Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navo sohibqironi

Bobom – o‘zbek musiqa san’atining birinchi akademigi Yunus Rajabiy 1897-yil 5-yanvarda Toshkentda tavallud topgan. Buvioysha ona jigargo‘shalariga alla aytar, laparlar xirgoyi qilar, ertaklar so‘zlab berardi:

Sizlar mening bog‘imsiz, suyanishga tog‘imsiz, alla,

Qorong‘i kechalarni yondirgan chirog‘imsiz, alla,

Uyqu ko‘zning quvvati, alla jonning rohati, alla,

Orom olib kuchga to‘ling, bezavol katta bo‘ling, alla.

Shulardan eng kichik o‘g‘lini: “Yetti xazinaga uchragin, Yunusvoy, bolam”, deb duo qilgan. Buvioysha ona hayotda 103 yosh umr ko‘rganlar. Duolari esa mustajob bo‘lgan.

Otalari Rajab qassob ham serzavq san’at muxlisi bo‘lgan. To‘rt o‘g‘il, ikki qizning kelajagi haqida qayg‘urib mehnat qilgan. Ularning oilasi mashhur san’atkorlar Mirzaqosim, Shorahim, Mulla To‘ychi hofizlar bilan bir mahallada istiqomat qilgan. Akasi Risqi Rajabiy taniqli tanburchi edi. Yunusvoy bolaligidan ana shunday ijodiy muhitda o‘sdi. Dastlab eski maktabda, keyin 4 yil madrasada tahsil oldi. San’atga mehr qo‘ydi. Taxtaga otning qilini bog‘lab, cholg‘u qilib yurgan Yunusni ko‘rgan tog‘asi unga kichik do‘mbira sovg‘a qildi. Do‘mbirani chalib, quchog‘iga olib uxlab qolgan ukasini ko‘rgan Shukur akasi esa dutor olib berdi. Keyinchalik misdan nay yasab chala boshlaganda, Abduqodir naychi Farg‘onadan g‘arov qamish nay keltirib berdi. U dutor va nayni zavq bilan chalib, uzoq yillar sozandalik qildi. Yunus Rajabiyning musiqiy xotirasi juda kuchli bo‘lgan.

1916-yilga kelib yosh Yunus yetuk hofiz va cholg‘uchi bo‘lib yetishdi. 1918-yilda Toshkentdagi “Namuna” maktabida tashkil etilgan musiqa to‘garagiga rahbarlik qildi. Atrofiga bir qancha havaskorlarni to‘pladi. 1919–23-yillarda “Baland masjid”dagi musiqa bilim yurtida tahsil oldi. Nota savodini o‘rgandi. Muallimlik qildi. 1934–39-yillarda O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida, 1940–41-yili Moskvadagi bastakorlar kursida ta’lim oldi.

Shunday qilib, Yunusvoy yetuk ustozlar sabog‘ida atoqli san’atkor bo‘lib yetishdi. Mumtoz cholg‘u asboblarini takomillashtirishda mohir usta Usmon Zufarov bilan bamaslahat ish ko‘rdi.

U o‘zbek musiqali dramasi rivojiga ham muhim hissa qo‘shgan. Musiqali dramalar, kuylar, opera, xor, ashula, syuita, marshlar muallifi.

Yunus Rajabiy o‘zbek xalq musiqasini yig‘ib, sayqal berib, jilolab notaga solgan. O‘zbekiston radiosi qoshida “Maqom” ansamblini tashkil etib, rahbarlik qilgan.

Alloma umri davomida bir qancha asarlar yaratdi. Bular: 5 jildli “O‘zbek xalq musiqasi” to‘plami, 6 jildli “Shashmaqom”: “Buzruk”, “Rost”, “Navo”, “Segoh”, “Dugoh”, “Iroq” to‘plami hamda “O‘zbek musiqasiga bir nazar” kitoblaridir.

Uzoq yillar qilgan samarali mehnatlari evaziga “O‘zbekiston xalq artisti”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” kabi yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining san’at sohasi bo‘yicha birinchi akademigi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi. Yashagan ko‘chasi, mahalla guzariga nomlari qo‘yilib abadiylashdi. Uy-muzeyi ochildi. Respublikamizdagi bir qator musiqa kolleji va maktablari, Jizzaxdagi musiqali drama teatri alloma nomi bilan ataladi. Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi Yunus Rajabiy shoh bekati xalq xizmatida. Ulug‘ insonning avlodlari, shogirdlari esa uning ishlarini munosib davom ettirmoqdalar.

 

Iftixor

 

Ko‘ksim to‘la iftixor,

Bo‘lgum sizga munosib.

Kimda bo‘lsa g‘urur, or,

Sizday bo‘lg‘usi g‘olib.

Sizni alqar el hamon,

Mangu hayotsiz mudom.

“Yurt bolasi, mard o‘g‘lon!”

Mening suyukli bobom!

 

Gulnora Mahmud qizi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.