Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kashtalardan rang olgan orzu

O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovani tanimagan, bilmagan o‘quvchi bo‘lmasa kerak. U sizga Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosida ishlangan film qahramoni Kumushbibi obrazi orqali yaxshi tanish. Gulchehra Jamilovaning maftunkor chehrasi, turli kinofilm va teatr sahnasida ijro etgan bir-biridan ajoyib rollari, multfilm qahramonlarini (Qizcha va quyonchalarni eslang) gapirtirgan maftunkor ovozi hali-hanuzgacha millionlab muxlislarni lol qoldirib kelmoqda. Sevimli va ardoqli ijodkorimiz bugun sizlar uchun xayolan o‘z bolalik damlariga qaytgandek bo‘ldi...

 

O‘g‘il bola qizaloq

 

Men 1946-yilda Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilganman. Otam Abdumannon aka va onam Faridaxon opa farmatsevt bo‘lishgan. Oilada to‘rtta farzand – bir o‘g‘il va uch qiz edik. O‘rdadagi anhorning narigi tarafida katta hovlimiz bo‘lardi. Kichkina eshikdan kirganda o‘ng tarafda amakimning, bizlarning oila, yon tomonda rus qo‘shnilarimiz bilan yashardik. Lekin oraga devor urilmagandi, katta oiladek inoq edik. Keyinchalik Sho‘rtepa(Lunacharskiy) markazidagi hovliga ko‘chib o‘tganmiz. Yoz payti hovli qurish uchun otam sotib olgan atrofi ochiq dashtdek yerda o‘ynardik. Buvim bizga o‘choqda ovqat qilib berardi. U yerda qurbaqalar juda ko‘p edi. Shuning uchun qo‘limizda uzun xivich bilan qozonni atrofida qo‘riqchilik qilib o‘tirardik. Buvimning kechki ovqati pishguncha daladagi pomidor, non, gazli suv bilan qornimizni to‘ydirib olardik. Yodimda, buvimning dala hovlisida tulkilar ham bo‘lardi. Bir marta tulkilar buvimning tovuqlarini yeb ketishgandi...

Uyimiz yonidagi ariq bo‘yida gulsafsarlar o‘sar edi. Qarindoshlarimizning aksariyati tibbiyot xodimi bo‘lganligi sabablimi men ham shifokor, ham san’atkor bo‘lish orzusi bilan yashardim. Qo‘limga skalpelni olib, gullarning u yoq, bu yog‘ini kesib chiqardim. Xayolimda go‘yoki gullarni operatsiya qilardim. Kechqurun ishdan qaytgan otam “Kim gulsafsarlarni hakkam-dukkam qilib chiqdi?” deb urishardi...

Bichish-tikish jon-u dilim edi. Ayniqsa, singan soyabonlarning ustidagi matodan o‘zimga chiroyli yubkachalar tikib olardim. Kechasi oy yorug‘ida tikkan kiyimlarimni kiyganimda quvonchdan dilim yayrardi. Opam bilan birga tikkan bir-biridan chiroyli kashtalarimizni devorga ilib qo‘yardik. Ularga termulib shirin orzularga berilishni, kelajak rejalarimiz haqida suhbatlashishni yaxshi ko‘rardik. Go‘yoki bu kashtalarda orzu-niyatlarimizni aks ettirgandek bo‘lardik... Yana yoz kunlari tuproqqa rasm chizishni yaxshi ko‘rardim.

Hovlimizda mevali daraxtlar juda ko‘p edi. Hosil ko‘pligidan onam hamma qo‘shnilarga tarqatib chiqardi. Qo‘ni-qo‘shni o‘rtasida mehr-oqibat, ahillik bor edi...

Bolaligimda faqat o‘g‘il bolalar bilan o‘ynardim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, otam akamga qo‘shib doimo mening sochimni ham oldirardi. Akamning ortidan qolmay, o‘g‘il bolalar qanday o‘yin o‘ynashsa, qo‘shilib o‘ynayverardim. Katta tutimizga qalin arqon bog‘lab, Tarzandek ovoz chiqarib, turli harakatlar qilib uchardik. Yoz kunlari dalaning o‘rtasida yerga to‘rt tomondan cho‘p suqib, ustiga gazetadan soyabon qilib qo‘yardik va tagiga kirib olib mazza qilib uxlardik. Bir kuni nimadir bo‘ldi-yu, qo‘shnimiz Vitya bilan urishib qolib, uni tezoqar suvga itarib yubordim. Keyin onasi otamga arz qildi. O‘shanda otam meni qattiq jazolagan va “Bundan keyin o‘g‘il bolalar bilan kamroq o‘ynaysan”, degandi jahl bilan. Otam qattiqqo‘l inson bo‘lishiga qaramay, hazilkash, mehribon, bilimli inson edi. Har doim o‘qishimizni qattiq nazorat qilardi. Onam bilan oddiy gaplarni ham opera qilib kuylashardi. Har dam olish kuni soat 13: 00 da oilamiz bilan “Teatr mikrofon oldida” degan eshittirishni tinglardik. Bu eshittirishda Hamza teatrining radiopostanovkalari qo‘yilardi. Radioeshittirish tugaganidan keyin otam har birimizdan fikr-mulohazalarimizni so‘rar edi...

Ilgari qish qattiq bo‘lardi. Biroq bir kun ham maktabni qoldirmasdik. Ko‘chalar shu darajada qalin muzlardiki, qo‘ni-qo‘shnilar lom bilan muzlarni yorib, yo‘l ochishardi. Maktabga borguncha siyohdonlarimizdagi siyoh muzlab qolardi. Bolalikning g‘o‘rligini qarangki, ayrim paytlari ataylab siyohdonimizni qo‘limizga ushlab olardik. Sababi, muzlagan siyoh dars vaqtida yozmay o‘tirishga yaxshi bahona bo‘lardi.

 

“Solfedjio”

 

Tashkiliy ishlarda faol edim. Dugonalarim bilan mahallamizning keng va tinch joyidan o‘rin hozirlab, tozalab, supurib chiqardik. Go‘yoki biz uchun bu yer teatr binosi edi. Bolalar bilan bir-biridan qiziqarli dasturlarni sahnalashtirar edik. Qog‘ozdan chiptalar tayyorlab uyma-uy yurib tarqatib chiqardik.

Deyarli kunora ota-onalarimizga konsert qo‘yardik. Tomoshadan so‘ng bolalar va ota-onalar birgalikda bekinmachoq o‘ynardik. Har dam olish kuni otam teatrga olib borishni kanda qilmasdi. Bir kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatriga bordik. U yerda “Doktor, voyjonim” baletini ko‘rib shu san’atga mehr qo‘yganman. Qo‘shnimizga baletga tushishim, oyoq uchida turishim uchun paypoq tikib bering, deb onamning anchagina sochig‘ini olib chiqib berganman. 5-sinfgacha 1-sonli maktabda o‘qidim. Otam san’atga befarq bo‘lmagani bois 10 yoshimda Toshkent xoreografiya bilim yurtiga o‘qishga berdi. Bir necha oydan keyin otam bilim yurtiga kelib mashg‘ulotlarimni kuzatgach, “Bu nimasi, u yoqdan bu yoqqa sakrab o‘ynayverarkansan, ozib ketganingni qara! Endi bu yerda boshqa o‘qimaysan!” dedi. Ikkinchi qavatdan yig‘lab tushayotganimni ko‘rgan vokal pedagogi Mariya Lesnaya meni to‘xtatib nima gapligini bilgach, ovozimni tekshirib ko‘rgan va otamga ajoyib ovozim borligini tushuntirgan. Meni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga olib borishni maslahat bergan. Bu maktabda ikki yil o‘qidim. Oilamizda shunday tartib-qoida bor edi. Uydan chiqishdan oldin kim qayerga ketayotganini yozib ketishi shart edi. Men har kuni musiqa darsiga ketishdan oldin “Solfedjioga ketdim”, deb yozib ketardim. Shuning uchun uyda meni nomimni “Solfedjio” deb atashardi.

 

“Miltiqning o‘qi”

 

Bir kuni yangi yil bayrami repetitsiyasi cho‘zilib ketdi. Kech tushib qolgan, qor maydalab yog‘ardi. Zinaida Yakovnadan uyimga qanday borishni so‘radim. U kishi menga 4-trolleybusga chiqib, yarim yo‘lda avtobusga o‘tirishim lozimligini tushuntirdi. Trolleybus biram sekin yurdi-ki! Bekatga tushib qarasam, ko‘chada hech kim yo‘q. Xavotir bilan avtobus kuta boshladim. Aksiga olib avtobusning qorasi ko‘rinay demasdi. Tavakkal qilib, oldinga qarab ketaverdim. Yuraverib uyimizga yaqinlashib qolibman. Qarasam, ko‘chaning boshida butun oilam turibdi. Onam, opam yig‘lashgan. Otam meni ko‘rishlari bilan “Xudoga shukur”, deganicha “Agar yana bir marta ko‘chaga chiqsang, oyog‘ingni urib sindiraman”, dedi. Ertasiga ertalab bayram dasturi bo‘lishi kerak edi. Soat 10: 00 da boshlanadi. Nima qilaman, menga ruxsat bering, bormasam bo‘lmaydi, deya onamga yalina boshladim. Onam otamdan qo‘rqqani uchun ikkilanib, zo‘rg‘a ruxsat berdi. “Faqat otangdan oldin yetib kel”, deb tayinladi. Kechki payt otam keldi-da: “Men bayramga bordim. Hamma bolalarni ko‘rdim. Ularni sen ham bir ko‘rsang edi. “Miltiqning o‘qi”dek hammasi. Bu qizing hech kim bo‘lmaydi. Bir raqs deydi, bir qo‘shiq deydi. Odam degani bittasini tanlashi kerak-da. Ayniqsa, bitta qiz ashulani shunday aytdikki, bir eshitsang edi. Ovozi biram chiroyli ekanki!” dedi. Oyim chidab turolmadi. Oxiri, “O‘sha miltiqning o‘qidek qo‘shiq aytgan sizning qizingiz bo‘ladi. O‘z qizingizni tanimadingizmi?” dedilar. Men xonamda endi nima bo‘ladi, degan xavotirda dir-dir titrab o‘tirardim. Onamning gapini eshitgan otam hayron bo‘lganicha bir og‘iz ham so‘z aytmay xonasiga kirib ketdi...

Bir kuni maktabimizga O‘quvchilar saroyining direktori keldi. Mashhur ariyani aytish uchun kuchli ovozi bor qizlar kerakligini aytdi. O‘shanda omadim chopib, meni ham tanlab olishgan. O‘quvchilar saroyida raqs to‘garagi ham bor ekan. Xursand bo‘lganimdan ham drama, ham raqs to‘garaklariga yozilganman. Otam meni harakatlarimni ko‘rib “Daraxt bir yerda ko‘karadi”, deya tanbeh berdi... 7-sinfni tugatib 1961-yilda O‘zbek davlat xoreografiya bilim yurtiga hujjat topshirdim va o‘zbek milliy raqs bo‘limiga qabul qilindim. Bu dargoh menga “Bahor” raqs ansambli badiiy rahbari Mukarrama Turg‘unboyevadek inson bilan uchrashish, uning ta’limini olishdek baxtni ato etdi. Sinovlardan o‘tib, mazkur ansamblda ishlay boshladim. Ham o‘qib, ham ishladim. Bir kuni dars vaqtida suv sepilgan polda raqs tushaman, deb oyog‘im sirpanib yiqildim va to‘pig‘imni sindirib oldim. Jiddiy jarohatdan so‘ng noiloj raqs olamini tark etdim. U paytda hali meni butun umrim mazmuniga aylanadigan teatr san’atining sehrli olami kutib turganini bilmasdim...

Tabarruk yoshdagi “Gulxan”jurnalining o‘quvchilari ko‘payishini istayman. Ular qalbiga quloq tutib, faqat o‘zi chin dildan mehr qo‘ygan kasbiga erishishi uchun harakat qilishlarini tilab qolaman. Sababi, faqat kasbiga mehr-muhabbati bor insongina, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘la oladi...

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.