Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sehrli ovoz sohibasi

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, mahoratli suxandon, serqirra sanʼatkor Dildora RUSTAMOVAni barchamiz yaxshi taniymiz. U oʻzining xushsurati, yoqimli ovozi, goʻzal tabassumi, iliq muomalasi hamda kasbining ustasi sifatida xalqimiz nazariga tushgan, katta-yu kichikning qalbidan joy olgan ijodkor. Biz uni goh “Axborot” informatsion dasturida, goh kinofilmlar dublyajida, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan katta bayram dasturlarida, Oʻzbekiston televideniyesining nufuzli kanallari koʻrsatuvlarida koʻrib quvonamiz. Tahririyatimiz ijodkorlarining taklifi hamda koʻp ming sonli muxlislarimiz talabidan kelib chiqib, ushbu sahifamiz orqali Dildora Rustamovaning bolalik yillari hamda ijodiy faoliyatiga nazar tashladik. Oʻylaymizki, qahramonimiz hayotidagi ibratli lavhalar siz oʻquvchilar uchun saboq olsa arzigudek maktab boʻladi.

 

Katta boʻlsam diktor boʻlaman

Biz oilada uch farzandmiz. Men, ukam Otabek va singlim Dilorom. Otam – taniqli sanʼatkor Nasriddin Rustamov Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyori edilar. Onam esa umrlari uzoq boʻlsin, Gulnora Rustamova ham sanʼatkor. Bolaligimda koʻp toʻgaraklarga qatnaganman. Oʻshanda kompyuterlar Oʻzbekistonga endigina kirib kelayotgan paytlar edi. Men bolalik havasi boismi hamma narsani bilgim kelardi. Shuning uchun bir yoʻla maktabimizdagi kompyuter, dutor, kashtachilik, xor, raqs toʻgaraklariga qatnashganman. Ularning har birini qiziqib oʻrganardim, hammasini yaxshi koʻrardim. 9-sinfda oʻqiyotganimda professional raqs ansambliga taklif qilishganida ota-onam rozilik berishmadi. Men Toshkent shahridagi xitoy tiliga ixtisoslashgan 59-maktabda oʻqiganman. Xitoy tilini yaxshi oʻrganganman. 7-sinfga oʻtganimda aʼlochi oʻquvchilarni jam qilib, maxsus sinf tashkil qilishdi. Maktabimizda shunday imkoniyat bor edi, 11-sinfni tamomlagandan soʻng imtihon topshirilardi. Yuqori ball toʻplaganlar toʻgʻridan toʻgʻri Sharqshunoslik institutiga qabul qilinardi. Oʻqituvchilarim ana shu maxsus imtihonlarga qatnashgin, deb koʻp aytishgan. Lekin ota-onam bolaligimdan shifokor boʻlishimni xohlaganlari uchun ustozlarimga “tarjimon boʻlmayman”, deganman. Keyinchalik bu javobimdan afsuslangan paytlarim ham boʻlgan. Bolaligimda taniqli suxandon Dilfuza Yusupova olib boradigan “Multiponorama” koʻrsatuvini mazza qilib tomosha qilardim. Dilfuza opaga havas qilib, “Katta boʻlsam diktor boʻlaman”, deb orzu qilardim.

Kitob oʻqishni, sheʼr yodlashni yaxshi koʻrardim. 7-8-sinfgacha faqat ertak kitoblar oʻqiganman. Ertaklarni yaxshi koʻrishimni bilgan tanish-bilishlarimiz, qarindoshlarimiz menga doim ertak kitob sovgʻa qilishardi. Avvaliga oʻzbek xalq ertaklarini, soʻngra jahon xalqlari ertaklarini mutolaa qildim. Oʻzimga juda yoqqan ertaklarni ovoz chiqarib oʻqirdim. Badiiylashtirib, obrazga kirib oʻqishni yaxshi koʻrardim. 8-sinfdan boshlab katta asarlarni, detektiv romanlarning koʻproq rus tilidagi nashrlarini oʻqiy boshladim. Bu esa menga rus tilida aniq va ravon talaffuz qilishni oʻrgatdi.

Teatr uyimizga koʻchardi!

Bolaligimiz, taʼtil kunlarimiz musiqali drama teatrida oʻtgan. Har safar yangi spektakl oldidan aktyorlar ovozlarini sozlab mashq qilishar, sahnadagi rollariga tayyorlanishardi. Biz ota-onam ishtirok etadigan spektakllarga gul koʻtarib borardik. Uyimizda oʻtadigan tugʻilgan kun va boshqa tadbirlar katta tantanaga aylanib ketardi. Teatrning deyarli hamma aktyorlari uyimizga kelishardi. Mashhur sanʼatkorlardan tortib, yosh aktyorlargacha. Ana shunday yigʻinlarda ular ayrim spektakllardan ariyalar ijro etishardi. Chetdan kuzatganda bu juda ajoyib va havas qiladigan darajada maroqli edi. Hozirgacha onamga yaqin boʻlgan sanʼatkorlar uyimizga tez-tez kelib turishadi. Men ariyani juda yaxshi koʻraman, uni har safar hayajon bilan tinglayman, negadir yigʻlagim kelaveradi. Ayniqsa, oilamiz qadrdoni, Oʻzbekiston xalq artisti Mehri Bekjonova kelib qolsalar, ularga, albatta, ariya ayttiraman, aytmaganlariga qoʻymayman.

Maktabni tamomlaganimdan soʻng otam rahmatli Sanʼat institutidagi teatrshunoslik va sanʼat jurnalistikasi fakultetiga hujjat topshirish uchun olib borganlar. Otajonim hamisha, inson har narsaga oʻz mehnati bilan erishishi kerak, der edilar va bizni oʻz ustimizda ishlashga, oʻqishga, oʻrganishga, vaqtdan unumli foydalanishga oʻrgatardilar.

Tanlovdan soʻng

1997-yil televideniyeda suxandonlik uchun tanlov eʼlon qilindi. Bu tanlovda 200 dan ortiq talabgor ishtirok etdi. Ishonasizmi, ular orasidan meni ham tanlab olishdi va uch oy sinov muddati bilan ishga qabul qilishdi. Sinov muddati degani bu – katta diktorlarning ishini kadr ortidan kuzatish, oʻrganish, tajriba orttirish edi. Lekin ustozim Raʼno Joʻrayeva uch kundan soʻng meni efirga chiqarib yuborganlar. “Sen tayyorsan, eplay olasan, agar kimdir eʼtiroz bildirsa, meni aytgin”, dedilar. Xuddi Raʼno opa aytganlaridek, meni efirda koʻrganlar hayron qolishgan, biroq javobimni eshitgach indashmagan. Raʼno opa shunaqa mard, dadil ayol ekanliklariga keyinchalik birga ishlagan yillarimda yana koʻp bor ishonch hosil qildim.

Kasb borasida oʻzimni juda omadli, deb hisoblayman. Bularning hammasi oilada ota-onamning menga bergan tarbiyalarining natijasi deb oʻylayman. Yuqorida aytganimdek, bolaligimdan suxandonlikka havas qilganman. Televideniyega ishga kelgach, bu sohaning eng ustalari Muslimbek Yoʻldoshyev, Dilorom Umarova, Galina Melnikovalarning tajribasini oʻrgandim. Ovozim ustida koʻp ishladim, juda koʻp kitoblar oʻqidim. Ayniqsa, bu sohada menga anchagina mehnati singgan rahmatli ustozim Oʻzbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumoʻmin Oʻtbosarovni alohida mehr bilan yodga olaman. Ustozlarim menga xuddi ota-onamdek boʻlishdi. Suxandonlik kasbini mukammal oʻrganishim uchun oʻz mehnati va tajribasini ayashmadi. Shu insonlar bilan birga ishlayotganimdan, katta dargohda oʻz oʻrnimni topganimdan quvonaman, shukur qilaman. Ular meni koʻp qirrali sanʼatkor qilib tarbiyalashdi. Bilasiz, dublyajda ham faol ishtirok etaman. Dublyaj mashaqqatli mehnat talab etadigan kasb. Lekin shunday boʻlsa-da, dublyajga borgim kelaveradi. Yaqin insonlarim, qoʻyaqol shu dublyajni, deyishsa ham undan voz kechmadim. Chunki dublyajda ishlash menga juda yoqadi. Dublyajga bormasam, menga suv bilan havo yetishmayotgandek tuyulaveradi. Qolaversa, dublyaj tufayli koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻlib kelyapman.

Boʻsh vaqtlarim juda kam boʻladi. Lekin oilam – onajonim, farzandlarim uchun hamisha vaqt ajratishga harakat qilaman. Ular bilan sayrga chiqishni, chiroyli maskanlarda birga dam olishni, oilaviy dasturxon atrofida birga oʻtirishni, dunyoning chiroyli joylariga olib borib, sayohat qildirishni yaxshi koʻraman. Ikki qizim bor: kattasi Shahrizoda, kichigi Mohimbonu. Talabchan onaman, deb oʻylayman. Ish bilan boʻlib, baʼzan qizlarimga vaqt ajratolmay qolaman. Shunday paytlarda biroz erkalatib ham yuboraman.

Orzu qilishdan toʻxtamang

Bugungi bolalarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar havas qiladigan darajada. Ularga havasim keladi, buni qizlarimga ham koʻp marta aytaman. Qani edi, oʻn yil avval shu sharoitlar boʻlganda, juda koʻp ishlarni amalga oshirgan boʻlardim. Hozir oʻquvchilar qaysi sohaga, qaysi fanga qiziqishsa, buning uchun maxsus maktablar, toʻgaraklar, markazlar ochilgan. Faqat oʻz ustida ishlash, qunt bilan oʻqish talab qilinadi. Iloji boricha rejalashtirilgan, qilinishi kerak boʻlgan ishni oʻz vaqtida amalga oshirish kerak. Bolalarga vaqtdan unumli foydlanishni, har bir ishga yaxshi niyat bilan qoʻl urishlarini maslahat bergan boʻlardim. Koʻproq badiiy asar oʻqishlarini, hikoya va ertaklarni ovoz chiqarib oʻqishlarini soʻragan boʻlardim. Chunki sheʼr yodlash, ovoz chiqarib kitob oʻqish nutqni ravon qiladi, chiroyli muomala va munosabatga, oʻz fikrini ifodalashga oʻrgatadi. Bu faqat bizni sohamizda emas, hamma sohada kerak boʻladi. Hech qachon orzu qilishdan toʻxtashmasin, chunki yaxshi orzular insonni yaxshi natijalarga yetaklaydi. Buni men – bolalik orzusi amalga oshgan inson aytyapman. Bolalarning eng katta ishi bu – oʻqish, oʻrganish, koʻproq bilim olish.

“Gulxan” jurnalining barcha muxlislariga sogʻlik-salomatlik tilayman. Ushbu sahifaga qahramon sifatida meni tanlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.

 

Zahro HASANOVA yozib oldi.

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.