Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Odam boʻlish mashaqqatlari

Yorqin tuygʻularga, ifodalarga boy, joʻshqin va jozibadorligi, goh shodon, goh mahzun ohanglarga yoʻgʻrilgan sheʼr va dostonlari bilan xalqimizning sevimli ijodkoriga aylangan Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon AZIM yurtimizning eng goʻzal goʻshalaridan biri Boysun oʻgʻloni.

Shoirning xalq hayotini bunchalar teran anglashi boisini bilishni istasangiz, bolalik xotiralariga quloq tuting.

 

MUTOLAA SEHRI

Esimni taniganimdan buyon kitob menga juda sehrli taʼsir oʻtkazishini his qilaman. Kitobdagi saf-saf tizilgan harflarni kattalar mukka tushib mutolaa etishi; uyimizdagi udum boʻyicha, kechqurun chiroq atrofiga toʻplanib kitobxonlik qilish; xalq donstonlarini jamoat jamligida qiroat bilan oʻqish – meni mudom hayratga solgan. Qogʻozdagi qator-qator allaqanday belgilar soʻzga yoxud qiroatga koʻchib jaranglashi, odamlarga, voqealarga aylanishi menga juda gʻayritabiiy tuyulgan. Kitobni sharillatib oʻqiydigan odamlarga sehrgarga qaraganday havas bilan qaraganman. Ichimdan simillab koʻtarilgan chidab boʻlmas bir betoqatlik meni kitob oʻqishga, ularda hikoya qilinadigan – koʻrmaganim dunyolarni koʻrishga, anglashga tinmay chorlagan. Hali harflarni bilmasam-da, hech kim yoʻgʻida, kitoblarni olib varaqlarkanman, menga sirini ochgisi kelmayotgan notanish harflarga soatlab tikilganman.

U paytlarda hayot juda ogʻir edi. Urushdan och-u yalangʻoch chiqqan odamlar kun koʻrish uchun oʻzini ming tarafga urgan kezlar. Ertalab hamma oʻqishga, ishga ketadi. Boʻsh vaqt topildimi, kun oʻtkazish uchun hamma oʻlib-tirilib mehnat qiladi.

Har qanday holatda kitob oʻqirdim: darslar oraligʻidagi tanaffus paytlarida, ovqat yeyotganda, mehmonga borganda, toʻy boʻlayotganda (tomning ustiga chiqib oʻqiyverasan – sen bilan birovning ishi yoʻq!)... Hatto yurib ketayotganda ham urilib-surilib oʻqiyverdim. Mol boqishga chiqqanda ham, albatta, kitob koʻtarib olardim. Mol boqib kitob oʻqish eng qiyin ish edi.

Ekinzorlar orasidagi parcha-purcha boʻsh joylarda qoʻy-echkilarni boqardim. Yem boʻlaverib bu joylardagi koʻkatlardan hech vaqo qolmagan. Jonivorlar koʻm-koʻk boʻlib yashnab yotgan ekinga intiladi. Ularni qaytarib kitobga koʻz tikaman. Birpasdan soʻng kitobdan bosh koʻtarib qarasam, ular paykalning oʻrtasida ekinni ishtaha bilan yeyotgan boʻladi. Yugurgilab borib qaytarasan, yana oʻqishga tutinasan. Bir qarasang yana... Bu hol toʻxtovsiz takrorlanadi.

 

“ROBINZON KRUZO”NI IZLAB

Oʻsha paytdagi yaxshi kitob bilan uchrashuv men uchun bayram boʻlgan. Uchinchi sinfda oʻqib yurganimda bir qarindoshimiznikiga mehmonga bordik. Tokchada kitob koʻrib qoldim – koʻk rangli muqovasiga gʻalati kiyimli, yelkasiga miltiq osib olgan odamning surati ishlangan “Robinzon Kruzo”. Darhol oldim-da, bir burchakka oʻtirib oʻqishga tutindim. Ketadigan vaqt yetganda, kitobdan qanday ajralishni bilmay, qoʻlimda ushlab turaverdim. Berishmadi. Kutubxonaniki ekan, buning ustiga xonadon sohibasi oʻqiyotgan ekan...

Boshlab oʻttiz-qirq bet oʻqiganim kitob yursam ham, tursam ham xayolimdan ketmaydigan boʻlib qoldi. Oxiri kitob izlab, qarindoshimiznikiga bordim.

– E... – afsuslandi ular, – kutubxonaga topshirib yuboribmiz-ku!

U paytlar rosmana kutubxonani koʻrmagan edim.

Maktabimizda kutubxona yoʻq, ular aytayotgan kutubxona esa tuman markazida – men uchun qoʻl yetmas bir manzilda edi. Kutubxonaga kirib, kitob olishimni tasavvur ham qilolmas edim. Axir koʻchadan kirgan odamning qoʻliga kitob tutqazib joʻnatavermasalar kerak.

Beshinchi sinfda oʻqib yurganimda, maktabimizda ham kutubxona tashkil etiladigan boʻlib, bir yukmashinasida anchagina kitob olib kelindi.

Mana, zimmasiga kutubxonachi vazifasi ham yuklangan Tilakov muallim kutubxona uchun ajratilgan xonada kitoblarni eski javonlarga, stollar ustiga sarishtalayapti. Men ochiq derazadan kitoblardan koʻzimni uzolmay tomosha qilyapman. Birdan koʻzim “Robinzon Kruzo”ga tushadi. Oʻsha – koʻk muqovasiga miltiqli odamning rasmi solingan kitobning oʻzi!

Men juda betoqatlandim. Buni Tilakov sezdi.

– Qaysi kitobga tikilyapsan? – “Robinzon Kruzo”ga imo qilaman. U kitobni qoʻliga olib, menga qaraydi:

– Oʻqiysanmi?

– Ha, – deyman kutilmagan baxtdan shoshib. Vujudim bir onda farahbaxsh quvonchga toʻlganini tuyaman: – Ha, oʻqiyman!

Domla kitobni varaqlaydi.

– Oʻrischa ekan... Oʻrischa bilasanmi?

Men oʻrischa bilmayman. Birdan baxtim qora boʻladi.

Bir onda yuragimni toʻldirgan baxt shu zahotiyoq qovjirayotganini his qilaman. Ammo nimadandir umidvorman.

Domla buni anglaydi. U kitobni “adashmadimmikan?” deganday yana bir bor varaqlaydi.

– Mana, oʻzing qara... Oʻrischa.

Men ham varaqlayman. Koʻz yugurtiraman. Notanish soʻzlar...

Hafsalam pir boʻlib kitobni qaytaraman.

– Faqat oʻrischa kitoblardan yuborishibdi, – deydi boshqa bir-ikki kitobni varaqlab domla. – Bitta ham oʻzbekcha kitob yoʻgʻ-a... – u bu nodonlarcha ishni oʻzi qilganday jim qoladi.

– Rayondagi bolalar kutubxonasida shu kitob bor, – deydi u kishi. – Sen oʻsha kutubxonaga aʼzo boʻlishing kerak. U kishi yoʻl-yoʻriq koʻrsatadilar. Bor yoʻgʻi, maktabdan “falon joydagi falon sinfda oʻqiydi” degan maʼlumotnoma kerak ekan.

Shu kitobni oʻqimasam, osmon uzilib yerga tushadiganday edi. Hayotimda birinchi marta katta ishga qoʻl urdim.

Menga yetib boʻlmas osmonday tuyulgan direktor kabinetining eshigini qoqdim. Direktor birpasda maʼlumotnomani yozdirdi. Imzo qoʻydi, muhr bosdi.

– Darsdan keyin toʻgʻri kutubxonaga qarab joʻnadim... Mana qoʻlimda “Robinzon Kruzo”!

– Oʻqishga tutindim: Odatdagiday, tanaffus paytida, ovqat yeyayotganda, podaga chiqqanda... Hatto yurib ketayotganda ham...urilib-surilib oʻqiyverdim.

– Ikki kundan keyin kitobni qaytarib olib bordim. Yana kitob oldim... Kitobni tez oʻqib, tez qaytarishimdan kutubxonachi Norbibi xola nimanidir angladi. Endi birvarakayiga uch-toʻrtta kitob beradigan boʻldi.

 

TOGʻAMNING TUHFASI

Baxtim chopti. Botir togʻam oʻqishni bitirib, kimsan – adabiyot muallimi boʻlib uyga qaytdi. Qaytganda ham toʻrt shakarxalta toʻla kitob bilan qaytdi.

Kitoblar boʻsh xonaning bir burchagiga vaqtincha qoʻyildi. Men shu zahotiyoq kitoblarni bir boshdan oʻqishga tutindim. Bu mitti kutubxonada oʻsha paytlarda nashr qilingan deyarli hamma kitoblar: mumtoz va zamonaviy shoir, yozuvchilarning, munaqqidlarning, oʻsha paytda “qardosh xalqlar” deb ataydiganimiz adabiyot vakillarining, xorijlik mualliflarning asarlari bor edi.

Sanoqsiz uy yumushlaridan boʻshaganimda, oʻzimni shu xonaga uraman. Sholcha ham toʻshalmagan quruq yerda oʻtirib, oʻqishga kirishaman. Dunyo unutiladi. Bir vaqt uydagilardan kimdir derazadanmi, eshikdan xonaga bosh suqadi:

– E, shu yerda ekan! – deydi u hovlidagilarga.

Deraza yonida onam paydo boʻladi. U kishi menga sinchiklab qaraydi.

– Biror joying ogʻriyaptimi? – deydi onam allaqanday bir tumanli xavotirda.

Boshimni sarak-sarak qilaman:

– Yoʻq.

– Choy-poy ich, deb chaqirsak, ovozing chiqmaydi. Xavotir oldik. Yur, choy ichib ol... – Men oʻqiyotgan kitobni olib onamga ergashaman. Ayvonda dasturxon yozilgan. Dasturxonda choy-non. Qatiq. U paytlarda boshqacha dasturxon boʻlishi mumkin emas. Pishiqchilikda yana meva-cheva qoʻyiladi. Qishda mayiz-u turshak... Haftada bir marta – bozor kun issiq ovqat qilinadi. Hammaning uyida shunaqa.

Dasturxon boshida ham kitobni ochib qoʻyaman. Ikki koʻzim unda. Onam menga allaqanday rahmi kelib qarab-qarab qoʻyadi.

– Nondan ol. Kitobni keyin oʻqirsan...

Kuch bilan kitobdan koʻz olaman. Ammo xayolim kitobda. Xayolimda kitobdan oʻsib chiqqan allaqanday fikrlar...

– Ey, ey... – Bu Saida opamning ovozi. – Mana bu qotib qoldi!.. Ey...

Oʻzimga kelaman. Onam bilan opam jaranglab kuladilar.

– Nimani oʻylab qolding? – deydi opam.

Nimani oʻylaganimni tushuntirib berolmayman. Bu holning – oʻzicha “choʻchib ketish”ning nimaligini hali anglamayman. Bu holni – bir lahzada oʻtirgan joyingdan tevaragingdagi hamma narsadan ajratib, allaqaylarga oqizib ketadigan – “ilhom” deb ataladigan benazir tuygʻu ekanini ham hali tuyganim yoʻq...

Choy icharkanman yana kitob oʻqishga tutinaman. Dasturxon boshiga kimdir kelib, kimdir ketaveradi, qoʻshnilar chiqadi. Ammo men ularni gʻira-shira koʻraman. Ularning gaplari ham qulogʻimga kirmaydi...

– Ishlaring qolib ketdi, bolam!

Ishim koʻp. Bir bola qiladigan ishdan koʻra ancha koʻp. Noroziligimni yashirib, qoʻzgʻalaman.

U yillarda hovlimizda koʻpchilik yashardik. Ammo qiziq – mol-holga qaraydigan, mayda-chuyda ishlarni bajaradigan mendan boshqa dastyor yoʻq edi. Chunki mendan yoshi katta togʻamlar va akam shaharga oʻqishga ketgan, mendan kichiklarning esa u-bu ish hali qoʻlidan kelmasdi.

Hayot ham ogʻir – odamning umri bu qiyinchiliklar bilan tinimsiz kurashdan iborat; hamma – katta-kichik toʻxtovsiz mehnat qilar, kuchim yetib-yetmaydigan juda koʻp yumush mening ham zimmamda edi.

– Usmon qani?! – deb qichqirib qoladi kimdir.

Demak, qaysidir bir yumushni unutganman. Yo oʻt oʻrish esimdan chiqqan, yo tezak terishga borish xayolimdan koʻtarilgan, yo biror topshiriq...

– Buni kitobdan boshqa ishi yoʻqmi?! – gʻazabga minadi ovoz.

Negadir xoʻrlanib tashqari chiqaman. Tezroq ulgʻayishni istayman. Oʻshanda ixtiyorim oʻzimda boʻladi: xohlasam, kitob oʻqiyman, xohlasam... xohlasam, yana nima qilaman? Yoʻq, yozuvchi yoki shoir boʻlishni orzu qilishga jurʼat etolmayman. Adiblar, hatto gazetalardagi mittigina xabarning muallifi menga bu dunyoning odamlariga oʻxshamaydigan – allaqanday sehrli, olisdagi zot tuyuladi.

 

BICHKOVNING BASHORAT1

Bichkov degan oʻris muallim bor edi. U meni savolga tutishni yaxshi koʻrardi. U oʻrischalab gapirar, men uning nima deyotganini fahmlab javob berardim. U har bir javobimdan quvonar, meni oʻzicha bir nimalar, deb maqtagan boʻlar edi.

Bir yozning issigʻida u tuman markazidan hovlimizga ancha yoʻlni bosib keldi. Domlaning Boysunda ishlash muddati tugab, Rossiyaga qaytib ketayotgan ekan.

Men bilan xayrlashgani kelibdi.

Domla menga oʻqishim kerakligini qayta-qayta tayinladi.

– Bolshim chelovekom budesh, – dedi u. Bu juda taʼsirli edi.

Onam koʻziga yosh oldi. Yigʻlamay boʻladimi? Chunki bechorachilik, nochorlik odamlarga boʻriday yopishib olgan, uning changalidan qutilish qiyin edi. Ammo odamlar bu qismat bilan kurashishga oʻrgangan, uning koʻzini shamgʻalat qilib, tinmay taqdirlarini oʻnglash, “odam boʻlishga” urinishardi.

Mening olti togʻam boʻlgan. Toʻngʻichi urushda halok boʻlgan. Katta ikki togʻam institutni bitirib, muallimlik qiladi. Boshqa togʻalarim, opam, akam, amakilar-u boʻlalar – juda katta oila – oʻqishga bel bogʻlab kirishgan: oʻqish – bu nochorlikdan chiqib ketiladigan yagona yoʻlday edi.

Shuning uchunmi, oʻris domla kabi koʻplar mening berilib oʻqishimni yoqlar, onamga “teginmang” deb tayinlar – “odam” boʻlishim mumkinligini bashorat qilar – negadir qatʼiy ishonch bildirishardi.

Bu ishonch esa yelkamga juda zalvorli bir yuk boʻlib tushadi. Men odam boʻlish qiyin ekanini his qilaman. Boysunni oʻrab turgan togʻlardan naridagi eshitganim, oʻqiganim dunyolar bilan uchrashmoq juda mushkul kechishini anglayman. Ammo menga faqat kitob oʻqishning oʻzi qiziq edi.

Men oʻqiganim sari atrofimdagi odamlar, tevarakda kechayotgan voqealar oʻzgacha bir suratda koʻrina boshlaganini his qilaman.

Hatto oʻzim ham oʻzimga boshqacha koʻrina boshlayman.

Faqat ertaroq katta boʻlishni, kitob qahramonlariday mard, botir, halol odam boʻlishni – hech kimga, hatto oʻzimga ham bildirmay orzu qilaman.

Ha, hatto oʻzimga ham bildirgim kelmaydi.

Chunki bunday emin-erkin orzu qilishga atrofdagi hayot – odamlarning yashash uchun chumoliday betinim qilgan mehnatlari tufayli zoʻrgʻagina nafas olib turgan turmushning zoʻriqishi yoʻl qoʻymas edi. Urush fojealari tobora olislab ketayotgan boʻlsa ham hayotning hozir ham oyogʻi yalang, choponi ming yamoq edi. Bu nochorlik hatto orzulanishga ham xalaqit berardi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.