Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oʻzlikni anglatgan olam

Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi professori, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati Oydin ABDULLAYEVAni koʻpchiligimiz bilamiz. U xalqaro tanlovlar gʻolibi, bir qator oʻquv qoʻllanmalar muallifi, boʻlajak kompozitorlarga taʼlim berayotgan tajribali murabbiy. Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputatligiga saylangan birinchi kompozitor.

 

Uzilmas rishta

Men Toshkent shahrida ziyoli oilada dunyoga kelganman. Otam – Oʻtamurod Abdullayev biologiya fanlari nomzodi, olim. Onam – Dilorom Abdullayeva kimyo va biologiya fani oʻqituvchisi boʻlib, taʼlim sohasida 40 yil ishladilar. Onam badiiy adabiyotga juda ixlosmand ayol. Bolaligimdan onamni koʻpincha mutolaa ustida koʻraman. Hozirda ham yurgan yoʻlimda u kishi ushun kitoblar xarid qilaman.

Oilada 3 nafar farzandmiz: men, singlim Zulfizar va ukam Sardor. Toʻngʻich farzand boʻlganim uchun yoshligimdan menga ota-onam: “Sen ukalaring uchun javobgar va masʼuliyatli boʻlishing kerak”, deb uqtirib kelishgan. Singlim va ukamga boshlangʻich sinfda oʻqish, yozishni oʻrgatish, maktab imtihonlariga tayyorlash mening zimmamda edi. Zulfizar skripka chalishni mashq qilardi. Men bu cholgʻuni chalishni oʻsha paytda mukammal bilmasam-da, anglagan narsalarimni unga oʻrgatardim. U bu xotiralarni hozir ham yaxshi eslaydi. Sardor taekvando sport turini yaxshi oʻzlashtirishi uchun kompleks mashgʻulotlarda u bilan birga shugʻullanar edim. Umuman, ularning biror muvaffaqiyatga erishishi uchun doimo yonlarida turganman. Eʼtibor va birdamlik bugunga kelib, biz jigarlarni ruhan bir-birimizga bogʻlab turadigan uzilmas rishtaga aylandi.

 

Domlaning koʻzyoshlari

Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktab-internatida oʻqiganman. Bu maskan mening ikkinchi uyim, chiniqtirgan armiyam desam mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻquvchilik yillarida Betxoven, Motsart, Gaydn hayoti va ijodiga oid adabiyotlarni oʻqir edik. Shu bilan birga Mirzakalon Ismoiliyning “Fargʻona tong otguncha”, Aleksandr Belyayevning “Odam amfibiya”, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, “Oʻtkan kunlar”, Hamid Olimjonning “Muqanna” asarlarini mutolaa qilganman.

Ona tili va adabiyot oʻqituvchimiz Husniddin Asomov bebaho inson edilar. Adabiyotga shunchalik qiziqtirardilarki, Alisher Navoiyning “Xamsa” asarini sinf boʻyicha toʻliq oʻqib chiqqanmiz. Darslarning birida Said Ahmadning “Ufq” romanidan taʼsirli bir parcha oʻqib berar ekanlar, ustozning koʻzlaridan shashqator yosh oqa boshladi. Sinf suv quygandek jim-jit. Oʻshanda asar qahramonlari kechinmalarini yurakdan his qilib, iztirob chekib mutolaa qilish mumkinligini ilk marta koʻrganman.

 

“Endi faqat “besh” olaman”

Maktabimizda umumtaʼlim darslari tugagach, musiqa darslari boshlanar edi. Mashgʻulotlar alohida xonalarda boʻlib, asosiy cholgʻu sirlarini yaxshi egallash, mahoratga erishish uchun koʻp mehnat qilar edik. Har ikki oyda fortepiano, asosiy cholgʻu, musiqa nazariyasidan imtihon oʻtkazilardi.

Sinfdoshlarim oʻrtasida, “Agar kundaligingdagi “besh”larni sanab chiqsang, boshqa aʼlo baho ololmaysan”, degan gap boʻlar edi. Haqiqatga toʻgʻri kelmasa-da, bolalarga xos soddalik bilan bu toʻqimaga ishonar edim. Bir kuni matematika darsida ustozimning savoliga javob bera olmaganman. Shunda orqa partada oʻtiradigan Xushnud: “Oydin, sen endi “besh” ololmaysan, chunki kundaligingdagi hamma baholarni sanab chiqdim”, desa boʻladimi... Goʻyo endi hech qachon “besh” baho ololmaydigandek, bu gapdan shunchalar qoʻrqib ketganmanki...

Ammo, oradan fursat oʻtib, “Nega endi “besh” ololmas ekanman, mana koʻrasan, endi faqat aʼlo bahoga oʻqiyman”, deb oʻz-oʻzimga soʻz berganman.

 

Baxtning siri

Deputatlik – jamiyatning darajasini koʻtarishga, qonunlarni mukammal yaratilishida oʻzini javobgar deb bilishdir. Bunday masʼuliyatga faoliyatida muayyan yutuqlarga erishgan, xalqqa nafi tegadigan insonlar tanlanadi. Men shu sharafga sazovor boʻldim. Quvonarlisi, ijodim ham chetda qolib ketmadi. Oʻylab yurgan anchagina asarlarimni yozdim. Men ijod orqali oʻzligimni topdim. U kayfiyatim, orzu-havaslarim, hayotga intilishimni belgilaydigan maʼnaviy olam. Musiqa dunyosiga kirib kelganimdan to bugunga qadar xayolimda “Boshqa sohani egallasam boʻlardi”, degan hadik, ikkilanish biror marta boʻlmagan. Ustozim Avaz Mansurov koʻnglimga ijodga nisbatan ishonch hissini shu qadar joylaganlarki, bu yoʻnalishda men kelajakda muvaffaqiyatga erishib, oʻrnimni topishimga toʻliq ishonganman.

Deputatlik xalqim tomonidan bildirilgan ishonch boʻlsa, ijodim – hayotim mazmuni. Ikkala pallani ham teng olib borishga harakat qilaman.

Bu dunyoda mehnat qilgan inson qadr topadi. Har bir inson yoshligidan bilim oladi, yaratilgan imkoniyat, sharoitlardan foydalanadi. Umrining maʼlum davriga kelib, ustozlardan olgan koʻnikmalarini yana jamiyatga qaytarish lozim. Qaytarish deganda, biror kasb yoki hunarni mukammal egallashni tushunish kerak. Ayrim yoshlar tezroq olim yoki bastakor boʻlsam, deydi. Ammo, har bir muvaffaqiyatning mashaqqatli yoʻli bor. Qiyinchiliklardan oʻtmaguncha inson oʻz kasbining ustasi boʻla olmaydi. Demak, sinovlardan qoʻrqmang, chunki baxtning siri mehnatda.

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA yozib oldi.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.