Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Matonatdan yaralgan san’at

Mashaqqatli yo‘l

Buyuk kompozitor Ludvig Van Betxoven 1770-yil dekabr oyida Bonn shahrida dunyoga kelgan. Betxovenning onasi saroy oshpazining qizi bo‘lgan. Otasi Iogann Van Betxoven – saroy xonandasi (tenori) bo‘lib, ashula, musiqa nazariyasi va klavesin (fortopianoga o‘xshash qadimiy cholg‘u asbobi)dan dars berardi.

Ludvigning oilasi kichikkina uyda yashardi. O‘ta nochorlik bilan hayotini boshlagan bo‘lajak kompozitorning xonasiga quyosh nuri tushmasa-da, oynasidan qo‘shnisining mo‘jazgina bog‘i ko‘rinib turardi. Temir karavotda uxlayotgan kichkintoy erta tongda qushlar ovozidan uyg‘onar, ulardan ilhom olardi. Ludvig 4 yoshga kirganida o‘g‘lidagi ajoyib qobiliyatni sezgan otasi bu hodisaga yangi daromad manbai sifatida qaraydi. Bolakayni ko‘chada kuy chalib, pul topishga majbur qiladi. Ertadan kechgacha tik oyoqda turgan sho‘rlik bola holdan toyar, berahm ota esa dam olishiga ruxsat bermasdi. Ayniqsa, salqin kunlari sovuq uning jon-jonidan o‘tib ketardi. Ludvigning ikki ukasi bo‘lib, ota o‘g‘illari uchun haddan tashqari qattiqqo‘l, buning ustiga ichkilikka mukkasidan ketgan, shu bois oilani tebratishga qodir emasdi. O‘g‘lining ming mashaqqat bilan topgan pulini esa faqat ichkilikka sarflar edi...

Ko‘p mablag‘ topish ilinjida bo‘lgan Iogann o‘g‘lini biryo‘la beshta musiqa asbobini chalishini xohlaydi. Bobosining qadrdon o‘rtog‘i, keksa organchi Eden organni, otasining aktyor do‘sti Pfeyfer klavensi va fleytani, Rovantini esa skripka va altni Ludvigga tezroq va mukammalroq o‘rgatishga oshiqardilar. Bu otaning talabi edi. U o‘g‘lidan ikkinchi buyuk Motsartni yaratishni istardi...

Lyudovikning birinchi konserti Kyolnda bo‘lib o‘tdi. Unda sakkiz yoshli bola reklama maqsadida olti yoshli deb e’lon qilinadi. Biroq chiqishlar kutilgan daromadni bermagani sabab darg‘azab ota o‘g‘lini ayovsiz jazolaydi. Kuchli zarb va kaltaklar ta’siridan kichik Ludvig bir necha kun o‘ziga kelolmadi...

Onasi Marii Magdaline muloyim, mehribon ayol edi. U uch bolaning qornini to‘yg‘azishga qiynalar, farzandlarini johil ota zulmidan asray olmayotganidan azoblanardi. Ayniqsa, katta o‘g‘lining ahvoli uni tashvishga solardi.

Ludvig g‘ururli, mustaqil fikrlaydigan, tirishqoq, qat’iyatli va iqtidorli bola edi. Bu fazilatlarning barchasi unga bobosidan o‘tgandi. Afsuski, uning otasi bunday fazilatlardan uzoqda, bobosiga umuman o‘xshamasdi...

Bobosining o‘limidan so‘ng, oilaviy ahvol yanada murakkablashdi. Ludvig maktabga borishni to‘xtatdi. Pul topish, ukalarini boqish va johil otaning qiynoqlariga chidash, butun ro‘zg‘or og‘irligi 12 yoshli bolaning zimmasida edi... Bu yoshda Betxoven klavesin, skripka, organni bemalol chalar, nota varaqlarini osonlik bilan o‘qirdi. 1782-yilda yosh kompozitorning keyingi hayoti va faoliyatini belgilab bergan muhim voqealar ro‘y berdi. Ludvig 13 yoshidan boshlab kapellada organchining yordamchisi vazifasida teatrda ishlaydi, bu yerda qo‘shiqchilar bilan birga partiyalarni yodlaydi, repetitsiyalarda ularga jo‘r ohang bo‘lib turadi. Bunday mashaqqatli va ko‘p qirrali ishlar jarayonida Betxoven shaharning musiqiy dunyosida sezilarli san’atkorga aylana boradi. Yosh musiqachi buyuk san’atkorlarning e’tiborini tortish, ayniqsa, Motsartning mashg‘ulotlarida ishtirok etishni orzu qilardi.

Nihoyat kaltaklar, haqoratlardan yuragi zada bo‘lgan Ludvig o‘n yetti yoshida Yevropaning musiqa markazi – Venaga qochib keladi.

 

Ohang ortidagi dard

U ketma-ket bir-biridan zavqli, gohida mahzun musiqalarni yozar, konsertlarda qatnashib, orkestrni zo‘r ishtiyoq bilan boshqarardi. Qo‘liga pul olishi bilan uyiga jo‘natardi. Bir kuni kutilmaganda onasining betobligi haqidagi xabarni eshitib, Betxoven tezlik bilan uyiga qaytadi. Ko‘p vaqt o‘tmay, kasallikni o‘tkazib yuborgan onasi vafot etadi va Ludvig ancha vaqtgacha Venaga ketolmaydi. Ikki ukasi va otasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu yerda ishlay boshlaydi. Faqat otasi vafotidan so‘nggina u Venaga boradi va o‘sha yerdan turib ukalarini ta’minlaydi. U bir-biridan jozibali kuylar yaratib, venaliklar e’tiborini qozonadi. Endi Ludvigni ta’niqli san’at arboblari, badavlat insonlar uylariga taklif qiladigan bo‘ldi. Uning har bir yaratgan yangi musiqasi katta hayajon va olqishlar bilan kutib olinardi. Qarabsizki, u iqtisodiy tomondan o‘zini qo‘lga olgan insonga aylanadi...

San’atini, iste’dodini ko‘rsatish uchun keskin kurash yillarida Betxoven baxtsizlikka uchradi, ya’ni eshitish qobiliyati susaya boshlaganini sezib qoldi. O‘sha paytda u 28 yoshda edi. Bu qadar achinarli holatga tushganiga qaramasdan, Betxoven tinmay mashq qilar, o‘z ustida ishlar, yangi kuylar yaratardi. Venalik shifokorlar xastalikka uzoq vaqtgacha tashxis qo‘ya olmay, uning asablari charchaganini ta’kidlashardi. Taa’ssufki, o‘tkazilgan har bir kun dardining zo‘rayishiga olib kelardi. Kasallik qanchalik og‘irlashmasin, Ludvig kuy yozishdan to‘xtab qolmadi. Ijod qilishga yanada jiddiyroq kirishdi. U kasallik qachondir chekinishiga ishonar, shifokorlardan ko‘ra umidni o‘z irodasidan qidirardi. Uning uchun muhimi – ijod onlari edi. Ming afsuski, 45 yoshida kompozitorning quloqlari butunlay eshitishdan qoladi.

Avvaliga Betxoven karligini odamlardan berkitishga harakat qildi. Xonasidan chiqmas, faqat xizmatkorlarigagina kirishiga ruxsat berar edi. Vaqt o‘tib u buni uzoq muddat berkitishning imkoni yo‘qligini tushundi... O‘zini qo‘lga olib yana ijod qila boshladi. Uning asarlarini tinglagan kishi bularni kar kompozitor yaratganiga sira ishonmasdi.

 

Betxoven va Sharq she’riyati

Betxoven kar ekanligini esidan chiqarib olamni ongi, shuuri bilan his qilishga harakat qilgan. U Gomer va Plutarx, mashhur dramaturg Shekspir, nemis shoirlari Gyote va Shiller asarlarini sevib mutolaa qilar, ulardan ilhom olardi. Ludvig ko‘pgina tillarni bilardi. Og‘ir va qiyin sharoitda ham u o‘z ustida izlanishdan, o‘qib-o‘rganishdan to‘xtamadi. Ukasini ko‘rishga borgan mehribon aka Venaga qaytishida qattiq shamollab yotib qoladi va 57 yoshida vafot etadi.

Turli manbalarda Betxovenning do‘stlari uning barchaga o‘ta mehribon bo‘lganligi haqida ko‘p yozishgan. Betxovenning quyidagi so‘zlari buning isbotidir. “Mening do‘stlarim hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi kerak. Menga faqatgina yeyishim uchun bir bo‘lak non bo‘lsa bas. Hamyonimni bo‘m-bo‘sh qilib bo‘lsa-da, kuchimni, iqtidorimni ishga solib bo‘lsa-da, mamnuniyat bilan do‘stlarimga ko‘mak beraman va ularning xayolini band qilgan qayg‘uni uloqtirib tashlayman”.

Aziz o‘quvchilar! Albatta buyuk kompozitorning odamiyligi, irodasi, matonati va qat’iyati tahsinga loyiqdir. Agar kichkintoy Ludvigning sizlarnikidek baxtli bolaligi bo‘lganida, balki u ham uzoq umr ko‘rib, hammani lol qoldiradigan asarlari bilan bizni yanada ko‘proq hayratlantirgan bo‘larmidi!

Faxrli tomoni shundaki, buyuk kompozitor Betxoven Sharq she’riyatiga ham murojaat qilgan. Sa’diy Sheroziyning she’rlari asosida ikkita musiqiy asar yaratgan. Bugungi kunda respublikamizning musiqiy saroylari va teatr sahnalarida uning simfoniyalari, fortepiano va skripka konsertlari, musiqa bilim maskanlarida esa kompozitorning mashhur sonatalari o‘rgatilib, ijro etilib kelinmoqda.

Nilufar JABBOROVA tayyorladi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.