Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Unutmas meni bog‘im”

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 14-maktabda 9-may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan shoir Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy kecha ana shunday nomlandi. Tadbir avvalida maktab axborot-resurs markazi rahbari Sanoat opa Mirdadayeva rahbarligidagi bir guruh o‘quvchilar Usmon Nosir hayoti va ijodi haqida juda boy, qiziqarli ma’lumotlar to‘plashdi. Ular asosida bir qator sahna ko‘rinishlari ijro etishdi. So‘ngra shoirning rus va o‘zbek tillaridagi she’rlaridan yod aytishdi. Uning jiyani, shoir va tarjimon Nodira Rashidova Usmon Nosir hayoti bilan bog‘liq bir qator voqealarni so‘zlab berdi.

– Haqiqat egiladi, ammo sinmaydi, – dedi Nodira opa, hikoyasi so‘ngida, – bugun Usmon Nosir shaxsi va ijodini nafaqat yurtimizda, balki u mangu qo‘nim topgan o‘sha olis rus qishloqlarida ham hurmat bilan xotirlashadi. O‘zlari yashaydigan ko‘cha va farzandlari o‘qiydigan maktablarga uning nomini qo‘yishgan.

Men tog‘amni ko‘rmaganman. Biroq buvijonim butun umr “Usmonimning hech bo‘lmasa qabrini ko‘rsam edi”, deb yashadi. “Buvijon, tog‘am o‘lmagan. Men katta bo‘lsam, albatta, ularni izlab topaman”, deb ko‘z yoshlarini artganimda, atigi o‘n yoshda edim. Ming shukr, so‘zimning ustidan chiqdim.

Tadbirda so‘zga chiqqan urush va mehnat faxriylari urush, o‘sha mash’um yillarda xalqimiz boshiga tushgan qiyinchiliklar, mustaqilligimiz tufayli tiklangan o‘zligimiz, qadr-qimmatimiz haqida hayajon bilan gapirib berishdi. Tadbirdan so‘ng mehmonlar uchun tumandagi muqaddas qadamjolarga sayohat uyushtirildi.

 

  1. HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.