Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Kichik ustoz”dan katta ustozlikka yoʻl

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, professor, atoqli olim, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sohibi Boyboʻta DOʻSTQORAYEV yurtimizdagi koʻplab jurnalist va olimlarning qadrli ustozi va murabbiyidir. Oʻzbekiston jurnalistikasining dargʻalaridan biri boʻlgan ustozning ilmiy mavzudagi qator maqola va kitoblarini mutolaa qilsangiz, oʻzbek jurnalistikasi tarixi haqida keng majumotga ega boʻlasiz. Kamtarlik va vazminlikda kattayu kichikka oʻrnak boʻtib kelayotgan ustozning bolalik xotiralari sizga ulkan hayotiy saboq boʻlishiga ishonamiz.

 

Mehrning qiyofasi

Men 1942-yil 12-noyabr – yurtimizda mashʼum urushning sovuq nafasi esib turgan paytlarda tugʻilganman. Bolaligim Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Oqtoʻnli qishlogʻida oʻtgan. Oilada yetti farzand bir qiz, olti oʻgʻilmiz. Otam – Abdugʻani Doʻstqorayev kolxozda rais oʻrinbosari boʻlib ishlaganlar. Bilimli va zakovatli inson boʻlganlari uchun biror soʻzni behuda gapirmas, bir qarashi biz farzandlar uchun yetarli edi. Otam oʻziga xos salobat va viqor bilan yurardilar. Atrofdagilarga boʻlgan mehri, odamiyligi sabab qoʻni-qoʻshni, mahalladagilar otamni behad hurmat qilishardi.

Onam – Xanifa Xursandova juda sodda, beozor ayol edilar. Volidam ukalarim bilan tinmay shoʻxlik qilsak-da, qattiq gapirmas, boshimizni silab, vazminlik bilan bizni yoʻlga solardilar. Kun boʻyi tinim bilmagan onam charchab uxlab qolar, biz esa toliqqan yuzlariga qarab rahmimiz kelardi. Boshqa shoʻxlik qilmaslikka bir-birimizga vaʼda berardik. Ammo bola ekanmiz, ertasi kuni vaʼdamiz esimizdan chiqib yana oʻyinga berilib ketardik.

Qishlogʻimizda bir quduq boʻlardi. Atrofda yashovchilarning hammasi kelib shu quduqdan suv olishardi. Bir kuni shu quduqning tepasiga chiqib, u yoqdan bu yoqqa oʻtib sakrayotganimda toʻsatdan oyogʻim toyib quduqqa tushib ketay dedim, shu chogʻ kimdir qoʻlimdan qattiq ushlab tortib oldi. Bir necha soniya nima boʻlganini anglolmay qoldim. Koʻzimni ochib qarasam, qoʻshnimizning kelini Gulsara opa tepamda qoʻrquv bilan qarab turibdi. Jilmayganimni koʻrdi-da, bagʻriga mahkam bosib quchoqlab oldi. Shu payt koʻksimga mehrning issiq nafasi urilgandek boʻldi. Shuning uchunmi qachon va qayerda boʻlmasin, Gulsara degan ismni eshitsam, koʻz oʻngimda mehrning qiyofasi namoyon boʻlaverar edi. Gohida yillar oʻtib, ulgʻayib, boshqa viloyatdan boʻlishiga qaramay Gulsara ismli qiz bilan hayot yoʻlimni bogʻlashimga balki shu mehrning tafti, nuri sababchi boʻlgandir, deb oʻylab qolaman...

 

Ilm sari yoʻ1

Otam uyimizga tez-tez yangi kitoblar olib kelar va har bir kitobni oʻqib boʻlganimizdan soʻng asardan olgan taassurotlarimiz, chiqargan xulosamizni hafsala bilan soʻrab chiqardilar. 4-sinfdan boshlab katta-katta romanlarni oʻqiy boshladim. Ayniqsa, rus adabiyotini oʻzgacha ishtiyoq bilan mutolaa qilardim. Tushunmagan soʻzlarimni lugʻatdan erinmay qidirib topardim. Bora-bora yuqori sinfda oʻqiyotgan kezlarimda rus tilini qiynalmay tushunadigan, bemalol gaplashadigan boʻldim.

Oʻsha paytlari koʻpchilik qishloq maktablarida yuqori sinflar boʻlmagan, faqat 7-8-sinfgacha oʻqitilardi. Shu bois maktabni tamomlagan bolalar oʻqish haqida oʻylamay, ota-onalariga roʻzgʻor ishlariga koʻmak berib yurishardi.

Ammo ota-onam menga “Toʻngʻich farzandimizsan, albatta, oʻqishing lozim. Chunki kichkinalar kattadan oʻrnak olib oʻsishadi”, deya nima boʻlgan taqdirda ham bilimli boʻlishimiz zarurligini tinmay uqtirishardi. Men hayotimni maktabsiz, oʻqishsiz tasavvur eta olmasdim.oʻylay-oʻylay oxiri bilim olishga ishtiyoqi baland boʻlgan oʻn sinfdoshim bilan sovxoz markazidagi maktabga borib oʻqishga ahd qildik. Maktab qishlogʻimizdan 10 kilometr narida joylashgandi. Uyga haftada bir marta kelardik. Garchi urushning asoratlari ketmagan ogʻir bir paytda, non tanqis boʻlishiga qaramay, ota-onam bizni imkon qadar qiynalmay oʻsishimiz uchun astoydil harakat qilishardi. Hafta boshida onam solib bergan qotgan nonlarni bir xalta qilib olardikda, har kuni suvga botirib yeb qornimizni toʻqlardik. Bir-birimiz bilan bahs-munozara qilib, fikrlashib, mutolaaga shunchalik berilib ketardikki, kunimiz qanday oʻtganini bilmay qolardik. Hozir oʻylab qarasam, oʻsha qattiq nonning mazasi biz uchun eng totli taomdan ham ortiqroq edi.

Sinfdoshlarimga nisbatan koʻproq kitob oʻqiganim sabablimi, ular uchun qiyin tuyulgan mavzularni qiynalmay tushuntirib berardim.oʻrtamizda shunday samimiyat bor ediki, ular meni “Kichik ustoz” deb chaqirishardi. Bunday samimiyat, eʼzoz va hurmat meni muallimlik sari yetaklagan boʻlsa ajabmas...

Filologiya fakultetida tahsil oladigan amakimnikiga tez-tez mehmonga borib turardim. Bir kuni amakimning stolidagi bir daftar eʼtiborimni tortdi. Ichidagi yozuv shu qadar chiroyli va jozibador ediki, undan soatlab koʻz uzolmay qoldim. Keyin amakimdan soʻrab, bu eski oʻzbek yozuvi ekanligini bilib oldim. Shundan soʻng amakimni holi joniga qoʻymay eski oʻzbek yozuvini oʻrgatishlarini iltimos qildim. Alifboni oʻrganganimdan soʻng mustaqil ravishda harflarni qoʻshib oʻqishni mashq qila boshladim. Qiziqishim kundankunga ortar, eski oʻzbek yozuvidagi kitoblarni tinmay oʻqirdim. Bir kuni amakim kitoblardagi yozuvlarni qiynalmay oʻqishimni koʻrib, “E, qoyil, hatto mendan ham oʻzib ketibsan-ku”, deb hayron qolgandi. Shundan soʻng fors, tojik tillarini mukammal oʻrganishga kirishdim.

Maktabni tamomganimdan soʻng hozirgi oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Barcha imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtganimdan soʻng menga ham talabalik baxti nasib etdi.

 

Oliygohga qabul qilinganligim haqidagi xushxabar etib kelganida men qattiq betob edim.

Baland isitma bilan hech narsani sezmay yotardim.oʻsha paytlarda tibbiyot rivojlanmagan, qishlogʻimizda birorta shifoxona yoʻqligi sababli, otam meni otga mingashtirganicha rayon markaziga olib bordilar. U yerdagi hamshiralar menga isitma tushiruvchi ukolni qilishdi-yu, yana ortga qaytarib yuborishdi. Uzoq yoʻl emasmi, otda kelgunimizcha terlab ketganimdan ustimdagi kiyimlarim jiqqa hoʻl boʻlib ketdi. Keyin butun vujudim allaqanday tushunib boʻlmas darajada soviy boshladi. Hoʻl kiyimlarim ustimda qurib, tarashadek qotib qolgandi. Ana shundan keyin ahvolim yanada ogʻirlashdi.oʻzimga kelishim, yaxshi boʻlishim ancha qiyin kechdi. Shu sababli oʻqishdan bir yillik akademik taʼtil oldim.

Bir yildan soʻng butunlay sogʻaygach, oliy oʻquv yurti tomon shoshdim...

 

Ustoz maqomi

Universitetni imtiyozli tugatib, qishlogʻimga – ota-onamning yonlariga qaytdim. Qadrdon qishlogʻimdagi maktabda bolalarga ona tili va adabiyot, rus tili fanlaridan dars berdim. Bir yil oʻtar-oʻtmas harbiy xizmatga chaqiruv qogʻozi keldi. Xizmatni oʻtab kelganimdan soʻng otaonamning maslahatlari bilan hozirgi oʻzbekiston Milliy universitetida oʻqituvchi boʻlib ishlash maqsadida Toshkent shahriga joʻnab ketdim...

Umrim davomida hayot yoʻllari bir tekis emasligiga, gohida nohaqliklar, adolatsizliklar boʻlishiga guvoh boʻldim. Shunday ogʻir paytlar boʻldiki, tushunmovchiliklar, nohaqliklar ortidan yelka qisinib yurishimga ham toʻgʻri keldi. Lekin qanday vaziyat boʻlishidan qatʼiy nazar hech qachon adolatsizlik oldida bosh egmadim. Va shunday kunlar keldiki, hayot charxpalagi teskari aylanib, men qaddimni yanayam tik tutdim. Shunday paytlarda men qilingan yaxshilik ham, yomonlik ham javobsiz qolmasligiga, ertaga har bir amal oʻz egasiga ikki karra ziyod boʻlib qaytishiga ishonch hosil qildim.

Hech qachon hech bir ishda shoshqaloqlik qilmadim.

Faqatgina yaxshi inson boʻlishga, ozgina boʻlsa-da koʻngillarga ilm – nur ulashishga shoshdim, xolos. Qanchadan-qancha oʻquvchi va talabalarga taʼlim berdim. Shogirdlarimga ustoz maqomi qanday ekanligini, shogird vazifalari qanday boʻlishi kerakligini uqtirishga, singdirishga harakat qildim. Ularga birinchi navbatda shoshmaslikni, har bir ishlanayotgan maqola yoki asar ustida tinmay izlanishlarini, mukammal oʻrganishlarini maslahat berdim.

Respublikamizda hozirgi kunda chiqayotgan koʻpgina nashrlarni qunt bilan kuzatib boraman. Ayrim maqolalarni oʻqir ekanman, yuzaki, sayoz yozilganini koʻrib biroz ogʻrinaman. Pishiq va puxta, asos bilan yozilgan maqolalarni oʻqib quvonaman.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, yoshlar imkon qadar chuqurroq bilim egallashga, har tomonlama mukammal inson boʻlishga harakat qilishlari lozimdir. Bu mukammallik esa oʻtkir bilim, kuchli tafakkur, maʼnan va jismonan sogʻlomlik bilan belgilanadi.

“Gulxan” jurnali muxlislariga tilagim, awalo inson boʻling. Doimo mulohaza bilan ish tuting. Zero, mulohazali insonlar doimo hurmatga va eʼzozga loyiqdirlar.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.