Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Duolardan kamol topgan qiz

Hali yosh bo‘lishiga qaramay xush ovozi, xush fe’li bilan xalqimizning ko‘nglidan joy olishga ulgurgan, “Nihol” mukofoti sovrindori, iste’dodli san’atkor, xonanda Gulasal Abdullayeva bugun tahririyatimiz mehmoni. O‘ylamizki, uning bolalik chog‘lari qanday o‘tganligi siz aziz o‘quvchilar uchun qiziqarlidir...

 

Xosiyatli tush

 

Men 1995-yil Namangan viloyati Namangan tumanida tug‘ilganman. Oilada besh nafar farzandmiz – uch qiz, ikki o‘g‘il. Otam Anvarjon Abdullayev san’at kishisi bo‘lib, qo‘shiq aytib, fortepiano chalar edilar. Onam Guloyim Egamberdiyeva ham san’atga mehr qo‘ygan, juda chiroyli ovoz egasi bo‘lgan... Ammo bobom onamning san’atkor bo‘lishiga ruxsat bermagan ekanlar...

Aqlimni taniy boshlaganimda ammam menga bir voqeani aytib berdilar. Bir kuni onam buvim bilan bobomni ko‘rgani ketibdi. Ammam erta tongda otamni uyg‘otish maqsadida uyga kirsalar u kishi uyquda yig‘lab yotgan emishlar. Qo‘rqibgina otamni uyg‘otgan ammam “Bosinqiradingizmi?” deya so‘rabdi. Otam tashqariga chiqib, yuzlarini muzdek suvga yuvibdilar-da, so‘ngra ko‘rgan tushlarini so‘zlab beribdilar. Tushlariga oppoq soqolli nuroniy chol kirib, ikki qo‘lini uzatganicha, “Birida farzand, birida boylik bor. Qaysi birini tanlaysan?” deb so‘rabdi. Shunda otam ko‘zlarida yosh bilan “Farzand, farzand, menga faqat farzand kerak”, debdilar... Mana shu xosiyatli tushdan so‘ng, 14 yil deganda men tug‘ilgan ekanman.

Qo‘shiq aytishni bog‘chadan, qizaloqligimdan boshlaganman. Hozir elas-elas eslayman, otam ko‘pincha qo‘shiq aytishimni ko‘zlarida yosh bilan kuzatardilar.

Maktabda qanday tadbir o‘tkazilmasin, o‘qituvchilarimiz birinchi bo‘lib meni tanlab olishardi. Shunda sinfdoshlarim jahl bilan:

– Nega faqat Asal, yana Asal! Bundan boshqa o‘quvchi yo‘qmi? Biz qachon qatnashamiz? – deyishardi. Men sinfdoshlarimdan xafa bo‘lmaslikka, ularni tushunishga harakat qilardim.

Maktabda doimo a’lo baholarga o‘qiganim, intizomli bo‘lganim uchun meni sinf boshi etib tayinlashgan edi. Sinfdoshlarim hurmatimni joyiga qo‘yishar, nima desam bajarishga harakat qilishardi. Ammo bir bola umuman aytganimni qilmas, o‘jar, qo‘pol edi. Mabodo, o‘qituvchi kelmay qolsa, faqat u shovqin qilar, tartibga chaqirsam, “Sen sinf rahbarimiz emassan, joyingga borib o‘tir. Qo‘lingdan nima keladi o‘zi sening”, deb xafa qilardi. Shu sinfdoshim tufayli juda ko‘p yig‘lagan paytlarim bo‘lgan. Shunday kunlarning birida alam bilan o‘z-o‘zimga “Hali ulg‘ayib bir inson bo‘layki, aytgan gaplaridan o‘zi uyalib qolsin”, dedim. Mana, oradan yillar o‘tdi. Ta’til vaqtida uyga borsam, bir kuni ko‘chada o‘sha sinfdoshimni uchratib qoldim. U meni uzoqdan ko‘rishi bilan tez-tez yurib keldi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha “Gulasal bormisiz, yaxshimisiz? Ijodingizni kuzatib boramiz va sizni hurmat qilamiz...” deya samimiy suhbatlashdi. Uning sizlab murojaat qilgandan vaqt sinfdoshimni ancha ulg‘aytirganini his qildim...

 

Duoning siri

 

Maktabda o‘qish bilan birga tumanimizdagi 5-sonli musiqa va san’at maktabida tahsil olardim. U yerda fortepiano va an’anaviy ijrochilik bo‘limlarida o‘qirdim. Mendan atigi bir yosh kichkina bo‘lgan singlim Odinaxon ham shu maktabga qatnardi. Maktabdan kelib, dam olishga ulgurib-ulgurmay opa-singil musiqa maktabiga ketardik. O‘sha paytlarda iqtisodiy tomondan biroz qiynalib qolgan edik. Yo‘l ancha uzoq bo‘lishiga qaramay ota-onamizga yordam bo‘lsin, deya musiqa maktabiga yayov qatnardik. Otamning bir odatlari bor edi. Juda qattiq charchab kelgan bo‘lsalar ham har birimizning kundalik darslarimizni nazorat qilardilar. San’atsevar oila bo‘lganimiz uchun kechki soat 10: 00 dan qo‘shiq aytishni mashq qilardik. Gulsanam Mamazoitova, Dilnura Qodirjonovalarning qo‘shiqlarini ijro etardik. Ota-onam bizni diqqat bilan tinglab, kamchiliklarimizni tushuntirishardi. Onam har doim bizga “Nimaiki niyat qilsangiz, chin dildan niyat qiling. Shunda hamma orzularingiz amalga oshadi”, der edilar. Har kuni tunda uxlashdan oldin osmonga qarab har bir tilagimni erinmay, bir-bir aytib chiqardim...

Niyatlarim amalga oshib turli xil tanlovlarda, tadbirlarda yuqori o‘rinlarni egallab, faxriy yorliqlar ola boshladim. Maktabni tamomlaganimdan so‘ng erishgan yutuqlarim hisobga olinib Namangan san’at kollejiga imtiyozli tarzda qabul qilindim. Bu dargohda ustozlarimdan musiqaning juda ko‘p sirlarini o‘rgandim. Fidoyi o‘qituvchilar, Ahmadjon Abdurahimov, Nodirjon Yusufbekov, Berdiyor Botirov, Nortoji Yusupova va marhum ustozim Botirali O‘rishovlar san’at sirlaridan mahorat bilan saboq berishgan.

Bolaligimizdan ota-onam bizni mehnatkash qilib tarbiyalashgan. Qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar, hovlimizni har doim toza tutishga, sahardan turib barcha uy yumushlarini bajarishga harakat qilardik. Moddiy tomondan oilamizni tiklab olish maqsadida ota-onam Rossiyaga ishlashga ketishdi. Biz bolalar bobo va buvimizning qo‘lida qoldik. Rahmatli bobom bilan buvim ko‘p hayotiy hikoyalar so‘zlab berishar, biz jim o‘tirib eshitardik. Ular men uchun bamisoli hikmatli kitob edi. Ular aytgan har bir so‘z, nasihatlari menga qiziqarli va qadrli edi. Shu bois bo‘lsa kerak, men bilan suhbatlashgan kishilar “Katta odamlardek fikrlar ekansiz”, deyishadi. Albatta, bu bobom va buvim bergan tarbiyaning hosili bo‘lsa kerak...

To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun o‘zimga berilgan pullarni tejashga harakat qilardim. Jamg‘arilgan pullarni kerakli paytlarda singlim va ukalarimga berardim. Ota-onam uzoqda bo‘lgani uchun har xil sharoitga duch kelib qolardik... Kollejdagi dugonalarim darsdan so‘ng istirohat bog‘lariga aylangani, turli xil tamaddixonalarga ovqatlangani borishar edi. Lekin men ulardan ajralib o‘z ustimda tinmay ishlardim. O‘qituvchim bergan topshiriqlarni darrov bajarishga, qayta-qayta takrorlashga harakat qilardim. Bir kuni ustozlarimdan biri dars vaqtida meni qizlarga o‘rnak qilib ko‘rsatdi. Tabiiyki, bu quvnoqlikni, sho‘xlikni xush ko‘ruvchi qizlarimizga yoqmadi...

 

Intilganga tole yor

 

Tinimsiz izlanish va o‘rganishlarim o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. 2013-yil kollejning 2-bochqichida o‘qiyotganimda “Nihol” davlat mukofotini olishga muyassar bo‘ldim. Bu mukofotni olishimda, avvalo, ota-onamning o‘rni va mehnatlari beqiyos. Shu mukofot sharofati bilan o‘qishni tamomlagach, 2014-yili O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyozli ravishda qabul qilindim...

Men elimizning ardoqli san’atkori Dilorom Omonullayeva, Ozodbek Nazarbekov, otamdek talabchan produsser Said Xo‘jaqulovlarni hayotda ham, ijodda ham jonkuyar maslahatchi va kuyunchak ustoz deb bilaman. Ularga o‘xshashni, ularning ishonchini oqlashni orzu qilaman. Bu aytishgagina oson. Buning uchun tinimsiz mehnat, intilish, izlanish, o‘z ustida ko‘proq ishlash kerakligini ham bilaman. Xalqimiz yuragidan joy oladigan san’atkor bo‘lishga astoydil harakat qilaman.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.