Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘rtangan haqiqatlar

Taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, jamoat arbobi, akademik, ustoz Naim KARIMOV o‘zbek adabiyoti tarixi va kelajagi uchun beqiyos mehnat qilgan va qilayotgan olim. Uning “Usmon Nosir”, “Usmon Nosirning so‘nggi kunlari”, “Hamid Olimjon”, “Hamid Olimjonning poetik mahorati”, “Oybek”, “Oybek gulshanida ungan g‘unchalar”, Cho‘lpon – istiqlolni uyg‘otgan shoir”, “Shayxzoda”, “Pushkin va o‘zbek she’riyati” kabi bir qator kitoblarini o‘qir ekansiz, olimning o‘zbek tili va adabiyotining barcha bosqichlarini, tarix, etnografiya, folklor, etika, estetika, psixologiya, antropologiya fanlarini chuqur o‘zlashtirganiga guvoh bo‘lasiz.

Aziz o‘quvchilar! Menimcha, shunday buyuk olimning hayot yo‘llari, bolalik xotiralari sizlar uchun ham qiziq bo‘lsa kerak.

 

Onamning do‘ppisi

Men 1932-yil 12-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Oilada 3 farzand – bir qiz, ikki o‘g‘il edik. Biz Eski shahardagi Kesakqo‘rg‘on mahallasida yashardik. Karimhoji bobom mahallamizdagi katta madrasaning imomi, erta-yu kech tinmay kitob mutolaa qilar ekan. Garchi o‘zlarini ko‘rmagan bo‘lsam-da, dadamning aytishlaricha, bobom o‘z davrining ilg‘or kishilaridan bo‘lgan. Dadamning fizika o‘qituvchisi, Obid qori amakimning matematika o‘qituvchisi, Zohid amakimning moliya xodimi bo‘lganligi bejiz emasligini, bularning hammasi bobomning tarbiyasi mevasi ekanini faxr bilan so‘zlab berardilar. Buvimning ko‘zlari ko‘rmay qolgandi. Lekin tabiatan vazmin buvijonim tushkunlikka tushmasdilar. Meni yonlariga olib Ahmad Yassaviyning hikmatlari va Qur’oni Karimning muqaddas suralarini takrorlab tasbeh o‘girar, men esa jimgina tinglardim.

Dadam – Fotih Karimov fizika o‘qituvchisi edilar. Shuning uchun ham uyimizda badiiy adabiyotlardan tashqari fizikaga oid darslik va qo‘llanmalar ko‘p bo‘lardi. Dadam tabiatan kamgap, qattiqqo‘l, tartibli odam edilar. Farzandlarni ortiqcha koyib, urishib o‘tirmasdi. Bir nigohning o‘zi bizga yetarli edi.

Onam – Rahbarniso Rasulova O‘qchi mahallasida tug‘ilgan bo‘lib, bu yerning odamlari asosan temirchilik bilan shug‘ullanishgan. Tog‘alarim ham temirchilik bilan ro‘zg‘or tebratishgan. Faxrli tomoni shundaki, onam tug‘ilib o‘sgan mahallada shoira Zulfiyaxonim ham istiqomat qilardilar. Men kichik buvamnikiga tez-tez borardim. Biz qo‘shni bolalar bilan turli xildagi surnaychalar yasab, hayit bayramlarida surnaybozlik qilardik. Shaharni tomlarga chiqib tepadan tomosha qilishni yaxshi ko‘rardik.

Onamning aytishlaricha, men tug‘ilgan yili ko‘pchilik oilalar iqtisodiy tomondan ancha tang ahvolda bo‘lgan. Ocharchilik soya solgan o‘sha yillarda ba’zi kunlari yeyish uchun bir burda non topa olishmagan. Butunlay madori qolmay, sillasi qurigan kishilar ilojsiz, yerdan unib chiqqan o‘tlarni yeyishga majbur bo‘lgan ekan. Men ochligimdan kun bo‘yi big‘illab yig‘lar, onam esa noilojlikdan menga qo‘shilib yig‘lar ekan.

Bir holat hech ko‘z oldimdan ketmaydi. Onam ovqat suzganida biz bolalarga ko‘proq, o‘zlariga esa juda kam suzardilar. Men onamning kosasidagi ovqatni ko‘rib o‘zimnikidan solib bermoqchi bo‘lsam, ikki qo‘li bilan yopib olar, “Men ko‘p yeyolmayman”, deya bahona qilardilar. Onamni bizni o‘ylab yolg‘on gapirayotganlarini sezib turardim, bo‘lmasa men ham ovqat yemayman, deganimdan so‘nggina noiloj kosaning ustidan qo‘llarini olardilar. Onam ajoyib chevar edilar. Mahallamizning katta-yu kichigiga bir-biridan chiroyli kiyimlar, do‘ppilar tikib berardilar. Tirnoq ostidan kir qidiruvchi davr siyosati amakimni do‘ppi sotgani uchun qamab qo‘ygandi. Shunday bo‘lsa-da, onam tirikchilik yuzasidan do‘ppi tikishga majbur bo‘lar, ammo ularni bozorga olib chiqishdan cho‘chirdilar. Onamning tikkan do‘ppilari shunchalik chiroyli bo‘lar ediki, ovozasini eshitgan qo‘shni mahalladagilar ham kelib buyurtma berishardi. Qarshiliklarga qaramay o‘sha paytda do‘ppining savdosi yaxshi bo‘lgan. Shuning uchun buyurtma berganlar tayyor do‘ppilarni o‘z usullari orqali sotishardi. Mahalladoshlarimiz onam tikkan do‘ppilarni faxr bilan kiyib yurishardi.

 

Yurak og‘riqlari

Bolalik paytlarimda patefon eshitish urf bo‘lgandi. Uyimizga mehmonlar kelsa patefonning oldiga o‘tirib olardim. Hali maktabga bormagan, biror bir harfni tanimagan chog‘larimda ham mehmonlar aytgan plastinkani adashmay topib berardim. Bundan mehmonlar, hattoki dadam ham ajablanar edilar.

Birinchi sinfga salkam to‘qqiz yoshda borganman. Sababi o‘sha paytda maktabga faqatgina sakkiz yoshga to‘lganlargina qabul qilinar edi. Dekabr oyida tug‘ilganim uchun maktab yoshiga atigi uch oygina yetmagan. Dadam o‘ta tartibli va g‘ururli inson bo‘lganlar. Bir og‘iz so‘zlari bilan meni maktabda o‘qishim uchun ruxsat olishlari mumkin edi. Ammo tartib hamma uchun baravar deb, hech kimga iltimos qilishni o‘zlariga lozim deb topmaganlar.

Xotiram kuchli bo‘lgani uchun she’rlarni bir o‘qishda yodlar edim. Hajmi katta she’rlarni qiynalmay, tutilmay aytib berganim uchun o‘qituvchilarimdan maqtov eshitardim. Pushkin she’rlarini sevib mutolaa qilardim. Uyimizdagi deyarli hamma kitoblarni o‘qib bo‘lganimdan so‘ng maktabimdagi, keyin esa shahardagi o‘zim bilgan kutubxonalarga tinimsiz qatnay boshladim.

Bolaligimda qish qattiq kelardi. Tizza bo‘yi qor yog‘ar, uylarimiz sovib ketardi. Qor shunchalik qalin yog‘ardiki, tomga narvon bilan chiqsak, qaytib tushishga narvonning keragi bo‘lmasdi. Qo‘shnilarimiz tomlaridagi qorni ko‘cha tomonga kurashganidan so‘ng ko‘chadan o‘tishga, yurishga umuman joy qolmasdi... Oilada katta farzand bo‘lganim uchun ota-onamga yordam berishga harakat qilardim. Hovli yuzalaridagi qorlarni terlab-pishib kurab chiqardim. Nima sabab bo‘ldi, bilmayman, revmatizm kasalligi bilan qattiq og‘ridim. Bu dardga vaqtida e’tibor qilinmasa yurakni xasta qilib qo‘yarkan. Mana hozirgacha bolaligimdan qolgan o‘sha og‘riqlar bilan kurashib kelyapman...

 

“Muxbir”

Bolaligim urush paytiga to‘g‘ri kelgan. O‘sha yillari Toshkentdagi madrasalar Rossiyadan ko‘chirib keltirilgan odamlarga yotoqxona qilib berildi. Mahallamizdagi deyarli barcha ta’lim maskanlari, shuningdek men o‘qiyotgan maktab ham frontdan ketma-ket kelayotgan yaradorlarni davolovchi gospitallarga aylantirildi. Qishloqdagi ko‘pgina maktablar o‘qituvchisiz qolgani sababli shahar maktablaridan o‘qituvchilar chaqirila boshlandi. Toshkent viloyatidagi O‘nqo‘rg‘on qishlog‘ida dadamning o‘qituvchi o‘rtog‘i yashardi. U kishi dadamni maktabiga ishga taklif qildi. Shundan so‘ng oilamiz bilan qishloqqa ko‘chib ketdik. Avvaliga maktabdagi xonalardan birida, keyin esa ochiq yaylovda katta chodir tutib yashay boshladik. Ekin ekish uchun oilamizga yer ajratildi. Unga ro‘zg‘orimiz uchun zarur bo‘lgan ekinlarni ekib, parvarishlardik. Dadam yaxshiroq yashashimiz uchun uchta maktabda dars o‘tardi.

Qishloqdagi tengdoshlarim bilan yaylovlarga chiqardik, dalalarda qo‘y boqib yurardik. Bir kuni dadam menga qo‘zichoq sovg‘a qildilar. Qo‘zichoq menga shunchalik o‘rganib qolgan ediki, maktabdan kelishim bilan yonimga yugurib kelib kutib olar, quvnab sakrardi. Uning har bir harakati meni zavqlantirardi. Bir necha oydan so‘ng qo‘zichog‘imning bo‘ylari cho‘zilib, kattagina bo‘lib qoldi.

Urush tugadi. Yaradorlar ham, shifokorlar ham maktabimizni bo‘shatib berishdi. Biz ham oilamiz bilan shahardagi uyimizga qaytib keldik. Qo‘zichog‘imni ham olib keldim. Men yana o‘z maktabimda o‘qiy boshladim. Bir kuni maktabdan qaytsam, uydagilar qo‘zichog‘imni so‘yib, go‘shtidan ovqat pishirib o‘tirishgan ekan. To‘g‘risini aytsam, o‘sha paytdagi holatimni tasvirlay olmayman. Qo‘llarim titrab, ko‘zimdan yosh to‘xtamasdi. Dadam bilan oyim shahar sharoitida qo‘y boqish amri mahol ekanligini tushuntirishsa ham qulog‘imga gap kirmasdi. Qattiq ta’sirlanganimdan bir necha kun ovqat yeyolmadim. So‘ngra betob bo‘lib yotib qoldim...

Dadam maktab ishlari yuzasidan viloyatlarga tez-tez borib turardilar. 6-sinfda o‘qib yurgan kezlarim dadam meni Namangan viloyatiga olib bordilar. Bir-ikki kunda kerakli ishlarni tugatganidan so‘ng Poshsha ota degan joyga bordik. U yerning tabiati, go‘zalligini so‘z bilan ta’riflash qiyin edi... Uyga qaytganimizdan so‘ng dadam Poshsha ota qadamjosi haqidagi taassurotlarini mening nomimdan kichkina maqola qilib yozibdilar. “Buni bolalar gazetasiga olib bor, u yerda shogirdim ishlaydi. Maqolani uning qo‘liga berib kel”, dedilar. “Axir buni men yozmaganman-ku” degan e’tirozimga, “Endi yozishni o‘rganasan, o‘g‘lim”, deb javob qaytardilar. Gazeta muharriri Sanjar Tillaga “yozgan” maqolam ma’qul keldi. “Yaxshi yozar ekansan, tez-tez yozib turgin”, deb rosa maqtadi. Maqolam chiqqan gazetani qo‘limga olganimda bir tomondan quvonsam, bir tomondan vijdonim qiynaldi. Shundan keyin o‘zim maqola va she’rlar yozib, gazeta va jurnallarga yubora boshladim.

 

Adabiyotga mehr

Oilamizda adabiyotga, san’atga bo‘lgan mehr o‘zgacha edi. Dadam Xalq ta’limi vazirligiga ishga o‘tganlaridan so‘ng birmuncha imkoniyatlar ko‘paydi. Sababi, bizni tez-tez Hamza, Alisher Navoiy, ba’zida esa Gorkiy nomidagi rus teatrlariga spektakl premyeralariga olib borardilar. Har bir spektakldan o‘zgacha bir zavq va hayajon bilan qaytardim. Men bu voqealarni hozirgacha entikish bilan xotirlab yuraman. Adabiyotga oshno bo‘lishimda ota-onam, G‘ayratiy domla, Murshida Ikromova, Nabi Nurmuhammedov kabi o‘qituvchilarimning o‘rni katta bo‘lgan. Maktabni tugallaganimdan so‘ng hozirgi O‘zbekiston milliy universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Shundan keyin men adabiyotga yanada teranroq ko‘z bilan qarab tarixni o‘rgana boshladim.

“Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarining nomini eshitsam yosh boladek quvonib ketaman. Chunki shu jurnallarni o‘qib katta bo‘lganman. Ushbu tahririyatlarga xatlar yozar, she’rlarimni yuborardim.

Nabiralarimni ko‘p kuzataman. Negadir hozirgi bolalarda mutolaaga qiziqish yo‘q. Biz bolaligimizda tinmay kitob o‘qirdik. Sinfdoshlarimiz bilan o‘rtamizda ko‘p kitob o‘qish bo‘yicha raqobat bo‘lardi. Hattoki yaxshi o‘qimaydigan, fanlarni o‘zlashtira olmaydigan sinfdoshlarimiz ham badiiy kitob o‘qirdi. Nabiralarimning kitobga ko‘proq mehr qo‘yishlari uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Menimcha bunday hollarga ota-ona, bobo-buvi va qadrli muallimlarimiz birgalikda, ahillikda ish olib borishsa o‘ylangan natijaga erishish mumkin bo‘ladi.

Ko‘p yoshlarimiz kitobni internet, telefon yoki kompyuter orqali o‘qishni afzal deb bilishadi. Biroq bu holatda mutolaaning ta’siri ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Kitobni qo‘lga olib, asarda bayon etilgan hodisalarning ich-ichiga kirib o‘qigan o‘quvchi boshqacha taassurotga beriladi. Asardan ruhiy ozuqa olib, haqiqiy mutolaa zavqini tuyadi.

Adiblarimizning hayoti va ijodi, ular bilan bog‘liq tarixiy hujjatlarni o‘rganish jarayonida ajdodlarimizning qanchalar qiynoq ostida qolganligini, aytilmagan, o‘rtanib qolgan qanchadan-qancha haqiqatlar borligiga guvoh bo‘lganman. Bu gaplarni aytishimdan maqsad, kelajak avlodimiz o‘z tarixini, o‘tmishini, ota-bobolari kim bo‘lgan-u hozirgi kunlarga yetishishimiz uchun qanday zahmatlar chekishganini bilishi shart va zarur.

Men uchun adabiyot bu – to‘lqin. Adabiyotimizda doim ana shu to‘lqinni ko‘tarib turadigan, o‘quvchilarning ruhiy olamiga oziq beradigan, hayotlarini munavvar etishga ko‘maklasha oladigan asarlar ko‘proq yaratilishini istardim.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.