Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har bir inson noyobdir

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, adabiyotshunos olim, taniqli tarjimon Ibrohim Gʻofurovning bolalik xotiralarini tinglar ekansiz, teran mushohadali soʻz zargarini kamolga yetkazgan azim Toshkentning koʻhna manzaralari koʻz oldingizda jonlanadi. Yupungina kiyingan kichkina Ibrohim bilan qadimiy Shoshning tor koʻchalari, gavjum bozor va guzarlarida, soʻlim bogʻlarida birga-birga sayr qilasiz. Va inson kamolotida kitobning oʻrni qay darajada muhim ekanligiga amin boʻlasiz.

 

Yashash darvozasi ostonasida

Uch-toʻrt yasharlik paytlarimni es-es xotirlayman. Dadam yelkasiga oʻtqazib Chorsu guzariga olib chiqardi. Tuyalarni koʻrardim. Karvonsaroylarda odamlar kuymalanib yurishardi. Koʻklam, yoz, kech kuzgacha Toshkent shimolida yastangan “Teshikqopqoq”dagi bogʻimizda turamiz. Bogʻning oxiri koʻrinmaydi. Daraxtlar nihoyatda ulkan va qorongʻi. Uzun tol ogʻochlaridan egma qurilgan uzum ishkomlari, bilmayman, qayerlargacha choʻzilib ketgan. Bogʻimiz to sershovqin Qichqiriq soygacha choʻzilib boradi, keyin quyuq, qalin chakalakzorlar, doʻlanazorlarga tutashib ketadi. Bu doʻlanazorlar bahorda gullaganda qalin qor bosganday oppoq hurpayadi, biz koʻchib kelar mahalda. Keyin qish tusha boshlaganda mayda mevalari qip-qizil anvoyi tusga kiradi. Doʻlanalar boshidan qish boʻyi qargʻa-quzgʻun, qishning qushlari arimaydi. Qichqiriq soyi esa besh-oʻn quloch pastda pishqirib, uvvos solib chakalakzorlar oralab buralib-buralib oqadi. Ayniqsa, kechalari uning uvillashlari odamning koʻngliga vahima soladi va uzoqlardan eshitiladi. Shu ovozasi tufayli bu ajib soyning nomi xalq ichida Qichqiriq boʻlib ketgan. Toshkentning shimoliy devori ilgari ana shu yerlardan, xalq “Teshik qopqoq” deb ataydigan joydagi Qichqiriq soyi boʻylab oʻtgan va Taxtapul yoqlardan choʻzilib kelib Toshkentning gʻarbiga – Qorasaroy, Sagʻbonlardan oʻtib Koʻkchaga qarab borardi. Bolaligimizda Toshkent devorining nuragan, tepalikka aylangan, chim bosib yotadigan, yakkam-dukkam saqlangan yerlarida oʻynab, balandliklarida qoʻy-echki boqardik. Sal qorongʻi tushsa, bu joylar juda vahimali boʻlardi. Bogʻimizni yoqalab Qichqiriqqa tomon bir arava sigʻadigan, tuprogʻi oʻynab yotadigan yoʻl oʻtardi. Qishda u shunchalar balchiq loyga aylanardiki, undan na ot-arava, na eshak va na odam oʻta olardi. Odamlar nuragan uylarning devorlariga qapishib olib, devorni ushlab oyoq uchida shox-shabbaning ustiga ehtiyot bilan qadam bosib yurishardi.

Shahar hovlimiz Chorsuda edi. Bizning Chorsudagi koʻchamiz nonvoylar, shirmonpazlar mahallasi boʻlib, mashhur gumbazli Chorsu hammomi va un tortiladigan Kappon koʻchamizda joylashgan edi. Koʻchamizning janubiy “orqa” tomoni ham shimoliy “oldi” tomoni ham chuqur jarliklar edi. Bu jarliklar Hazrati Ukkosha bulogʻining shifobaxsh suvlari ming yillar oqib hosil boʻlgan, Toshkentga togʻ tomonlardan keladigan katta sellarning oʻrdusi shu jarliklardan uzoq kunbotarlarga shoʻngʻib ketardi. Koʻcha ikki chuqur jar oʻrtasida qolgan yassi tepalik yerda edi. Bizning uyimizning orqasi jarga tutashib borar va uyimizdan “Samarqand darvoza”, “Chaqar” koʻchalari joylashgan yerdagi katta guzar kaftdek koʻzga tashlanib turardi. Uyimizning baland taxta zinasiga oʻtirib jarning narigi betidagi odamlar va ot-aravalar gavjum guzarni tomosha qilardim. Koʻchamiz boshidan tramvay aylanib Koʻkcha tomonga chiyillab, gʻiyqillab oʻtib ketardi. Shahardan ham tramvay yurardi. Tramvaylarning jarang-jurunglari guzar bozori atrofidagi tuyalarning mayus qoʻngʻiroqlari sadolariga qoʻshilardi. Tuyalar ogʻizlari koʻpirib tinimsiz kavshanib, uzun-uzun kipriklari orasidan odamga muloyim erkalanganday boqishardi.

Ota ajdodlarim shahardorugʻalari va shirmonpaz boʻlishgan. Bu kasb-korlar nasllardan-nasllarga meros boʻlib oʻtib kelgan va XX asrning oʻrtalariga kelib bizda tugadi. Anʼanalar uzildi. Endi shirinliklarni zavod-fabrikalar, sexlar ishlab chiqaradi. Ona ajdodlarim beklardan boʻlib, ular ibodiylarga mansub edilar. Aravasozlik, bogʻdorchilik qilardilar. Bu kasb-hunarlar ham nasllardan nasllarga oʻtib kelgan va Birinchi Jahon urushidan keyin bobomiz Ibodbekni quturgan vabo olib ketgach, tugagan. Ibodbekning besh qiz va bir oʻgʻillari boʻlgan. Onam rahmatlik beshinchi qiz edilar. Maqol-matal bilan soʻzlovchi edilar. Xolalarimning hammalari ham soʻzga gʻoyatda chechan va onam kabi doim bayt-u maqol-matal aytib soʻzlardilar. Onam mahalla ayollarining, qavm-qarindoshlarning maslahatgoʻyi edilar. Odamlar ohanraboday u kishining atrofidan arimasdilar. Otam Mirusmon usta nonvoy Jahon urushi yillari olti yil harbiy xizmatda boʻldilar.

Oʻsha olis bolalik yillarini hozirgiga qiyos qilsam, aql bovar qilmas darajada qashshoq yashagan ekanmiz, deyman. 1943-yilda bolalik oʻrtogʻim Mansurxon bilan Qorasaroydagi 28-maktabga yetaklashib keta turib bir umr doʻst boʻlishga barmoqlarimizni chalishtirib ahd-u paymon qilganmiz. Qorasaroyga boradigan koʻchalar qish kunlari loy, muz, toygʻanoq, egnimiz juldur-yupun, oyogʻimizda yirtilib ketgan yelim kalish, qora sovuqlarda oyoq-qoʻllarimiz, lablarimiz, yanoqlarimiz tars-turs yorilib, salginaga toʻxtovsiz qon silqib turardi. Maktabdan uyga qaytib oʻzimizni tanchaga urardik. Hali-hanuz onamning mehribon qoʻllari va tancha dunyoning eng farogʻatli narsalari boʻlib tuyuladi. Oʻqishni behad yaxshi koʻrardim.

Bolalik taassurotlari qismat yaratuvchi boʻlarkan... Bolalikning shuʼlalari keyin katta boʻlganingizda sizga ergashib yurarkan. Bolalik sizni hech tark etmas ekan...

 

Yuragim yorilguday boʻldi

Uchinchi sinfda oʻqib yurganimda talaba boʻlishni orzu qilganman. Mahallamizdagi toʻrtta xonadonning koʻrkam-koʻrkam yigitlari oʻsha paytlar ToshMIda oʻqishardi, doim bogʻimizning pastida dars tayyorlashardi. Juda toza, orasta kiyinishardi. Men ularga oʻrik, nok, yongʻoq qoqib berardim. Ularday boʻlishni, katta, tushunarsiz kitoblarni oʻqishni orzu qilardim. Maktabga borgach, tarix, geografiya, ona tili, adabiyotni jonimdan ham suydim. Bu fanlarni bola dilimizni tong qoldiradigan juda soʻzomol, romchilarday sehrgar muallimlar oʻtishardi. Orzulay-orzulay universitetga kirdim.

1956-yil avgust oyining oxirida universitet hovlisidagi oʻqishga kirganlar roʻyxatining oxirgi qatorida oʻzimni koʻrib, yuragim yorilguday boʻldi. Ana shu dam dunyoga kelib yashab bilgan eng baxtiyor onlar, eng ulugʻ quvonchim boʻldi. Kambagʻal katta oʻqishga kirsa suyunadi-da! Universitet menga ikkinchi padar boʻldi, har jihatdan tarbiyaladi. Universitetga muhabbat qoʻydim. Koʻz oʻngimda anvoyi kitoblar, fan olamlari ochildi. Domlalarimga qarab millat ziyolilari, olimlar, insonni tarbiyalovchilar, madaniy kishilar qanday boʻlishini bildim. Ularga ergashishga harakat qildim. Ularday xalq ziyolisi boʻlishga intildim. Universitetda yana qadrdon tengqurlarim – Erkin Vohidov, Anvar Eshonov, Anvar Isroilov, Rahmatulla Inogʻomov, Talʼat Solihov, Hasanxoʻja Muhammadxoʻjayevlarni topib oldim. Ular bir kurs yuqorida oʻqishar, lekin biz kunda koʻrishardik. Hamkursim Toʻlqin Imomxoʻjayev shoir tabiatli, koʻngli ochiq, sodda, dilbarona sheʼrlar yozib yuradigan yigit edi. Toʻlqin bilan doʻstlashib qoldik. U Gʻayratiy domla olib boradigan adabiyot toʻgaragiga qatnashar, adabiyot olamida tanishlari anchagina edi. Meni ham daʼvat etib domlaning toʻgarak mashgʻulotlariga olib bordi. Toʻgarak mashgʻulotlarida Xayriddin Saloh, Erkin Vohidov, Yusuf Shomansur, Anvar Eshonov, Sayyorpoʻlat Fayzullayevlarning sheʼrlarini eshitdim.

Uchinchi sinfga qatnab yurgan paytlarimda sheʼr yozish, toʻqishni mashq qilardim. Oʻqish kitobimdan Mirkarim Osimning kichik tarixiy hikoyalari, Uygʻun va Gʻafur Gʻulom sheʼrlarini topib oʻqirdim. Bu sheʼr va hikoyalarning mardona, qahramonona ohanglari menga juda taʼsir qilar, ularning soʻzlarini dam-badam takrorlab yurardim. “Sudxoʻrning oʻlimi”, “Qullar”, “Doxunda”, “Esdaliklar”, “Qutlugʻ qon”, “Navoiy” meni eski dunyolar ichiga olib kirib ketar, ular yosh yuragimni qattiq ezardi. Koʻz oʻngimdagi hayot shu ezginliklarga juda oʻxshardi. Mirkarim Osimga ergashib, bir talay tarixiy hikoyalar mashq qildim. Ularda yaltiroq soʻzlar koʻp edi. “Shirin-u Shakar”lar, “Kuntugʻmish”larni bot-bot oʻqiganimdan ulardagi noyob totli soʻzlar yodimda qolar va qanday boʻlmasin ularni hikoyalarim ichiga joylashga urinardim.

 

Yozilgan qanotlar

Teshikqopqoqdagi bogʻimiz etagida, mozoristonga tutash yerda Neʼmat Toshpoʻlat degan shoirning chogʻroq bogʻi boʻlardi. U bogʻiga koʻklam va yoz paytlari kelar, qishda bu bogʻlar kimsasiz huvillab yotar, ularni qargʻa-zogʻlar egallardi. Otashin adabiyotchi muallim Husanbek Ibodov (togʻam!) oqartuv texnikumida va maktablarda dars berardi, urushdan yarador boʻlib qaytgan edi, u “yozgan narsalaringni qoʻshnimiz Neʼmat Toshpoʻlatga koʻrsat, juda yaxshi odam, redaksiyada ishlaydi”, deb maslahat berdi. “Tanishuv” degan bir hikoya yozib qoʻygan edim. Uni “Saodat” jurnaliga, Neʼmat Toshpoʻlatga olib bordim. Neʼmat aka sochlari oppoq oqargan, past boʻyli, nihoyatda shirin muomalali kishi ekan. “Tanishuv” hikoyam Neʼmat Toshpoʻlat, Xolida Ahrorova, Hasan Salohlarning maʼqullashi bilan 1959-yil may oyida “Saodat” jurnalida suratlar bilan bosilib chiqdi. Universitetga kirib qanday baxtiyorlik tuygan boʻlsam, bu hikoyaning obroʻli jurnalda chiqqanidan shunday quvondim. Xuddi shuncha paytlardan beri yuragimga yopishib yotgan qanotlarim yozilganday boʻldi.

Beshinchi sinfda biroz boʻlsa ham ruscha savodim chiqqan edi. Rus tili domlamiz mustaqil oʻqishga koʻp daʼvat etar, kitoblarning nomini aytib yozdirardi. Shu sabab boʻlib, Viktor Gyugo, Jonatan Svift, Daniyel Defo, Garriyet Bichar Stou, Raspe, Mark Tven, Pushkin, Gogol, Tolstoy va ayniqsa Garshin, Turgenev, Uspenskiy, Gorkiy kabi juda koʻp jahonga taniqli adiblarning asarlarini ruscha, oʻzbekcha oʻqiganman.

Bu paytda birmuncha kitoblarim yigʻilib qolgan edi. Alohida katta kutubxonam boʻlishini orzu qildim. Talabalik paytlarim stipendiyamga faqat kitoblar oldim. Hozirgi “Saylgoh”da katta-katta kitob doʻkonlari, “Akademkniga” bor edi. Ularga oʻqishga qatnaganda har kuni kirar va har kuni kitob olardim. Eskijoʻvadagi kitob doʻkoniga borishni ham kanda qilmasdim.

Oʻquvchilik paytlarimiz badiiy adabiyot toʻgʻrisida koʻproq romantik, xayoliy tasavvurlarda yurardik. Oʻsha paytlar men koʻproq Aleksandr Grin, Garshin, Babel, Paustovskiy, Xeminguey, Folkner, Edgar Po, Tagor singari adiblarning asarlarini topib oʻqirdim. Ularning xayoliy, asroriy olamlari meni oʻziga rom etardi. Shularning kitoblarini haqiqiy adabiyot deb bilardim.

 

Zar qadrini zargar bilar

Barcha xatti-harakatlarimiz, orzu intilishlarimiz ona yurtimiz borligi, u ozod, mustaqil mamlakat ekanligi bilan maʼno-mazmun kasb etadi. Zar qadrini zargar biladi. Zar bu – ona yurtimiz, zargar uning xalqi.

Odam bolasi hur tugʻilganligini har damda his qilib, sezib tursa va har damda odamday yashasa, shunga suyunaman. Odam bolasi dunyoga kelib oʻzi qodir boʻlgan ishni qoyillatib ado etayotgan boʻlsa, shunga suyunaman. Odam bolasi katta mehnat qilib, samarasini koʻrsa, mehnati qadr topsa, shunga suyunaman. Odam bolasi oʻz oldiga ezgu maqsad qoʻyib, shu yoʻlda gʻalabaga intilsa, shunga suyunaman.

Odam bolasi foydasiz ish, foydasiz soʻz, behuda orzular ketidan quvib yashayotgan va oʻz holini baholay olmayotgan boʻlsa, shunga kuyunaman. Barcha hikmatlarning otasi: “oʻzingni bil”, “oʻzingni angla”.

Yashamoq – oson ish emas. Oʻylarimiz – ogʻir oʻylar. Yerning va koʻkning hukmi bilan biz qaramlik yukini koʻtargan oxirgi avlod boʻldik. Bu adoqsiz kulfat bizda toʻxtasin. Barham topsin. Kelgusi nasllarga oʻtmasin. Meni eng koʻp oʻylantiradigan narsa – inson umrining qadri, insonlikning qadri. Inson mehnatining qadri. Mening aqidam shu: har bir inson noyobdir. Unda koinotning musavvirlik siri mujassam. Hayotning real qimmati – insondir.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.