Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Bek”dan chiqqan bek bola

Qiziq-qiziq hangomalari bilan barchani xandon otib kuldiruvchi qiziqchi Avaz OXUNni tanimagan, bilmagan o‘quvchi bo‘lmasa kerak. Uning qiziqchilik sohasidagi o‘ziga xos uslubi xalqimizning ko‘nglidan joy olishga ulgurgan. Ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda, hozirjavob so‘z ustasi Avaz Oxunning bolalik xotiralari bilan sizlarni tanishtiramiz.

 

“Yo‘qolib qolgan” bola

Men 1983-yili Andijon viloyati Asaka tumanida tug‘ilganman. Oilada 4 nafar farzandmiz – uch o‘g‘il, bir qiz. Onam uy bekasi, otam mirishkor dehqon va mohir quruvchi bo‘libgina qolmay, tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanganlar.

Otam bizni yoshligimizdan mehnatsevar qilib tarbiyaladilar. Ukalarim bilan otamga dehqonchilik ishlarida ko‘maklashar edik. Daladan o‘t o‘rib kelish, qo‘y-qo‘zilarga qarash ham bizning zimmamizda edi. Shuncha ishlar orasida ko‘chaga chiqib o‘rtoqlarim bilan o‘ynashga ham vaqt topardim. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun onamga ro‘zg‘or ishlarida yordamlashar edim. Onam kichkina ukamni beshikka belab berar, men tebratib, ba’zan qattiq charchaganimdan beshikka suyanib uxlab qolardim. Bir necha marta beshik bilan birga ukamni yiqitib yuborganman. Onamdan qo‘rqib ukamni shartta ko‘tarib olardim-da, qaytadan beshikka bog‘lab qo‘yardim. Bir kuni onam, “Ukangni beshikdan yana yiqitdingmi?” deb so‘radi. “Qayerdan bildingiz?” deya xavotir bilan so‘raganimda “Beshikka belashingdan bildim, chunki men bunday chiroyli qilib bog‘lay olmayman”, dedilar...

Bir kuni ukam bilan berkinmachoq o‘ynayotgandik. Topish gali ukamga kelganida men shkafning ichiga berkinib oldim. Ukam hadeganda topavermagach, charchaganimdan shkafning ichida uxlab qolibman. Shu yotganimcha yarim kechada uyg‘onibman. Qotib qolgan oyoqlarimni zo‘rg‘a sudrab tashqariga chiqsam, hovlimizda hamma yig‘ilgan, uyimizda shovqin-suron bo‘layotgan ekan. Meni ko‘rgan qarindoshlarim hayratlanib qolishgan. Uyqu aralash nima gapligini tushunmay, karaxt bo‘lib turdim. Keyin bilsam, meni yo‘qolib qoldi, deb o‘ylab, butun mahalla oyoqqa turib izlayotgan ekan. Vahimadan buvimning qon bosimi ko‘tarilib ketgan...

Ko‘chamiz atrofidagi maydonchada bolalar bilan futbol o‘ynayotganimizda, katta yo‘lga chiqib ketgan koptokni olib kelaman, deb avtohalokatga uchraganman. O‘sha paytda rosa obro‘li bo‘lgan “Volga” mashinasi meni turtib ketgan. Shoshib qolgan haydovchi meni dast ko‘tarib mashinaga solgan... Hushimga kelsam, shifoxonadaman. Kutilmaganda g‘oyib bo‘lganimdan xavotirlangan o‘rtoqlarim meni izlashgan. Topisha olmagach, uydagilarga xabar berishgan. Yana barcha mahalladoshlar izlashga tushgan. Xabar topgach, otam shifoxonaga yugurgan. Jiddiy jarohat olmagan bo‘lsam-da, maktabga borolmay bir hafta uyda yotganman.

Maktabda o‘tkaziladigan barcha tashkiliy ishlarda juda faol edim. Sinfimizning eng sho‘x bolalari bilan “Bek” nomli qiziqchilar guruhi tashkil qilgandik. Bayram va tadbirlar bizsiz o‘tmas, bir-biridan qiziqarli chiqishlar bilan hammani lol qoldirardik.

Maktabimizda yozuvchi, shoirlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazilardi. Bir kuni tumanimizda ancha taniqli bo‘lib qolgan shoira bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir uzoq davom etdi. Tadbir qahramoni bir nechta she’rlarini o‘qib berdi. Menga qiziq tuyulgani shoira she’rining har bir satri so‘ngidagi so‘zni o‘zgacha talaffuz qilar, masalan, qarang so‘zini “qaranggg” deb o‘qirdi. Tadbirdan bir hafta o‘tgach, “Bek” guruhimiz bilan yangi tomoshani sahnalashtirdik. Men o‘sha shoiraning qiyofasini o‘xshatishga harakat qildim. Boshimga ro‘mol o‘rab, uzun ko‘ylak kiydim. Yuzimga xuddi o‘sha shoira ayolnikidek katta xol “qo‘ndirdim”. Qo‘limga qog‘oz olib she’r o‘qiy boshladim. Shunda tadbirga kechikib kirgan adabiyot o‘qituvchimiz, “Shoira opamiz maktabimizga yana keldilarmi, nega biz bilmay qoldik?” degan ekan...

Guruhimiz bilan maktab, tuman, viloyatlararo o‘tkaziladigan turli tanlovlarda qatnashardik va yuqori o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘lar edik.

 

Buvisining erkasi

Bolalar bilan tez-tez mahallamizdagi katta hovuzga cho‘milgani borardik. Ayniqsa, tepadan pastga qarab o‘zimni suvga tashlash men uchun juda maroqli edi. Bir safar balandlikdan sakramoqchi bo‘lganimda oyog‘im sirpanib, hovuz atrofida o‘rnatilgan panjara ustiga yiqilib tushdim. Kuchli zarb bilan tushganimdan qo‘lim panjaraga qadalib qoldi. Jarohatning og‘rig‘iga chidab bo‘lmasdi. Otam shoshganicha meni shifoxonaga olib bordi. Qo‘limning ochiq jarohatlarini tikib chiqishayotgan payt og‘riq qanchalik kuchli bo‘lmasin, aslo yig‘lamadim. Shunda shifokorlar “Qoyil! Haqiqiy o‘g‘il bola ekan. Umuman yig‘lamadi-ya”, deyishdi. Bog‘langan qo‘limni ushlaganimcha uyga qaytar ekanman, hozir onam meni erkalab, “Bolajonim, senga nima bo‘ldi, qiynalmadingmi?” deya kutib oladi, deb o‘yladim. Uyga kelsak, onam jahl bilan, “Cho‘milmay har balo bo‘lgur, hammani xavotirga qo‘yding-ku. Sen bolaga o‘zi qachon aql kiradi-ya? Seni o‘ylab buvingni tobi qochdi”, dedilar. Shunda alamimdan yig‘lab yubordim...

Bolaligimda juda sho‘x bo‘lganim uchun ota-onamdan ko‘p tanbeh eshitar edim. Ko‘pincha buvim yonimni olar, men bilan erinmay uzoq suhbatlashar, ertak va hikoyalar o‘qib berardi...

Bir kuni dars paytida amakimning o‘g‘li yonimga keldi-da, uyga tez borishim kerakligini aytdi. Men darslarim hali tamom bo‘lmaganini, o‘qituvchim ruxsat bermasligini tushuntirdim. Amakimning o‘g‘li darhol o‘qituvchimdan meni olib ketish uchun ruxsat so‘radi. Yo‘l-yo‘lakay, “Buvim faqat seni so‘rayapti...” dedi. Buvimning anchadan beri tobi yo‘q edi. Shuning uchun buvimning xonasida yotib, holidan xabardor bo‘lib turardim. Ammo shu tobda shoshilinch chaqirganlarini tushunolmay qoldim...

Buvimning xonasiga kirsam, rangi bir ahvol, eshikka qarab yotgan ekan. Meni ko‘rishi bilan yuziga mamnunlik ifodasi qalqdi. Buvim qo‘llarimni ushlagancha, ko‘zlarimga tikilib turib jon berdi. Bu judolikdan ancha vaqtgacha o‘zimga kelolmay yurdim.

Har yili sinfdoshlarimiz bilan paxta tergani borardik. Ayrim vaqt dangasaligimiz tutib qolsa, terganlarimiz tarozida og‘irroq chiqishi uchun etak ichiga paxtaga qo‘shib tosh, loy solib qo‘yardik. “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, deganlaridek, bir gal tarozibon buni sezib qoldi. “Paxtaning ko‘rinishi kam bo‘lsa-da, nega tarozi og‘ir ko‘rsatyapti?” dedi. Keyin etakni yerga ag‘darib tekshirdi. Berkitilgan tosh va loylarni qo‘liga olganicha, “Bu o‘zingni aldash bilan birga oilangni, vataningni aldash degani-ku. Qaysi vijdon bilan shu ishga qo‘l urdinglar?” degan. Tarozibonning gaplari qalbimga o‘qdek tekkan. Izza bo‘lgan o‘sha holatim hali-hanuzgacha yodimdan chiqmaydi...

Ukalarim, singlimga mehrim boshqacha edi. Bir-birimiz bilan juda ahil bo‘lganmiz. Ayniqsa, yolg‘iz qiz bo‘lgani uchun singlimning ko‘ngliga haddan ortiq qarardik. Singlim endi taom pishirishni o‘rganayotgan kezlari shunaqangi bemaza ovqat qilardi-ki... Lekin biz uni xafa qilmaslik uchun maqtab-maqtab yeyishga majbur edik.

Sportning karate turiga qiziqardim. Qopga qum solib hovlimizning burchagiga ilib qo‘ygandim. Bo‘yoq idishining ichiga og‘ir trubani tiqib qo‘lbola shtanga, gantel yasab olardim. Ukalarim va do‘stlarim bilan filmlardagi jang usullarini bir-birimizga qo‘llab, sinab ko‘rardik...

 

Jonli o‘yin

Maktabni tamomlagach, hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirdim. O‘qishga kirolmaganimdan so‘ng tuman Madaniyat uyiga ishga joylashdim. Ishlash jarayonida o‘zim tengi yoshlar bilan to‘garaklar tashkil qilib, turli xil dasturlar tayyorlay boshladim. Tumanimizga kelgan mehmonlarga qiziqarli sahna asarlaridan parchalar ko‘rsatib berardik. Kunlarning birida shahardan bir talay mehmonlarni kutib oldik. Tomosha ko‘rsatish uchun endi sahnaga chiqqanimizda chiroq o‘chib qolsa, deng. Afsuski, birorta ham namoyishni ko‘rsata olmadik. Shunda badiiy rahbarimiz menga “Sen bir o‘zing davraga chiqib mahoratingni ko‘rsatasan”, dedi. Chiroqsiz, mikrofonsiz yolg‘iz o‘zim bir soatdan oshiq qiziqchilik qilib, mehmonlarni rosa kuldirdim. Kayfiyati ko‘tarilgan mehmonlar menga alohida minnatdorlik bildirishdi.

Keyingi ikki yil ham institutga hujjat topshirib kira olmadim. Lekin umidimni uzmay ishlayverdim. Nihoyat, to‘rtinchi yil oliy o‘quv yurtiga qabul qilindim. Orzularim ushalib, talabalikning oltin davri boshlandi.

Bolaligimning yorqin xotiralaridan biri o‘rtoqlarim bilan futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, shashka o‘ynardik. Bekinmachoq, quvlashmachoq bizning eng maroqli o‘yinlarimiz bo‘lardi. Hozirgi bolalar ham bu o‘yinlarni o‘ynayapti, faqat telefonda. Farqimiz biz bu o‘yinlarda jonli ishtirok etganmiz.

Hozirgi yoshlarga qarayman. Quvvati kam, holsiz. Salga betob bo‘lib qolaveradi. Buning asosiy sabablaridan biri, telefonga mukkasidan ketish, televizor oldida uzoq o‘tirishdir. Chunki ulardan taralayotgan zararli nur insonni zaiflashtirib qo‘yadi. Niyatim, kelajagimiz bo‘lgan bolalarimiz ham ruhan, ham jismonan sog‘lom bo‘lishsin...

 

Nilufar JABBOROVA suhbatlashdi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.