Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navolarga baxshida umr

Taniqli kompozitor va dirijyor Shermat Yormatov kuyunchak rahbar sifatida nafaqat “Bulbulcha”ning, balki oynayi jahon orqali efirga uzatiladigan, millionlab bolalarning mehrini qozongan “Qo‘shig‘im, jon, qo‘shig‘im”, “Birgalikda kuylaymiz”, “Do, re, mi, fa, sol”, “San’at g‘unchalari” kabi qator ko‘rsatuv muxlislarining ham fidoyi ustozi, butun respublika bolalariga musiqadan tahsil bergan muallimdir.

Yillar davomida O‘zbekiston bolalar xor san’atining ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan Shermat Yormatov davlatimiz tomonidan O‘zbekiston yoshlar mukofoti, “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, O‘zbekiston xalq artisti kabi yuksak unvonlar bilan taqdirlangan.

 

Allalarga yo‘g‘rilgan alam

 

Men 1939-yilning 17-oktabr kuni Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Log‘on qishlog‘ida tug‘ilganman. Bolaligimni eslasam, ocharchilik yillari, bir burda nonga zoriqqanlarimiz, onamning tunlari yig‘lab-yig‘lab aytgan allalari yodimga tushadi. Oilada to‘rt farzand – ikki qiz, ikki o‘g‘il bo‘lib, men kenjasi edim. Otam bir yarim yoshdaligimda II jahon urushiga ketgan va bizni boqish yolg‘iz onamning zimmasida qolgandi. Meni aka va opalarimga qoldirib, bir burda non topib kelish uchun yelib-yugurgan. Hovlimizdagi meva-chevalarni, turshak-mayizlarni yon-atrofdagi bozorlarga olib borib, unga almashtirib kelardi. Odamlarning ochlikdan sillasi qurigan paytlar. Shuning uchun ham onam unni kiyimlari orasiga solib, tugun qilib boshiga qo‘yganicha berkitib olib kelardi. Qahatchilik sabab, qo‘lida un borligini bilgan begona kimsalar uni yulqib olishardi. Bir kuni rizq topaman, deb kechga qolib ketgan onam, unni boshiga qo‘yib kelayotsa, uzoqdan uch otliq ko‘rinibdi. Onam qo‘rquvdan katta daraxt panasiga o‘tib olibdi va boshidagi tugunini o‘sha yerdagi xas-xashaklar orasiga ko‘mib qo‘yibdi. O‘zi esa uzoqdan chirog‘i miltillab turgan uy tomon yuguribdi. Eshikni taqillatib uy egalaridan “Log‘on qishlog‘iga yetib olishim kerak edi. Ko‘cha zimiston ekan, tonggacha uyingizda o‘tirsam bo‘ladimi?” deb so‘rabdi. Uy egalari keksa chol-kampir yaxshi odamlar ekan. Ular bor-yo‘g‘imiz shu, deya onamning yoniga ikki dona turshak qo‘yishibdi. Onam esa och bo‘lsa-da qorni to‘qligini, uyda emizikli bolasi qolganligini, undan xavotir olayotganini aytib, “Ishqilib, unni hech kim olib ketmagan bo‘lsin-da, yo‘qsa, bolalarimning qornini qanday to‘yg‘azaman”, deya bir xayoli bolada, ikkinchi xayoli esa xas-xashak ostidagi tugunda uxlamay chiqibdi. Onam tong yorishmasdan kechagi yerga boribdi. Tuguni joyidaligini ko‘rib Yaratganga shukrona keltirib, 24 chaqirim joydan uyga piyoda qaytibdi. Opalarimning aytishicha, onam kelishi bilan bizni bag‘riga bosib yum-yum yig‘lagan ekan.

Bo‘yimiz cho‘zilgani sari har birimiz oilamizga biror nafimiz tegishi uchun harakat qilardik. 1-sinfdan boshlab onam bilan birga paxta tergani borardim. Keyinchalik o‘rtoqlarim bilan erta saharlab dalaga jo‘nab, dars boshlangunga qadar 30-40 kilogrammdan paxta terib qo‘yadigan bo‘ldik. So‘ng maktabga ketardik. Darsdan so‘ng yana to‘g‘ri dalaga kelib terimni davom ettirardik.

Dalada bug‘doylar o‘rilgan paytda jo‘yaklar orasiga boshoqlar tushib qolardi. Akam bilan oilamizga yordam bo‘lsin deya, oyoq-qo‘llarimiz shilinib ketgunicha boshoq terardik. Harna bir-ikki kunlik nonimizni amallar edik-da. Bir o‘zim 5-6 kilogramm boshoq terardim. Bir kuni dala egalari bizni ushlab olib oyog‘imizdan daraxtga osib qo‘yishgan. Eng achinarli tomoni shundaki, o‘sha yerdagi to‘kilgan donlarni hech kim terib olmasdi, u tushgan joyida chirib ketardi.

Xolalarim o‘ziga to‘q yashashardi. Faqatgina bizning oila nochor edi. Katta xolam mehribon ammo eri juda xasis, birovga yordam berishni xohlamaydigan odam edi. Xolam sho‘rlik bir burda nonni ham uning ruxsatisiz berolmasdi. Faqatgina bir imkoniyat bo‘lardi. Mehmonga borsak, xolam nimaiki topsa oldimizga qo‘yib qornimizni to‘yg‘azardi.

Bir kuni maktabdan qaytsam, uyimiz odamga to‘la, qiy-chuv bo‘layotgan ekan. Bilsam, 10 yoshga to‘lganligim munosabati bilan davlatga 95 kilogramm go‘sht solig‘i to‘lashimiz kerak ekan. O‘sha vaqt qoidalariga ko‘ra, 10 yoshga to‘lgan bolalar uchun davlatga go‘sht solig‘i topshirish shart bo‘lgan. O‘zimiz qachon go‘sht yeganimizni bilmaymiz-u buncha go‘shtni qayerdan olardik! Soliqchi bitta-yu bitta sigirimizni yetaklab olib ketmoqchi bo‘lib turganida qo‘ni-qo‘shnilar: “Sigirni olib ketsang, bu ayol to‘rtta yetimni nima bilan boqadi?”, deya soliqchilarni insofga chaqirmoqchi bo‘lishdi. Ammo bu gaplar ularga ta’sir qilmadi. Shu payt mahalla raisi: “Bu bola hali 10 yoshga to‘lgani yo‘q. Endigina sakkizga to‘ldi”, deb ma’lumotnoma yozib berdi. Axiyri menga ikki yosh kichik qilib guvohnoma oldik. Shu bilan ikki yil soliqdan qutuldik. Bu ahvolni ko‘rgan rus tili o‘qituvchim harbiy komissariatga xat yozib, dadam haqida ma’lumot so‘radi. Javob xatida esa otamning bedarak yo‘qolganligi va oilamizni davlat o‘z qaramog‘iga olganligi yozilgan edi. Endi bizning oilamiz go‘sht solig‘idan butunlay ozod bo‘lgandi. Davlat tomonidan menga oyiga 17 so‘m, akamga 12 so‘m, kichkina opamga esa 8 so‘m nafaqa ajratildi. Katta opam 16 yoshga to‘lganligi sababli unga pul to‘lanmasdi. Oylik tariqasida oladigan ana shu pulimiz ro‘zg‘or yuritishda ancha ko‘mak bo‘lgan.

Bobom onamning qiynalganini ko‘rib turmushga uzatmoqchi bo‘lganida onam, bolalarimning otasi o‘lmagan, u, albatta, qaytib keladi, men hech qachon bolalarimni o‘gay ota qo‘liga topshirmayman, deya o‘z fikrida qat’iy turib oldi. Shundan keyin bobom bilan onam o‘rtasiga ko‘rinmas devor tushdi...

Onam 6 yoshligidan o‘gay ona qo‘lida katta bo‘lgan. Uning sitamlarini tortgan. Bir kuni maktabdan qaytgan qizaloq non yopayotgan o‘gay onasining yoniga boradi. Pishgan nonlar orasidan bittasini oladi va shu payt boshqa non uning ko‘ziga chiroyli ko‘rinadi. Unga endi qo‘l uzatganida o‘gay onasi: “Sen yetimcha, hali non tanlab yeydigan bo‘ldingmi?!” deb qo‘lini shunday chimchilaydiki, qo‘li bilagigacha ko‘karib ketadi. Qizaloq yig‘laganicha tog‘asinikiga boradi. Voqeadan habar topgan tog‘asi o‘sha kundanoq jiyanini o‘z qaramog‘iga oladi. Cheksiz mehr-muhabbati uchun onam umrining oxirigacha tog‘asidan minnatdor bo‘lib o‘tdi.

 

Katta sahna

 

Mahallamizdagi pastak uylarning loysuvoq tomi men va do‘stlarim uchun “Katta sahna” vazifasini bajarar edi. Bolalar bilan birgalikda konsert, spektakllar qo‘yar edik. Qo‘limga nimaiki tushsa, u tog‘ora, chelak, ketmon bo‘ladimi chalaverardim. Qiziqishimni ko‘rib onam menga kichkinagina childirma olib keldilar. Hamma dalaga ishga ketganida biz ular qaytgunlariga qadar konsert dasturi tayyorlab qo‘yardik. Bizning bolalarcha tayyorlagan sodda dasturlarimizni ko‘rib ayollar quvonishar, bir dam bo‘lsa-da tashvishlaridan uzoqlashishardi. Ko‘pchilik ayollar yig‘lab-yig‘lab ketishardi. Chunki biriga “qora xat” kelgan bo‘lsa, biri yaqinlaridan hech qanday xat-xabar yo‘qligidan o‘ksinardi...

Qo‘shni mahalla bolalari bilan kelishib tez-tez o‘zaro turli musobaqa uyushtirardik. O‘rtada gulxan yoqib bahslashardik. Va har gal bizning mahallamiz g‘olib chiqardi. Shunda ular, “Bu yerda Shermat bor-da”, deb jahllari chiqardi.

7-8-sinfda o‘qib yurgan kezlarim qishloqdagi g‘ijjakchi amaki meni to‘ylarga olib yuradigan bo‘ldi. Doirada g‘ijjakka jo‘r bo‘lib turardim. Kuniga bir yoki ikki so‘m berar, shu pulga yetganicha uyga yegulik ko‘tarib borardim. Ba’zan to‘ylar tonggacha davom etar, doira chalaverganimdan qo‘l-barmoqlarim ko‘karib, og‘rig‘iga chiday olmasdim. Shilinib ketgan qo‘llarimga qarab yig‘lab yuborgan paytlarim ham bo‘lgan. Shunday paytlarda o‘z-o‘zimga, o‘qishga kirsam doirani qo‘limga olmayman, deya so‘z berardim.

Texnikumga kelishdan oldin Farg‘ona teatriga bordim. Sinab ko‘rishgach, sen, albatta, o‘qishing kerak, deyishdi. Maktabni tugatganimdan so‘ng bir yil o‘qishga borolmadim. Chunki oilaviy ahvolimiz ancha qiyin edi. Uyga yordam bo‘lishi uchun kunduzi kolxozda ishlab, kechalari to‘ylarda xizmatda bo‘lardim. Toshkent Madaniyat texnikumiga o‘qishga qabul qilinganimdan so‘ng, o‘qituvchilarim doira chalish mahoratimni ko‘rib: “Sen endi doira guruhida o‘qiysan”, deyishsa-da, o‘z fikrimni o‘zgartirmadim.

Ustozim Emma Anatolyevnadan ko‘p narsani o‘rgandim. Terim vaqti hammadan ko‘p paxta terib, uning pullarini ustozimga berib qo‘yardim. Ana qarabsizki, anchagina pul yig‘ibman. Shu pullarga ustozim do‘kondan chiroyli kiyimlar olib berdi va ortganini qo‘limga tutqazib, buni onangga olib borgin, dedi. Onam meni chiroyli kiyimlarda ko‘rib xursandligidan yig‘lab yubordi...

Omadimni qarangki, Emma Anatolyevna o‘zining keksa ustozini chaqirtirib meni sinovdan o‘tkazdi. Ko‘zoynagining tagidan sinchkovlik bilan qarab turgan bu inson tavsiyasi bilan Konservatoriyaga imtihonsiz qabul qilindim. Texnikumning uchinchi kursini tamomlamay birdaniga oliy o‘quv yurtining birinchi kursiga qabul qilindim. Bu men uchun kutilmagan quvonch bo‘ldi. Menga ikkita qog‘oz berishdi. Qarasam, biri stipendiya olishim uchun, ikkinchisi yotoqxonada turishim uchun. Bundan ortiq omad bo‘lmasa kerak, deb suyunib ketganman. Keyinchalik bilsam, bu dargohga o‘qishga qabul qilinishim men o‘ylaganchalik oson bo‘lmagan ekan.

 

Otamdan xabar

 

Bir kuni biznikiga oqsoqlanib bir odam keldi. Kim ekan, deya ajablandik. U dadam bilan urushda qatnashgani, yarador bo‘lgan paytida dadam ikki kun yelkasida ko‘tarib yurgani va gospitalga yetkazib olib borganini, qaysi biri omon qolsa, bir-birining oilasidan xabar olib turishga va’dalashgani haqida so‘zlab berdi... O‘shanda shunday olijanob insonning farzandi ekanligimdan faxrlanganman.

Texnikumda o‘qib yurgan kezlarim, Shermat mashhur kinorejissor Komil Yormatovning o‘g‘li ekan, degan mish-mish tarqaldi. Bu gaplardan xabar topgan texnikum direktori meni huzuriga chaqirib, “Mashhur insonning farzandi bo‘la turib bir og‘iz aytmabsiz-da”, dedi. Shunda yerga qaragancha: “Otam urushda halok bo‘lgan, men ularni hatto ko‘rmaganman”, deya yig‘lab yubordim. Direktor esa meni quchoqlab, “Shu kundan boshlab otang men bo‘laman”, dedi. Men bugungi yutuq va martabalarga ana shunday mehribon, qalbi daryo ustozlarim sabab erisha oldim, desam adolatli bo‘ladi...

 

Suhbatdosh: Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.