Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mangulik madhiyasi

Har tong bayram va tantanalarda davlatimiz madhiyasini eshitar ekansiz, so‘zi va musiqasining ajib bir sehri yuragingizni qamrab oladi. Qalbingiz orzu va umidlar sari oshiqadi... Ana shu madhiyamizning musiqa muallifi Mutal Burhonov ekanligi barchamizga ayon. “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap” “Boy ila xizmatchi”, “Abu Ali ibn Sino”, “Istiqlol yo‘llari” kabi ko‘plab badiiy filmlar musiqasi ham Mutal Burhonov qalamiga mansub. Taniqli kompozitor, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Mutal Burhonovning o‘zbek musiqa san’ati rivojidagi ulkan xizmatlari yuksak baholanib, u kishi “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bugun Sizlarga nomi o‘zbek san’ati tarixiga abadiy muhrlangan buyuk iste’dod egasi Mutal Burhonovning bolaligi haqida hikoya qilishni maqsad qildik.

 

Musiqa dunyosi

Mutal Burhonov 1916-yilning 5-may kuni Buxoroning Bozori nav hududidagi Kavshi olak mahallasida tug‘ilgan. Otasi Muzainiddin madrasa mudarrisi, onasi Shoposhshooyim dunyoviy bilimlarga ega ziyoli, hunarmand ayol bo‘lgan. Ular oilada besh opa-uka – Mohida, Fotima, Minhojiddin, Misbohiddin va kenjatoy Mutavakkil (Mutal) bo‘lgan. Mutaljon uch yoshga kirganida otasi vafot etgan. Onasi yolg‘iz boshi bilan oilani tebratar, farzandlariga mehribon, muloyim, har qanday vaziyatda ham og‘ir, bosiq vazmin bo‘lgan ekan. Bu haqda Mutal Burhonov o‘zining xotiralarida ko‘p yodga olgan. Shoposhshooyim turli xildagi qushlarning ovozini shu darajada o‘xshatib berardiki, bolalari xuddi yonginasida qushning o‘zi sayrayotgandek hayratdan lol bo‘lib qotib qolishardi. Onasi qayerga borsa kichkintoy Mutalni yetaklab borar, u ham go‘yoki posbondek shahdam qadamlar bilan yo‘lga otlanardi. Bo‘lajak kompozitor amakilarining uyiga tez-tez borib turardi. Amakisi Mukammil tanbur sozi bo‘yicha yetuk mutaxassis edi. Jiyanining musiqaga bo‘lgan iqtidorini sezib, unga kichkinagina tanbur sovg‘a qiladi va uyida bo‘lib o‘tadigan adabiy suhbatlarda ham yonida olib o‘tiradi. U yerda o‘zbek va fors tillarida g‘azallar o‘qilar, suhbat jarayonida musiqa haqida teran fikrlar bildirilardi. 8 yoshli Mutal esa bu gurunglarni jon-qulog‘i bilan tinglardi. Shunday qilib, amakisi unga musiqadan ustozlik qila boshlagan. Maqom notalarini qiyinchilik bilan o‘rganishga kirishgan Mutal tanburni noxun bilan emas, tirnog‘i bilan chalishni o‘zi uchun qulay deb bilardi. Shu bois doimo tirnog‘ini o‘stirishga harakat qilgan. Bir kuni tozalik qoidalariga qat’iy rioya qiluvchi Mukammil amakisining ayoli Musabbiha xonim Mutalning tirnoqlarini qaychi bilan tekis qilib olib qo‘yadi. Bolakay uyiga borib, “Endi qanday qilib tanbur chalaman”, deya onasiga arz qilib rosa yig‘laydi. Onasi unga tirnoq juda tez o‘sadi, deya tushuntiradi...

Kichik amakisi Muammirning ayoli Naziya ud sozida kuylar chalganida bolakay uni maroq bilan tinglar, musiqa sehridan sel bo‘lib qolardi... Onasi va amakilari bolalar tarbiyasiga jiddiy e’tibor berishar, o‘zaro ahillik, kattalarni hurmat qilish shart, deya uqtirishardi. Mutal Burhonov yashagan mahallada turli millat vakillari bisyor edi. Ular orasida musiqani sevuvchilar ko‘pchilikni tashkil etar, qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, musiqa insonning ruhiy ozuqasi, deb hisoblashardi. Ana shunday insonlar atrofida ulg‘ayayotgan bolakay musiqani yuragining tub-tubidan idrok etardi...

 

Og‘ir sinovlar

1926-yil M. Burhonov, uning aka va opalari hayotiga o‘ta jiddiy o‘zgarishlar olib kirdi. Akasi meningit (miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik) bilan og‘rib bu dunyoni tark etganidan so‘ng bir hafta o‘tar-o‘tmas onasi Shoposhshooyim ham og‘ir xastalikdan vafot etadi. O‘sha paytda endigina 10 yoshni qarshilagan bolakay ketma-ket yo‘qotishlardan gangib qoladi. Yetimlik uni erta ulg‘aytirgan, aqliy va ruhiy jihatdan o‘zini katta odamlardek his qilar, nazarida butunlay boshqa odamga aylanib qolgandi. Go‘yoki onasi o‘zi bilan Mutalning quvnoq bolaligini olib ketgandek edi. Hayotning og‘ir sinovlari boshiga tushgan bolakay taqdir zarbalariga sabr-toqat bilan ko‘nishdan boshqa iloji yo‘q edi.

Bu voqealardan so‘ng qarindoshlar maslahatlashib, qarovsiz qolgan bolalarni “bo‘lishib” olishadi. Mutalni Mazhariddin, ya’ni katta amakisi o‘z qaramog‘iga oladi. Bu inson tabiatan hazilkash, quvnoq bo‘lsa-da, nihoyatda qat’iyatli edi. U Mutalni tushkun kayfiyatdan olib chiqish, bilimini oshirib, o‘qib-o‘rganishi uchun qulay sharoit yaratib berishga harakat qilardi. Amakisi va uning ayoli Mutalni mehr bilan tarbiya qilishadi. U eski va yangi usuldagi maktablarda o‘qidi. Mashhur tanburchi Ota G‘iyos Abdug‘anidan musiqa sirlaridan saboq oladi...

Bir kuni amakisi uyga ikkita, oq va qora kuchukcha olib keladi. Yoqimtoyligi sabab oq kuchukchani hamma erkalatar, yaxshi taomlar berishar, ikkinchi – qora kuchukchaga esa faqatgina qoldiq ovqatlar berilardi. Bu ikki xil munosabat Mutalga yoqmas, shuning uchun ham u oq kuchukchani erkalatmas, Qoravoy bilan ko‘proq o‘ynardi. Bolakay uyga mehmonlar kelsa darhol qo‘liga tanbur olar, oq kuchukcha esa xuddi aybdordek uning atrofidan aylanar, ikki oyoqda tik turib musiqaga mos ravishda likillardi. Bu holat Mutalning quvonchiga quvonch qo‘shar, xonadonda ikki jonivorga mehrni teng “taqsimlanishi”ni nazorat qilardi...

Mutal Burhonov 1928–32-yillarda Samarqandda – O‘zbekiston musiqa va xoreografiya institutida ta’lim oldi. U talabalar ichida yosh jihatidan eng kichigi edi. Mazkur o‘quv maskanida ishlagan Ota Dalol Nosirov, domla Halim Ibodov, hoji Abdulaziz Rasulov, Abduqodir Ismoilov, Ahmadjon Umrzoqov, Matyoqub Xarratov, Abdurahmon Umarov kabi ustozlar sabog‘i, opasi Fotimaning turmush o‘trog‘i – Abdurauf Fitratning xonadonida Abdulhamid Cho‘lpon, Botu, Elbek kabi erksevarlar qatnashgan ijodiy kechalar Mutal Burhonov uchun unutilmas hayot va ijod maktabi vazifasini o‘tadi.

Mutal Burhonov 1932–35–yillarda Toshkent va Dushanbedagi drama teatrlarida sozanda, musiqa rahbari bo‘lib ishladi. Musiqa bastalashga intildi. Kompozitorlik ta’limini olish orzusida u 1935-yili Moskva konservatoriyasi qoshida ochilgan “O‘zbek opera studiyasi”da tahsil ko‘radi. Shunday osuda kunlarning ortida Mutal Burhonovni yana taqdir zarbalari kutib turardi...

Bo‘lajak kompozitorga ta’lim bergan amakilari Mazhariddin, Mukammil va Muammir, akasi Misbohiddin Burhonovlar o‘tgan asrning 20-30-yillarida Buxoroning eng ko‘zga ko‘ringan, ezgulik uchun kurashgan insonlari qatorida bo‘lishgani tarixiy ma’lumotlarga muhrlanib qo‘yilgan. Ularning barchasiga 1937-yilda “Xalq dushmani” tamg‘asi bosilib, otib tashlanadi. Ayniqsa, opasi Fotimaning o‘limi, undan so‘ng pochchasi Fitratning haqsiz otilishi uning bor quvonchini tortib oladi. M. Burhonov yana yo‘qotishlarga ko‘nikishi, aziz insonlarining ruhini shod etish uchun ham ko‘p o‘qib, izlanishi, ijod qilishi lozimligini tushundi.

1939-yilda Moskva konservatoriyasining asosiy kursida o‘qishini davom ettiradi. Ikkinchi jahon urushida qatnashadi. Urush asoratlari tufayli Toshkentga qaytadi va davolanib, yana ijodga kirishadi. 1949-yili konservatoriyaning kompozitorlik fakultetini muvafaqqiyatli tamomlaydi.

Mutal Burhonov 86 yillik umrining 74 yilini san’at olamida yashab o‘tdi, o‘qidi, barakali ijod qildi. Buyuk kompozitordan asrlar silsilasiga bardoshli, mangu asarlar qoldi.

 

Nilufar JABBOROVA tayyorladi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.