Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzularidek ulug‘ shoir

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, dramaturg va jamoat arbobi Erkin Vohidovni o‘zbek xalqining katta-yu kichigi juda yaxshi biladi. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Erkin Vohidov garchi bugun jisman oramizda bo‘lmasa ham yaratgan barhayot asarlari tufayli uning yodi hamisha xotiramizda qadrlanadi. U o‘z asarlari va xalqiga qilgan beminnat mehnatlari bilan yana ko‘plab avlodlarga ibrat bo‘ladi. Shu bois shoirning bolalik damlari, o‘quvchilik, talabalik yillarining qanday o‘tganligi bilan qiziqdik va bu ma’lumotlarni siz aziz o‘quvchilarga ham ilindik!

 

Shov-shuv

Erkin Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan. Bu oilada birinchi farzand qiz bo‘lib, u go‘dakligida zotiljamdan, kenjasi Elburs esa qizamiq bilan og‘rib vafot etgan. Shoirning otasi maktabda tarix fanidan dars berar, o‘qimishli, obro‘li, quvnoq, dilkash, so‘zga chechan odam bo‘lgan. II Jahon urushining dastlabki yillarida frontga ketgan Cho‘yanboy aka, bosh miyasida oskolka jarohati va o‘pka shamollash kasali bilan qaytib kelgan hamda shu dard bilan o‘ttiz uch yoshida vafot etgan. Bir yildan so‘ng o‘pka shamollashi bilan og‘rigan onasi ham dunyodan o‘tadi va butun boshli oiladan yolg‘iz yodgor bo‘lib qolgan Erkinjon tog‘asi qo‘lida tarbiya topadi.

Tog‘asining kasbi huquqshunos bo‘lsa ham, adabiyot va san’atga ixlosmand, she’riyatni juda nozik tushunadigan kishi edi. Shuning uchun bu xonadonda tez-tez adabiy suhbatlar uyushtirilar, unda o‘sha davrning taniqli ijodkorlari qatnashardi. Bo‘lajak shoirning she’riyatga qiziqishini sezgan tog‘asi bu suhbatlarga jiyanini ham jalb qilardi. Ular Navoiy, Hofiz, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilar, har birining talqini o‘ziga xos bo‘lardi.

Shoir G‘ayratiy to‘garagi va tog‘asining xonadonida bo‘lib turadigan bunday bir-biridan ajoyib suhbatlar kichik Erkinda katta taassurot qoldirardi. Tinimsiz mutolaa qilishdan charchamasdi. Maktabning jamoat ishlarida faol, devoriy gazetaning har bir sonida albatta, uning yangi she’ri bo‘lardi. Ayniqsa, “Lola” nomli she’ri maktab devoriy gazetasida chiqqanidan so‘ng ushbu she’r butun maktab o‘quvchilari orasida yod bo‘lgan. Kichik-kichik she’rlar yozishni mashq qilar, ma’qul topganlarini tahririyatlarga jo‘natardi. Gazeta va jurnallarda she’rlari chop etila boshlagach, oy yakunida qalam haqi olishi uchun tahririyatlarga chaqiriladigan bo‘ldi. Shunday kunlarning birida, qalam haqi olish navbati Erkinjonga kelganda pul beriladigan tirqishdan mo‘ralagan hisobchi ayol:

– Iltimos, shu bolani bir ko‘taringlar! Hamma maqtagan shoir bolaning yuzini men ham ko‘ray, – debdi. Chunki pul beriladigan joyning darchasi ancha baland bo‘lgan ekan. Navbatga turganlardan biri yosh shoirni ko‘tarib:

– Mana, mana shu bolaga pul beryapsiz. Ko‘rib oling yuzini. Hali bu hammamizdan o‘zib ketadi-yov, – debdi. Hayratini yashirolmagan ayol:

– Voy, shu kichkinagina bola she’r yozadimi? – degan ekan...

1957–58-yillarga kelib ijodkorlar o‘rtasida, “Erkin Vohidov degan shoir chiqyapti, she’rlari voqeband, syujetli. Gerdaygan choynakning kamtarin piyolaga bir necha bor egilishi, po‘lat pero avval sovuq qurol bo‘lib dunyoni ololmagani, qalam bo‘lgach qalblarni zabt etishini falsafiy ma’no bilan tasvirlab beribdi... “degan shov-shuvlar ko‘payibdi. Yosh havaskor shoirlarga E. Vohidov ijodi ibrat qilib ko‘rsatilar, uning har bir yangi she’ri iliq kutib olinardi.

 

“Qochoq” talaba

Bir kuni fizika darsida shunday voqea bo‘lgan ekan. Bo‘ylari baland, qattiqqo‘l fizika o‘qituvchisi dars paytida Erkinjonning nimalarnidir yozib o‘tirganini payqab qolibdi. Sekin-sekin yurib kelib, bildirmay o‘quvchisini kuzatibdi. O‘sha paytlarda barcha bolalar siyohli ruchka bilan yozishar, hech kim avtoruchka ishlatmasdi. Ammo bo‘lajak shoir qo‘lida avtoruchka bilan shoshib, to‘xtamay nimadir yozardi. Butun diqqat-e’tibori qo‘lidagi daftarga qaratilgandi...

O‘qituvchi jahl bilan Erkinjonning qo‘lidagi daftar bilan ruchkani tortib olibdi. Qarasa, daftarning ichi to‘la she’r ekan. Shunda achchiqlangancha:

– Darsga quloq solmay nima qilib o‘tiribsan? Shuni bilginki, erkak kishi she’r bilan oila boqa olmaydi. Tashla, she’r yozishni! – degan ekan.

Oradan yillar o‘tib, Erkin Vohidov o‘zi o‘qigan maktabga uchrashuvga taklif qilinibdi. Ana shunda yoshi ulg‘ayib qolgan fizika o‘qituvchisi o‘quvchisiga o‘sha, dars paytida olib qo‘ygan daftarni uzatar ekan:

– Men aytgan gaplarimdan pushaymonman. Hozir men nafaqat o‘quvchimdan, balki shu yerda o‘tirganlarning barchasidan uzr so‘rayman, – debdi...

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetiga qabul qilingan shoir ishtiyoq bilan o‘qidi. Paxta terish mavsumida hamma talabalar paxtaga yuborilardi. Talabalar ichida a’lochi bo‘lgan Erkin Vohidov paxtani ko‘p terish bo‘yicha ham eng birinchi o‘rinda turardi...

2-bosqich talabasi bo‘lgan paytlari o‘quv yili boshida doimgidek paxta dalalari tomon yo‘l olishdi. Paxtzorda o‘tayotgan kunlarning birida Erkin “Paxtakor” stadionida futbol o‘yini bo‘larkan, deb eshitib qoldi. Futbol jon-u dili bo‘lgani sababli nima qilishini bilmay boshi qotdi. Futbol uchun paxta dalasidan ketishga ruxsat berilmasligini yaxshi bilardi. O‘rtog‘i bilan kelishib reja tuzdi va hech kimga bildirmay dala shiyponidan qochib, “Paxtakor” stadioni tomon yo‘l olishdi. Futbol o‘yinidan zavqlangan ikki o‘rtoq dalaga qaytishsa shovqin-suronmish. Ikki talabaning yo‘qolgani hammaga ma’lum bo‘libdi. Har bir talaba uchun mas’ul bo‘lgan o‘qituvchilar esa xavotirda...

Yigitlarning o‘zboshimchalik bilan qochib ketishgani, barchani xavotirga solgani uchun rektorat ularni o‘qishdan haydashga qaror qilibdi. Katta majlislar zalida ikki talaba masalasi ko‘rilibdi. Haydash haqida bir to‘xtamga kelinganda yoshi ulug‘roq rus tili o‘qituvchisi o‘rnidan turibdi-da:

– Xo‘sh, endi shu bolalarni o‘qishdan haydab nimaga erishasizlar? Axir, bular institutning a’lochi, faol talabalari bo‘lsa. To‘g‘ri, ular noto‘g‘ri ish qilishgan. Lekin bir xatosi tufayli ularni o‘qishdan haydash to‘g‘rimikan? Bunga sabab ularning futbolga o‘ta ishqibozligidir. Agar shu yigitlarning o‘rnida men bo‘lganimda ham aynan shunday yo‘l tutgan bo‘lardim, – debdi. Shundan keyingina zaldagilar o‘ylab qolishibdi va shu o‘qituvchi tufayli ikki talaba o‘qishdan haydalmagan ekan...

 

Sadoqatli farzand

Shoir har gal xalq oldiga chiqqanida she’rni, albatta, yoddan o‘qirdi. Bir kuni ijodiy kechada Erkin Vohidov bilan uchrashuv bo‘lib, shoirning tana harorati baland, tobi yo‘q ahvolda kelibdi. So‘zga chiqqanida cho‘ntagini sekin paypaslab ko‘rib, izlaganini topolmagach, shunday debdi:

– Kecha bir she’r yozgandim. She’rimning nomi “Yo‘qolgan she’r” edi. Buni qarangki, she’rimni rostdan ham yo‘qotib qo‘ydim. Hozir uning yodimda qolgan misralarini aytib beraman, – deb she’rning hamma satrini adashmay, tutilmay, faqat o‘ziga xos bo‘lgan shirali ovozda ifodali qilib aytibdi. Shunda zalda o‘tirgan Said Ahmad:

– Tavba, buning miyasi kompyuter ekan-ku, – degan ekan.

Shoir tinimsiz izlangan, rus, nemis, ingliz tillarini mukammal o‘rganishga harakat qilgan. Shu bois bo‘lsa kerak eslab qolish qobiliyati kuchli bo‘lgan.

Erkin Vohidov o‘z xotiralarida otasi frontda ekanida og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazib, qiyinchilik bilan kun kechirganliklari, jo‘xori poyasini shimib tilini qonatgani, bolalarga qo‘shilib kunjara yegani uchun onasi yuziga shappati urgani va o‘zi kechgacha yig‘laganini hech esidan chiqarolmasligini yozgan edi.

Shoirning bolalik xotiralarining ko‘pchiligi she’rlarga, dostonlarga ko‘chgan. “Nido”, “Quyosh maskani” dostonlari, “Bolalik”, “Oqsoqol”, “Bolalik ekan-da” she’rlari o‘sha murg‘ak tasavvurlarning mevasi bo‘lgan.

Shuning uchun ham shoir umrining oxirigacha yoshlarning yaxshi kunlar shukronasi bilan yashashga, imkoniyatlardan unumli foydalanib o‘qib-o‘rganishga chorladi: “Bizni erkalab bag‘riga bosgan ham, shoir qilib biyron til bergan ham jafokash, mehnatkash, bag‘rikeng, orzulariday ulug‘ xalqimiz. Shoir bo‘lishdan oldin shu xalqqa farzand bo‘laylik, sadoqatli, fidoyi bo‘laylik. Agar shoir bo‘lsak uning yuziga qaraganda uyalmaydigan shoir bo‘laylik. Xalqimiz jasoratli, matonatli, zukko xalq, Navoiyxon, Bedilxon xalq. U oltin bilan misning, olmos bilan shishaning farqini biladi. Ana shu halol, qo‘li qadoq, aqli teran xalqimiz oldida halol bo‘laylik. Zar kilolab emas, misqollab o‘lchanishini unutmaylik”.

Xalqimizning buyuk farzandi aytgan bu purhikmat o‘gitni har bir yosh ijodkor hayotiy shior qilib olsa ajab emas.

 

Nilufar JABBOROVA tayyorladi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.