib beradi, – debdi. Afsuski, dorixona sotuvchisi ham ro‘yxatni o‘qishga rosa qiynalibdi. Hattoki, qog‘ozni teskari ushladimmi, deb o‘ylab qog‘ozni obdon aylantirib ko‘ribdi. Keyin dorilarning bosh va o‘rta harflarini tushunganicha o‘qib, shunga o‘xshash dorilarni jamlab beribdi. Bemor yigit xarid qilgan dorilarni shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra uzoq muddat iste’mol qilibdi. Buni qarangki, dorilarning biri inson gormon faoliyatiga ta’sir etuvchi kimyoviy elementlardan tayyorlangan ekan. Noto‘g‘ri ichilgan dori ta’sirida yoshgina yigit shu darajada semirib ketibdiki, natijada bir kasallikni davolayman, deb ikkinchi dardga duchor bo‘libdi. Mana besh yil o‘tsa hamki, o‘sha yigit o‘z holiga qayta olmay ovora. Endi o‘ylab ko‘ring, bunga kim aybdor? Agar shifokorning yozuvi chiroyli, tushunarli bo‘lganida edi, bunday holat bo‘lmasmidi. Bir xatoning ortidan ketma-ket xatoga yo‘l qo‘yildi. Buning oqibatida esa bemor yigitga jabr bo‘ldi...

Jamshidning inshosiga baho qo‘ymaganimning sababi ham shunda. Chunki men uni nima yozganiga umuman tushunmadim. Axir qanday qilib o‘qiy olmagan, tushunmagan inshoimga baho qo‘yaman. Uning yozganlariga qarasangiz, xuddi qumursqani siyohga botirib olib qog‘oz ustiga qo‘yib yuborilganga o‘xshaydi... – o‘qituvchi gapini tugatmay sinfni bolalarning kulgisi egallab oldi.

– Xulosa chiqarishga shoshilmaymiz, hozir Jamshid bizga o‘zi yozgan inshosini o‘qib beradi. Hamma jim o‘tirib eshitadi, – dedi ustoz. Erkin mavzu bo‘lgani uchun insho do‘stlik, mehr-oqibat haqida edi. U inshosini ovoz chiqarib o‘qir ekan, sinf suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi. Mazmunli, mulohazali fikrlarni eshitib o‘quvchilar lol bo‘lib qolishdi...

– Ajoyib, g‘oyat ta’sirli insho. Agar men yozganlaringni o‘qiy olganimda hech ikkilanmay ikkita “5” baho qo‘ygan bo‘lardim. Ana ko‘rdingizmi, bolalar, husnixatda gap ko‘p. Birgina xunuk yozuv Jamshidning a’lo baho olishiga to‘sqinlik qildi, – dedi ustoz.

Dars tamom bo‘lgach, Jamshid ustozidan qanday yo‘l bilan chiroyli yozishni o‘rganish mumkin, deya so‘radi. O‘qituvchisi unga kerakli maslahatlarni berdi. Shu kundan boshlab Jamshid chiroyli yozishga qat’iy kirishdi. Mashqni boshlang‘ich sinflarda tutiladigan ikki chiziqli daftarga harflarni qoida asosida yozishdan boshladi. Keyin bir chiziqli daftarga so‘zlarni yozishga o‘tdi. Eh-he, Jamshid chiroyli yozish uchun bir nechta hikoyani daftarga erinmay ko‘chirib chiqdi. To‘ldirgan daftarlarining son-sanog‘i yo‘q. Kundan-kunga yozuvi chiroyli bo‘lib, o‘qituvchisidan maqtovlar eshitardi. Shunday qilib, endi Jamshid a’lochilar safida. Hattoki uning suratini maktab doskasiga ilib qo‘yishdi. Har safar shu doskaning oldidan o‘tar ekan, ich-ichidan quvonib ketadi. Axir bu uning orzusi edi-da...

Jamshidning egiz – Hasan-Husan ukalari bor. Ular bu yil maktabga chiqishdi. Jamshid ukalarining uy vazifalariga yordamlashar ekan, ularning yozuviga qarab “Siyohga tushgan qumursqalar”, dedi. Ukalari nima gapligini tushunmay akasiga qarashdi. Jamshid esa kulimsirab:

– Bugundan boshlab sizlar bilan chiroyli yozishni o‘rganamiz. Toki mendek a’lochi bo‘la olmay, yuqori sinfda o‘qiyotganingizda uyalib, yana qaytadan ikki chiziqli daftarga yozishga majbur bo‘lmang. Axir yozuvimiz yuzimizdek chiroyli, kiyimimiz kabi tartibli bo‘lishi kerak, – dedi.

 

Hurmatli o‘quvchilar! Tahririyatimizga sizlardan yuzlab maktublar keladi. Ularning orasida pala-partish, tushunarsiz yozilgan yozuvlar talaygina. Bunday maktublarni o‘qishga, to‘g‘risi, juda qiynalamiz. Shuning uchun eng avvalo chiroyli, tartib bilan yozishga harakat qiling. Balki siz ham Jamshidjonga o‘xshab ajoyib she’r va hikoyalar yozgansiz-u, biz yozuvingizni tushunmay, ularni kashf qila olmayotgandirmiz...

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.