Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Insonni ulug‘lagan ijodkor

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov yillar davomida o‘z ahamiyati va qadrini yo‘qotmay kelayotgan asarlar yaratgan adibdir. Orangizda uning asarlarini o‘qimagan, ulardan zavq olmagan o‘quvchi topilmasa kerak. Ijodkorning dardi ham, quvonchi ham yuragingizga yaqin. Tili sodda, ravon va samimiy... Shuning uchun bo‘lsa kerak bu yozuvchi asarlari qayta-qayta nashr qilinayotgan, do‘konlarda eng ko‘p xaridorgir kitoblar sirasiga kiradi. Ushbu sahifamizda kitoblari orqali hammamiz uchun aziz va qadrdonga aylangan zabardast ijodkorimizning bolalik xotiralari bilan tanishasiz. Biz bu xotiralarni yozuvchining oila a’zolari yordamida tayyorladik.

 

Tejamkorlik

O‘tkir Hoshimov 1941-yil 5-avgustda Toshkent shahridagi Do‘mbirobod mavzesida tug‘ilgan. Uning ota-onasi farzandlarini halol, to‘g‘riso‘z, mehr-oqibatli qilib tarbiyalashga harakat qilishgan. Otasi “To‘qimachilik” oromgohida qorovul, onasi farrosh bo‘lib ishlagan. Farzandlar, shular qatorida kichik O‘tkirjon ham tong qorong‘usida turib ota-onasiga oromgoh hovlisini supurib, tozalashda yordamlashardi. Kun bo‘yi tinim bilmay ishlab charchaganiga qaramasdan ona farzandlar tarbiyasiga alohida ahamiyat berardi. Ishdan so‘ng qo‘liga kitob olib ertak, hikoyalar o‘qib berardi. Yillar o‘tib yozuvchi o‘z xotiralarida “Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Balki o‘sha oq-oydin kechalarda onamning menga aytib bergan ertag-u hikoyalari qo‘limga qalam tutqazgandir”, deya xotirlaydi.

Bu fayzli oilada bir odat bor edi. Farzandlar uchun dunyoda otadan ulug‘roq, otadan kuchliroq, bilimdonroq odam yo‘q edi. Onasi ikki gapning birida farzandlariga otani qattiq hurmat qilish lozimligini, bu faqat yaxshilikka olib kelishini ta’kidlab, uqdirib katta qilgan.

Tomiga to‘l (saqichlangan qora qog‘oz) yopilgan, teshilgan joylaridan chakka o‘tib, qishda devorigacha muzlab qoladigan pastakkina uyda yashashgan. Shunday ahvolda ham ota-ona 5 farzand – bir qiz va to‘rt o‘g‘ilni ilmli qilishga intilishgan. Oilaviy sharoitni yaxshilash, iqtisodiy tomondan tiklanish maqsadida farzandlar ham ota-onalari bilan teppa-teng mehnat qilishardi.

Oilada faqatgina bitta sigir bo‘lib, undan olingan sutni sotib, kun ko‘rishardi. Ota-onasining olgan maoshi juda kam, yetti jonning qornini to‘yg‘azishga yetmas edi. Shuning uchun opa-ukalar navbati bilan sut va qatiqlarni uyma-uy yurib sotib kelishardi. Qaytishda jamlangan pulga non, ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan narsalar xarid qilinardi.

O‘sha paytlarda hali urush asoratlari ketmagan, ko‘pgina oilalar ochlikdan qiynalishar edi. Kichik O‘tkirjon oromgohda qolgan-qutgan nonlarni yig‘ishtirib olar, ularni to‘g‘rab, quritib qo‘yardi. Keyin qotgan nonlarni to‘plab katta idishga solardi... Vaqti kelganda shu qotgan nonlar ko‘pgina oilalarni ochlikdan saqlab qolgan ekan. O‘shanda bo‘lajak yozuvchi ota-onasining tejamkorlik, savob va uvol haqida aytgan nasihatlari nechog‘lik haqiqat ekanligiga amin bo‘lgandi.

 

Qarqunoq

O‘tkirjon bolaligida uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan. Javdod degan sinfdoshi bilan tepadan sakraymiz, deb dumalab ketib, ota-onasidan rosa dakki eshitgan ekan.

U qushlarni yaxshi ko‘rar, ularning ovoziga mahliyo bo‘lib tinglardi. Bir kuni akasi unga qarqunoq olib keladi. “Boqib katta qilsang, “gah” deganingda qo‘lingga qo‘nadigan bo‘ladi”, deydi. To‘rtinchi sinfda o‘qiyotgan O‘tkirjon qarqunoqni mehr bilan boqadi. Hovuchidan suv ichishga o‘rgatadi. Qarqunoq uni erta tongdan “qiy-qiy”lab uyg‘otar, “gah” desa pirpirab uchib kelib yelkasiga qo‘nardi. Shunday paytlarda o‘rtoqlari lol bo‘lib qolardi.

Kutilmaganda qarqunog‘ini yo‘qotib qo‘ygan O‘tkirjon betoqatlanadi. Uzoqdan boshqa qushlar bilan uchib yurganini ko‘rib chaqiradi, biroq qarqunoq kelmaydi... Ertasiga qaytib kelgan qarqunoqni yana ketib qolishidan xavotirlanib supaning bir chekkasiga olib borib, ustiga tog‘ora to‘nkarib qo‘yadi. Ertalab turib qarasa, qarqunoq o‘lib qolibdi. Qo‘rqib ketgan bolakay bir necha kun uxlay olmaydi. “Uni men o‘ldirdim”, deb iztirobga tushadi. Hatto tushlarida ham qarqunoqni ko‘radi...

 

Ishonchini oqlagan bola

Tengqur bolalar bilan sigirini boqish uchun jiydazorga borgan O‘tkirjon temir qoziq topib oladi. Xursand bo‘lib uni uyga olib keladi. Chunki uning qozig‘i yog‘ochdan edi-da. Ertasiga kechasi onasi uni uyg‘otib, dadasi chaqirayotganini aytadi. Hayron bo‘lib ayvonga chiqib qarasa, qo‘lida temir qoziq ushlab turgan dadasi qovog‘ini uyib turganmish. “Buni qayerdan olding?” deb so‘raydi u. O‘tkirjon esa qiyshiq jiydaning tagidan topib olganini aytadi. Jahli chiqqan otasi hoziroq uni olib borib, topgan joyiga tashlab kelishni talab qiladi. Onasi va akasining aralashishiga yo‘l qo‘ymay, bir o‘zi borib kelishini buyuradi. Yolg‘iz o‘zi g‘ira-shira ko‘roydinda, qo‘lida muzdek temir qoziqni ushlaganicha jiydazor tomon yo‘l oladi. Qoziqni olgan joyiga qo‘yib qaytadi. Qarasa, eshik oldida onasi bilan akasi xavotirlanib turishgan ekan. Kechasi bilan labiga uchuq toshib ketadi. Oradan bir necha kun o‘tgach otasi unga:

– Sen topib olgan qoziqqa bog‘langan sigir arqonini uzib, adashib ketgan yoki birov o‘g‘irlagan bo‘lsa-da, qoziq sening uyingdan chiqsa, egasi seni o‘g‘ri gumon qilsa, nima bo‘lardi? Bundan keyin birovning narsasiga aslo tega ko‘rma! Endi bunday ish qilmasligingga ishonaman, – deydi...

Faqat a’lo baholarda o‘qigan bo‘lajak yozuvchi maktabning barcha tashkiliy ishlarida faol qatnashgan. Bir kuni maktabda olima ayol bilan uchrashuv bo‘ladi. Olima ayol bolalar bilan suhbatlashganidan so‘ng zaldagi o‘quvchilarga qarab “Kim Pushkin she’rlarini o‘qigan?” deb so‘raydi. Shunda jim turgan bolalar orasidan O‘tkirjon chiqib Pushkinning bir she’rini maroq bilan ifodali o‘qib beradi. O‘sha paytda u 6-sinf o‘quvchisi edi. Hayratda qolgan olima ayol uning qo‘lini siqqanicha o‘quvchilarga qarab: “Men ishonaman, bu boladan kelajakda katta shoir yoki buyuk yozuvchi chiqadi”, degan ekan ishonch bilan.

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.