Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oqlangan ishonch

O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Mirolim QILICHEV “Jasur”, “Umid”, “Uqubat” filmlaridagi bir-biridan ajoyib rollari bilan sizga yaxshi tanish. U 2014-yili “Shuhrat” medali sohibi bo‘lgan.

 

Va’da

1987-yil Buxoro viloyati Romitan tumani Chandir qishlog‘ida tug‘ilganman. Tumanimizdagi 9-maktabda tahsil olganman. Oilada 4 nafar farzandmiz – opam, akam, men va singlim. Onam uy bekasi, otam esa haydovchilik qilardi.

Maktabda hamma fandan a’lo bahoga o‘qirdim. Faqatgina o‘qish darsidan doimo “4” baho olardim. Sababi, tez o‘qiy olmasdim. Juda sho‘x va o‘yinqaroq edim. Oilaning erkatoyi bo‘lsam-da, qilgan xatolarim uchun jazosiz qolmas edim...

8-sinfda o‘qib yurgan kezlarim bolalar bilan tug‘ilgan kunimni nishonladik. Ular hazillashib sharbatga spirtli ichimlik qo‘shib berishibdi. Uyga kelganimdan so‘ng ota-onam menga hech nima deyishmadi. Faqat ertasiga onam “Seni shu umidda katta qilyapmanmi?” deb rosa yig‘ladi. Men o‘zim xohlab ichmaganimni, bu sinfdoshlarning qo‘pol hazili ekanligini qancha gapirsam ham tushuntirolmadim. Uydagilar qattiq xafa bo‘lishganidan anchagacha men bilan gaplashmay yurishdi. Bu men uchun qattiq jazo bo‘lgan. Undan ko‘ra kaltak yeganim yaxshiroq edi, deya o‘ylagandim o‘shanda. Onamning ko‘zidagi yosh, oilamdagilarning jazosi menga shunchalik ta’sir qildiki, qachon, qayerda, qanday holatda bo‘lmay spirtli ichimliklarga yaqinlashmayman, deya o‘z-o‘zimga so‘z berdim. Mana shu kungacha o‘z va’damni buzganim yo‘q.

Akam, opam va men ota-onamizga paxta terimida ko‘maklashar edik. Bir kuni qo‘shnimiz terib qo‘ygan paxtani o‘g‘irlab topshirganmiz. Buni bilib qolgan qo‘shnimiz otamga ustimizdan arz qilgan. Otam bizdan bir og‘iz gap so‘rab o‘tirmay, hammamizni birday savaladi. Kaltak yeyishdan qo‘rqib ko‘zimni yumganimcha yolg‘ondan nafas olmay yotdim. Rangim qizarib ketganini ko‘rgan onam qo‘rqib ketgan. Ko‘pincha shu odatim meni jazodan saqlab qolardi.

 

Ahillik

Akam bilan ko‘p urishardik. Bir kuni yana bahslashib qolib, akamga bir musht tushirib ko‘chaga qarab qochdim. Akam quvib yeta olmadi. Keyin bir daraxtning tagida o‘tirib rosa yig‘ladim. O‘z-o‘zimga “Biz og‘a-ini bo‘lsak, akam katta bo‘la turib shuni tushunmaydimi, axir bir-birimiz bilan ahil bo‘lishimiz kerak-ku. Nega hadeb sababsiz urishaveradi?!” deya savol berardim. Hozir akam bilan bu voqealarni kulib yodga olamiz.

4-sinfda o‘qib yurgan kezlarim onam qattiq betob bo‘lib ikki oy kasalxonada yotib qoldi. Birgina otamning ishlab topgan puli ro‘zg‘orga yetmas, ustiga-ustak shifokorning turli xil tahlillari, dori-darmon xarajatlari oilamizni iqtisodiy tomondan ancha qiynab qo‘ydi. Uyimiz xuddi quyoshsiz osmonga o‘xshardi. Onamning sog‘ayishlarini intizorlik bilan kutardik. Ana shunday og‘ir kunlarda qo‘ni-qo‘shnilarimiz yordam berishdi. Ular deyarli har kuni bizga yeguliklar olib chiqishar, tez-tez shifoxonaga borib onamning ahvolidan xabar olishardi. Esimda, onam sog‘ayib chiqqanida, uyimizda bayram bo‘lib ketgandi...

Maktabning barcha tadbirlarida faol qatnashardim. Badiiy kechalardagi ishtirokimni ko‘rgan onam bir kuni “Aktyor bo‘lishni istaysanmi?” deb so‘radi. “Judayam xohlayman”, dedim ko‘zlarim porlab. Onam otam bilan maslahatlashib, meni viloyat teatriga olib bordi. Meni taniqli teatr aktyorlari sinovdan o‘tkazishdi. Ularga ma’qul keldim shekilli, men bilan shug‘ullana boshlashdi. Spektakllarda kichik rollarni ishonib topshiradigan, teatrning turli tadbirlariga jalb etadigan bo‘lishdi. Shu tariqa teatr hayotiga bog‘lanib qoldim. 2004-yilda maktabni tamomlab, Toshkent Davlat san’at oliygohiga o‘qishga qabul qilindim.

Talabalik paytimda iqtisodiy tomondan ko‘p qiynaldim. Nafaqat men, balki ko‘pgina o‘rtoqlarimda shu muammo bor edi. Sababi, ko‘pchiligimiz oddiy oilaning farzandlari edik. Uyga borsam, onam menga katta xaltada qotirilgan non berib yuborardi. Yegulikka pulimiz qolmagan chog‘larda qotgan non kunimizga asqotardi. Hozir yotoqxonada birga yashagan o‘rtoqlarimiz bilan yig‘ilishib qolsak, o‘sha qotgan nonning mazasi, xushxo‘r ta’mini qo‘msab, eslaymiz...

 

Ishonch

Otam juda jiddiy inson bo‘lgani uchun ko‘p gapirmasdi. Biz farzandlar otam bilan onam orqali gaplashar edik. Jimgina, tez-tez ovqatimizni yeb, dasturxonga fotiha qilinishini kutib turardik. Fotiha so‘ngida otam: “Men sizlarni ulkan orzu va umid bilan katta qilyapman. Kelajakda faxrim, g‘ururim bo‘lib, ishonchimni oqlashlaringizga ishonaman”, derdi.

O‘qishni tugatib, teatrda kichik-kichik rollarni ijro etib yurdim. Bu esa otamga yoqmadi. Bir necha marotaba meni Buxoroga qaytarib olib ketmoqchi bo‘ldi. Bir kuni astoydil uyga ketishga hozirlanayotganimda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov “Mirolim Toshkentda, teatrda qolishi kerak, uning o‘rni aynan san’atda”, deya otamga uzoq tushuntirdi. Otam noiloj rozi bo‘ldi. Oradan vaqt o‘tib ketma-ket kinofilmlarda rollar ijro etdim, “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldim. Shunda ustozim Tohir Saidov otamga qo‘ng‘iroq qilib, “Endi Mirolimni olib ketavering, agar hozir olib ketmasangiz, katta aktyor bo‘lganidan so‘ng umuman olib ketolmaysiz”, deb hazillashdi. Otam: “Men o‘sha vaqtda o‘g‘limni sizdek ustozlariga topshirganman. Mirolimdan ko‘nglim to‘q, hamma ustozlaridan minnatdorman. O‘g‘lim ishonchimni oqladi...” dedi. Buni qarangki, ustozim Tohir Saidovning otasi ham “Aktyorligingni yig‘ishtir, uyga qayt”, degan vaqtida O‘zbekiston xalq artisti Nabi Rahimov u kishining otasi bilan gaplashib, poytaxtda olib qolgan ekan.

Bolaligimda o‘zimizdan yoshi katta kishi ish buyursa darhol bajarardik. U qo‘shnimi, xola, amma, tog‘a, amaki bo‘ladimi, farqi yo‘q, yugurib-yelib aytilgan ishni qilardik. Kimnikida hashar bo‘lsa do‘stlarim bilan yordamga borardik. Afsuski, hozir bunday samimiyatni juda kam uchratyapmiz. Hozirgi bolalarni kuzatib hayron qolaman. Ko‘pchiligi dangasa. Qo‘lidan telefon tushmaydi. Biror ish buyursangiz, sizni savolga ko‘mib tashlaydi. Nimaga, qayerda, nima uchun? Yoki qisqagina qilib bilmayman, deb qutulib qo‘ya qoladi...

Istardimki, vatanimizning kelajagi, ravnaqi yoshlarimizning qo‘lida ekan, milliy qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni hurmat qilishlari, turli xil bahonalar to‘qimay, dangasalik qilmay, o‘qib-o‘rganishlari shart va zarur. Zero, insonni ulug‘laydigan jihat bu – mehnat, mehnat va yana mehnatdir!

 

Nilufar JABBOROVA suhbatlashdi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.