Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ranglar ortidagi hayot

O‘zbekiston xalq rassomi Akmal NUR (Nuriddinov) 1959-yil Namanganda tug‘ilgan. 1984-yilda Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan. 1990-yildan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ijodkor uyushmasi a’zosi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda.

Rassomning ijodiy ishlari O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Badiiy Akademiyaning ko‘rgazmalar fondida, Urganch davlat galereyasida saqlanadi. Shuningdek Serbiya, AQSH, Hindiston, Shveysariyadagi muzey va galereyalarda, Gollandiya, Germaniya, Belgiya, Avstraliya, Kanada va dunyoning ko‘plab davlatlari xususiy to‘plamlarini ham bezab turadi.

U nafaqat O‘zbekiston, balki xorijlik san’at ixlosmandlari ko‘nglidan ham joy olgan.

 

Orzular sari

Bolalik deganda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi qishlog‘imiz yodimga tushadi. Tumanimiz asosan paxta yetishtiriladigan joylardan iborat edi. O‘quv yili boshlanishi bilan paxta terishga chiqardik. Uyimizda 10-15 ta qo‘yimiz bo‘lardi. Darsdan so‘ng o‘rtoqlarim bilan dalada qo‘y boqardik. Uyga bir etak o‘t bilan qaytardik. Qishlog‘imizdan katta soy oqib o‘tardi. O‘sha soydan baliq tutishni yaxshi ko‘rardim. Shu sababli ba’zi kunlari erta tongdan to kun botgunga qadar baliq ovlardim.

7-sinfni tugallash arafasida ona tili va adabiyot fani darsidan imtihon topshirishim kerak edi. Ammo erta tongdan o‘rtog‘im bilan baliq ovlashga ketdik. Shunchalik berilib ketibmanki, o‘rtog‘im imtihonga borishimiz kerak, deganiga ham ahamiyat bermabman. U meni kutmay maktabga ketib qolibdi. Baliqlarning ko‘pligidan zavqlanib o‘tiraveribman. Bir mahal imtihon yodimga tushdi-yu uyga shoshdim. Qarmoq va baliqlarni uyga tashlab, maktab tomon yugurdim. Borsam, katta zalda 3 ta – “A”, “B” va “V” sinflarni qo‘shib insho yozdirishayotgan ekan. Eshikdan sekingina mo‘ralab o‘qituvchimga qaradim. O‘qituvchim meni ko‘rdilar-u, “Nuriddinov, keldingizmi, soyda baliq qoldimi o‘zi? Siz kelsangiz, baliqxo‘rlik qilamizmi, deb kutib turgandik”, deya kesatib qo‘ydilar. Men esa boshimni egib turaverdim...

Do‘konda juda chiroyli qarmoq ko‘rib qolgandim. Dadamga olib bering desam, hozir emas, keyinroq dedilar. Mushuk shaklidagi pul jamg‘aradigan idishimiz bo‘lardi. Shunchalik sotib olgim kelgandiki, idishning pul solishga mo‘ljallangan teshigini pichoq bilan kattalashtirib, ichidan ozroq pul olib do‘konga yugurdim. Dadam qarmoqni ko‘rib hayron bo‘ldi va qayerdan olganimni so‘radilar. “Olib bering desam, olib bermadingiz. Pulni olishga majbur bo‘ldim”, dedim. Otam chuqur xo‘rsinib, “Bu o‘g‘irlik hisoblanadi”, dedilar va men bilan ancha paytgacha ochilib gaplashmadilar...

Bolaligimda doim adabiyot o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qilardim. Rassom bo‘lish xayolimga ham kelmagan. Lekin qadrdon o‘rtog‘im No‘monjon bilan maktabimizda tashkil qilingan rasm va naqqoshlik to‘garagiga qatnardik. Mashg‘ulotlarda ilk ustozim Ibrohim Mamadaliyevdan naqqoshlikning nozik sirlarini o‘rganar edim... 14-15 yoshimda o‘qituvchi bo‘lish niyatidan qaytib, naqqosh bo‘laman, degan to‘xtamga keldim.

Ko‘p vaqtimiz paxta dalasida o‘tardi. Yomg‘irdan keyin g‘o‘zaning tagi qotib qolardi. Biz uni qatqaloq, deb atardik. Bir kuni ketmon bilan g‘o‘za tagini yumshatayotgan paytimda o‘rtog‘im No‘monjon yugurib kelib, “Akmal, tez daladan chiq. Birga Toshkentga o‘qishga boramiz”, dedi. Hayron bo‘lib qoldim. Uyga kelsam shovqin-suron. Onam, “O‘g‘lim hech qayerga bormaydi, hali yosh bola-ku. Bizdan uzoqda holi qanday kechadi?” deb asabiylashib o‘tirgan ekanlar. Otam esa “Bu – o‘g‘il bola. Xudo xohlasa, katta odam bo‘ladi. Ana No‘monjon ham birga boradi”, deya zo‘rg‘a ko‘ndirganlar. Oilada 6 farzandmiz – 4 o‘g‘il, 2 qiz. O‘g‘illar ichida to‘ng‘ichiman. Shuning uchun ro‘zg‘or ishlaridagi ko‘pgina mas’uliyat mening zimmamda edi. Shunday qilib, otam, men va No‘monjon Toshkent tomon yo‘l oldik.

 

Qat’iyat va ishonch

P. P. Benkov Respublika rassomlik bilim yurtiga hujjat topshirish vaqtida O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Nig‘mat aka Qo‘ziboyev chizgan rasmlarimdan ayrimlarini ko‘rib, “Sen rang-tasvirga topshirasan”, dedilar. Maktabdagi ustozim naqshda bitta chiziqdan chiqmasdan chizish judayam muhim, deya uqtirgandi. Nig‘mat aka rasmlardagi aynan shu jihatlarga ahamiyat bergan ekan.

Hujjatlarni topshirib, otam bilan tamaddi qilish maqsadida o‘qish yaqinidagi oshxonaga kirdik. Yonimizga oppoq kiyingan bir odam kelib, “Ko‘rinishingizdan vodiylikka o‘xshaysiz. Nima sababdan bu yerda yuribsizlar?” deb so‘radi. Otam “O‘g‘limni rassomlikka o‘qitmoqchi edim”, dedilar. U kishi esa otamga “Ay-ay, chatoq ish qilibsiz-ku. Shu ham kasbmi, o‘g‘lingiz ertaga kim bo‘ladi, hayvonlarning rasmini chizib yuradimi? Undan ko‘ra boshqa bir sohaning egasi bo‘lsa bo‘lmaydimi?” degandi. Otam ishonuvchan odam edilar. Ikkilanib, savol nazari bilan menga qaradilar. Men esa “Yo‘-o‘-o‘q”, deya o‘rnimdan turib oshxonadan chiqib ketdim. Ortimdan chiqqan otam meni ko‘ndirishga rosa uringanlar. Lekin men faqatgina shu yerda o‘qiyman, deb oyoq tirab olganman.

O‘qishga qabul imtihonini zo‘rg‘a “3” bahoga topshirganman. O‘rtog‘im No‘monjon esa Toshkentga kelganidan so‘ng fikri o‘zgarib qoldi. “Men bu yerda o‘qimayman, menga yoqmadi”, dedi. Sababini surishtirsam, unga rassomlarning soch-soqol o‘stirib yurishlari ma’qul kelmagan ekan. Qanchalik tushuntirishga urinmay, fikrida qat’iy turib oldi. “Yaxshisi sportchi bo‘laman”, dedi. Toshkentga kelib o‘qishimga sababchi bo‘lgan o‘rtog‘im qishlog‘imizga qaytib ketdi. No‘monjon erkaroq bo‘lgani uchunmi, xohishiga qarab ish ko‘rardi. Men esa qaytib borishni o‘zimga uyat bilganimdan shu yerda o‘qishga qat’iy qaror qildim. Shunday iqtidorli bolalar bilan o‘qirdimki, ko‘pchiligi taniqli rassomlarning farzandi edi. Ularning chizayotgan rasmlari oldida mening chizganlarim hech narsa emasligini bildim. Bir oy o‘qiganimdan so‘ng domlamiz meni chetga chaqirib, “Ko‘rinishingdan aqlli, tushunadigan bolaga o‘xshaysan. Sen bu yerga adashib kiribsan. Yaxshisi boshqa joyda hunar o‘rgansang yaxshi bo‘lardi...” dedi. Nima qilishimni bilmay uzoq o‘yladim. O‘sha paytda otamning do‘sti Ravil Shakirovning uyida yashardim. Uyga qaytib hamma narsalarimni yig‘ishtirdim. Kechki poyezd vaqtini kutib o‘tirsam, Ravil aka kelib qoldilar. U kishi juda bilimdon, o‘qimishli odam edilar. Nima gapligini bilgach, “Bu nimasi endi. Narsalaringni joyiga qo‘y. Hammasi o‘z qo‘lingda, qobiliyat bilan birga mehnat ham kerak. Qachonki o‘z kuchingga ishonsanggina buni uddalaysan”, dedi. O‘sha kundan boshlab dam olmay chizib, o‘z ustimda tinimsiz izlandim...

O‘qish yakunida qo‘limga imtiyozli diplomni tutqazar ekan, o‘qituvchim Ivan Sokolov, “Uch yil avval Akmalga bu yerdan ketib boshqa joyga borib ta’lim olishini tavsiya qilganman. Mana u bugun qanday inson bo‘lib yetishdi. Men o‘sha aytgan gaplarimdan afsusdaman. Akmaldan xursandman!”, degan edi. Keyin menga oliygohga yo‘llanma berishdi. Oliy o‘quv yurtida nonushta qilmasak-da biz talabalar har kuni ertalab tabiatni kuzatib, etyut chizardik. Qo‘limizdagi chizgan rasmimizni ko‘tarib to‘g‘ri darsga borardik. Paxta terish mavsumida talab qilingan kilogrammni ortig‘i bilan terardim-u, darhol rasm chizishga tushardim. Bir kunda 100-150 talab etyutlar chizardim.

O‘qish davomida talabalarni Moskva va Sankt-Peterburgga amaliyot o‘tash uchun yuborishardi. Ammo yo‘lkira xarajatlarini o‘zimiz to‘lashimiz kerak edi. Hamma kursdoshlarimning ketish uchun otlanayotganini ko‘rib qishlog‘imga bordim. Gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlanib turdim. Chunki oilamiz ahvolini yaxshi bilardim-da. Onam nima gapligini bilganlaridan so‘ng, “Otangda ham hozir pul yo‘q edi-ku. Endi nima qilamiz?!” deya o‘yga toldilar. Chamasi ikki soatlardan so‘ng qo‘shnimiznikidan kelgan onam menga bir dasta pul tutqazdilar. Bilsam, quloqlaridagi buvimdan qolgan oybaldoqli tilla sirg‘ani sotibdilar. Pulni olishga oldim-u, onamni shunday ahvolga solib qo‘yganim uchun o‘zimdan xafa bo‘ldim. Va endi uydagilardan pul so‘ramayman, deya ahd qildim. Ko‘p yillar davomida ijarada yashadim. Olgan stipendiyam ijara puli bilan bo‘yoqlargagina yetardi. Amallab yetkazishim ham mumkin edi-yu, ammo bo‘yoq sotib olishga “ko‘zim och” edi. Qo‘limga pul tushishi bilan darhol bo‘yoqlar sotiladigan do‘konga yugurardim.

Bir kuni poliklinika qabulxonasida hushimdan ketganman. Sababi rasm chizaverib qachon ovqatlanib, qachon uxlaganimni ham bilmabman... Talabaligimda iqtisodiy tomondan ko‘p qiynalgan paytlarim bo‘lgan. Lekin o‘sha damlarni hozir o‘zgacha maroq bilan eslayman. Uyimdagilarga og‘irligim tushmasin, deya darsdan so‘ng mardikorlik qilardim. Qanday yumush bo‘lsa bajaraverardim. Ijarada uch kishi turardik. Shunday damlar bo‘lardiki pulimiz qolmasdi. Ana shunday kunlarning birida uchalamiz cho‘ntagimizdagi bor pulni jamladik. Jami 35 tiyin. O‘sha paytda bir kosa lag‘monning narxi 70 tiyin edi. Bir kosaga ham pulimiz yetmaydi. Buning ustiga uch kishimiz. Axiyri yo‘lini topdik. Oshpazdan lag‘monni yarim qilib, suvini esa to‘ldirib solib berishini iltimos qildik. Holatimizni tushunishdi shekilli, ortib qolgan nonlarni ham qo‘shib berishdi. O‘sha lag‘monni uch o‘rtoq shunchalik mazza qilib yedikki, hali-haligacha bu voqea xotiramdan o‘chmaydi.

 

Otam, onam, bobom…

Otam bilan onam juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganlar. Ularga munosib farzand bo‘lish uchun sitqidildan harakat qilardim. Otam Bo‘z tumanida qishloq xo‘jaligi raisi bo‘lib ishlaganlar. Nohaq 15 yilga qamalib, 5 yil ichida oqlanib, qaytib kelgan ekanlar. O‘sha paytda ikkita bolasi nobud bo‘lgan onam yolg‘iz o‘zlari qolib otamni kutgan ekanlar. Biz – keyingi farzandlar otam qamoqdan qaytganlaridan so‘ng tug‘ilganmiz.

Otam san’atni, adabiyotni nihoyatda yaxshi ko‘rardilar. 83 yoshida ham Alisher Navoiy, Bobur g‘azallarini yoddan, ifodali o‘qib berardilar. Keyin 5 yil to‘shakka mixlanib qolib, 87 yoshda vafot etdilar. Onam esa mening eng katta boyligim. 88 yoshni qarshilash arafasida. Mehnatsevar, qat’iyatli, dangal, bir so‘zli ayol. Ayrim masalalarni bir yoki ikki gap bilan yakunlab qo‘yadilar. Shu jihatlari bilan hozirgacha menga o‘rnak bo‘lib keladilar...

Onamning hikoya qilishlaricha, bobom qo‘llariga nima uchrasa – qog‘ozmi, kartonmi, tinimsiz rasm chizgan ekanlar. Bu u kishining eng sevimli mashg‘uloti bo‘lgan ekan. Hozir uyim devorida bobom chizgan rasm osig‘liq turadi. Menimcha, adabiyotga, san’atga mehr qo‘yishimning sababi shundan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Negadir ko‘p gapirilsa-da, hozirgi yoshlarning mutolaa qilishga bo‘lgan qiziqishi hali ham oqsayapti. Hayotim davomida shunga amin bo‘ldimki, kam mutolaa qilgan odamning ijodi ham, chizgan suratlari ham sayoz, quruq bo‘ladi...

Bolaligimda “Gulxan” jurnalida “Jo‘xori tuzoq” degan hikoyani o‘qigandim. Shundan keyin men ham tovuq va jo‘jalarimga jo‘xoridan tuzoq qilganman... Hozir ham “Gulxan” jurnalining nomini eshitsam, bolaligimning beg‘ubor onlari yodimga tushadi.

Bolalarga tilagim, yoshlik zavqi ularni hech qachon tark etmasin.

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.