Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qodiriyning so‘lmas bog‘i

Hammaning bolalik va yoshlik yillari bor, lekin barcha ham bu bebaho damlarning qadriga yetavermaydi. Yoshlikni g‘animat bilib, uning shod-quvnoq, o‘yin-kulgiga boy beg‘ubor damlaridan kechib, ko‘p vaqtini o‘qish va ilm olishga bag‘ishlaganlargina ko‘zlagan maqsadlariga erishadi.

O‘zbek milliy romanchiligining asoschisi, asarlari jahonning o‘nlab tillariga tarjima qilingan atoqli adib Abdulla Qodiriy ana shunday mo‘tabar siymolardan biridir. U zotning bolalik va yoshlik yillariga nazar solsak, o‘zimiz uchun ko‘plab ibratli jihatlarni olamiz.

 

Kumush soat

1894-yilning 10-aprel kuni toshkentlik Qodir ota oilasida ikkinchi o‘g‘il dunyoga keldi. Unga Abdulla deb ism qo‘ydilar. Abdulla juda zehnli bola bo‘ldi. Uning otasi garchi madrasada o‘qimagan bo‘lsa-da, ilmli kishilarni juda hurmatlar, farzandlarining ham o‘qimishli, ziyoli inson bo‘lishini orzu qilardi. Shu bois o‘zlari yashaydigan Samarqand darboza mahallasida yangi ochilgan rus-tuzem maktabiga (mahalliy aholi uchun yangi usuldagi ta’lim dargohi) o‘rtancha o‘g‘li Abdullani berishga qaror qiladi. Chunki yosh Abdulla bundan oldin Zangiota mahallasidagi eski usuldagi maktablardan birida mulla Olim ismli o‘qituvchidan saboq olgan, ziyrakligi, qiziquvchanligi va ilmga chanqoqligi bilan boshqalardan ajralib turardi.

Yigitcha rus-tuzem maktabida o‘qishni davom ettirar ekan, ayrim sodda qo‘ni-qo‘shnilar bo‘lajak adibning ota-onasiga: “Abdini ruscha maktabga berib bekor qildilaringiz, u yerda o‘qiganlar o‘ris bo‘lib ketarmish”, deyishadi. Biroq ma’rifatparvar Qodir bobo bu gaplarga shunchaki kulib qo‘yadi.

Mazkur maktab to‘rt yillik bo‘lib, unda diniy bilimlardan tashqari husnixat, arab va fors tillari, rus tili va matematika fanlari ham o‘qitilardi. Maktabda Abdulla Qodiriy bilan to‘rt yil bir partada o‘tirib, tahsil olgan sinfdoshi Akmal Akromov shunday xotirlagan edi: “U vaqtlarda men Abdullaning yozuvchilikka bo‘lgan havasini, qobiliyatini payqamaganman. Ammo Abdulla darslarda ilg‘or va yoshlikdan mehnatkash edi. U o‘qishdan bo‘shagan va ta’til kezlarida qarib qolgan otasi yonida bog‘ ishlariga qarashar, Rahimberdi akasi bilan vassa bozoriga tushib, toqi yo‘nishar edi. Ba’zan dars chog‘ida “Buni qara, Akmal”, deb mehnatdan qavarib qadoq bo‘lib ketgan qo‘llarini menga ko‘rsatar edi”.

Ana shunday og‘ir va mashaqqatli yillarda ham o‘qish-o‘rganishdan to‘xtamagan Qodiriy 1912-yilning ayni ko‘klam kunlarida, 18 yoshida bitirish imtihonlarini a’lo baholarga topshirib, maktabni muvaffaqiyatli tamomlaydi va Toshkent shahar ma’muriyati tomonidan kumush soat bilan mukofotlanadi.

 

O‘qish mana bunaqa bo‘ladi!”

Adibning o‘g‘li Habibulla Qodiriy xotiralaridan: “Robi opoqoyim (Abdulla Qodiriyning akasi Rahimberdi boboning ayoli) hikoya qiladilar:

– Mulla Abdulla barvaqt turib saboq qilardi. Qudratilla (adibning ukasi) o‘qishga yalqovroq, choyga bazo‘r uyqudan turardi. Abdulla naridan-beri choyga non bo‘ktirib nahorlik qilardi-da, jildini bo‘yniga osib, bemalol choy ichib o‘tirgan Qudratillaga: “Qani, yur!” – derdi. Qudratilla shoshilmay: “Ketavering, o‘zim boraman”, – derdi. “Yo‘q, o‘qishdan kech qolasan, tur!” – derdi Abdulla va Qudratillani sudrab o‘rnidan turg‘izar, qarshilik qilsa, urar, Qudratilla yerga ag‘anab yig‘lar edi. Baribir Abdulla uni oldiga solib olib ketardi. Dadam (Qodir bobo nazarda tutilgan) buni ko‘rib o‘tirarkan: “Hah-hah-hah, o‘qish mana bunaqa bo‘ladi”, – deb kulardilar...”.

 

Mehnatsevar adib

Yozuvchi, shoir, ijodkor deganda tun-u kun yozib-chizadigan, tinimsiz mutolaa qiladigan odam ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Chindan ham, qalam ahlining boshqalarga nisbatan ko‘proq yozib-chizishi, kitob varaqlashi bor gap. Ammo bu ular umrini faqat oppoq qog‘ozlar-u qalamlar qurshovida o‘tkazadi, degani emas, albatta. Haqiqiy ijodkorlar hamisha xalq orasida bo‘lgan, nafaqat aqliy, balki jismoniy mehnat bilan ham shug‘ullangan. Masalan, mashhur adiblarimizdan Abdulla Qahhor shoir-yozuvchilarning Do‘rmon ijod bog‘idagi hovlisida sarxil mevalar yetishtirgan, Shukur Xolmirzayev ham bog‘dorchilik bilan, Tog‘ay Murod esa sport bilan jiddiy shug‘ullangan. Qardosh qirg‘iz xalqining ardoqli farzandi, mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning asl kasbi zooveterinar (mol do‘xtiri) bo‘lganini ham bilasiz... Abdulla Qodiriy esa ana shunday mehnatsevar ijodkorlarning sardori edi. Chunki u ijoddan, tahririyat ishlaridan bo‘sh vaqtlarida ko‘pincha bog‘bonlik qilar, dehqonchilik bilan ham mashg‘ul bo‘lardi. Kichik o‘g‘li Mas’ud Abdullayev xotiralarida aytilishicha, adib har kuni “barvaqt turib, kun yoyilguncha ishlar, kun qizig‘ida esa shiyponda dam olib, keyin to kun botgunga qadar yana mehnat qilar” ekan.

“Dadam chopish, ariq olish, yerni tekislash singari ishlarni erinmay, havas bilan bajarardilar. Boshlariga oq qalpoq kiyib olish odatlari bor edi. Erta bahorda shiypon atrofiga nimalar ekishni mo‘ljallardilar. Masalan, kartoshka, loviya (dadam ko‘k loviya qo‘shib tayyorlangan qovurmani xush ko‘rardilar), qovoq va yana boshqa turli sabzavot va ko‘katlar ekilardi”, – deb yozadi Mas’ud Abdullayev xotiralarida.

Mehnatkash adib 1920–1930-yillari butun dunyoda kuzatilgan iqtisodiy tanglik, xususan, yurtimizda 1930-yillarning boshlarida kechgan ocharchilik davrlarida o‘z xonadoni farovonligi uchun ter to‘kar, oilasi-yu qarindoshlaridan orttirib, qo‘ni-qo‘shni va mahalladoshlariga ham yordamini ayamasdi. O‘zi yetishtirgan meva-cheva hamda poliz mahsulotlaridan berib turardi. Bu haqda u kishidan yaxshilik ko‘rgan insonlar xotiralar yozib qoldirgan. Shundan ham bilish mumkinki, saxovatli adib qalbi ezgulikka to‘la edi. Ota-onasi bergan tarbiya, qolaversa, bolaligidan shakllangan mehnatsevarlik, ilmparvarlik va boshqa insoniy fazilatlar bir umr unga hamroh bo‘lgan.

Bolalar, biz bu gal xalqimizning ulug‘ farzandi, mashhuri jahon adib Abdulla Qodiriy bolaligi, u zotning bebaho fazilatlari haqida ozgina ma’lumot berdik. Aslida buyuk shaxslar to‘g‘risida eng yaxshi taassurotni o‘zlari bitib qoldirgan kitoblardan olish mumkin. “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari, “Obid ketmon” qissasi, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” hikoyalari hamda o‘nlab hajviy-publitsistik asarlari orqali Abdulla Qodiriy siymosi xususida yanada aniqroq va to‘kisroq tasavvur hosil qilasiz. Ishonchimiz komilki, sevimli yozuvchimizning kitoblarini diqqat bilan mutolaa qilgach, sizda yanada yangicha qarashlar, fikrlar va go‘zal xulosalar tug‘iladi.

 

Elmurod NISHONOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.