Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sehrli ovoz sohibi

Bolalikda hammamiz teleekran orqali namoyish etilayotgan g‘aroyib, quvnoq va qiziqarli multfilmlarni sevib tomosha qilamiz. Ular orqali yaxshi va yomonni, ezgulik va yovuzlikni, oq va qorani ajrata oladigan, farqlaydigan bo‘lamiz. Demak, hayotda yaxshi inson bo‘lib yetishishimizda multfilmlar alohida ahamiyatga ega ekan.

Keyingi paytlarda xorijda yaratilayotgan animatsion multseriallar ayniqsa, qahramonlari bilan ham do‘stlashib olganingiz sir emas. Mazkur mulfilmlarni sizga ona tilimizda tushunarli qilib yerkazishda mohir tarjimon va ovoz beruvchi san’atkorlarning xizmati katta. “Dengizchi Papay”, “Tom va Jerri”, “Qunduz amakining qissalari”, “Qirol sher”, “Kun-fu panda”, “Muzlik davri”, “Madagaskar”...e-he-e, sanasak juda ko‘p.

“Dengizchi Papay”da Papay, “Kuchukcha Druppe”da Druppe, “Muzlik davri”da yalqov Sit, “Madagaskar”dagi zebra Martin, “Kun-fu panda”dagi sizning sevimli qahramoningiz sodda, beg‘ubor va quvnoq panda. Bu multqahramonlar ovozi sizga juda ham tanish bo‘lsa kerak? Ular boshqa davlat multfilm qahramonlari. Ammo ularni o‘zbekona hazil-huzullar, qochirim va topilmalar bilan “gapirtirib” ko‘nglingizga shodlik va hayajon ulashuvchi mohir san’atkor kimligini bilasizmi? Bu dublyaj san’ati ustasi Elbek Mirzohidovdir.

U yuqori sinfda o‘qib yurgan kezlari maktab sahnasida tadbir o‘tkaziladigan bo‘ladi. Unda hazrat Alisher Navoiy hayotidan lavha ko‘rsatiladi. Bu sahna ko‘rinishi ikki obraz – Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro suhbatidan iborat edi. O‘qituvchisi Navoiy rolini Elbekka topshiradi. Sahna ohanrabosi uni ilk bor o‘shanda tortgan bo‘lsa kerak. Maktabni bitirgach, Elbek hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Qo‘g‘irchoq teatri aktyorligi san’ati” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradi. 4-kursda o‘qiyotganida u Respublika qo‘g‘irchoq teatriga ishga joylashadi. Institutni bitirib shu teatrning eng ishonchli aktyorlaridan bo‘lib faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Teatr repertuaridagi barcha spektakllarda bosh qahramon obrazi ijrochisiga aylanadi.

Qo‘g‘irchoq teatri san’atida mashhur bo‘lgan “Karvonsaroy” spektakli jahonni kezib chiqqan tomosha hisoblanadi. Uni ikki aktyor ijro etadi. Shu va yana “Chodir Xayol”, “Chodir Jamol”, “Shumbola” kabi spektakllar bilan Elbek aka bir qancha davlatlarda o‘tkazilgan “Xalqaro qo‘g‘irchoq teatrlari festivali”da ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. E’tiborlisi, qaysi davlatga borgan bo‘lsa, tomosha shu mamlakat tilida ijro etilgan.

2000-yili Elbek akaga “Yoshlar” telekanali rejissorlari xorij multqahramonlariga ovoz berishni taklif etishadi. Avvaliga biroz ikkilangan Elbek aka shunchaki sinovdan o‘tish maqsadida studiyaga boradi. Shunda “Dengizchi Papay” multserialidagi bosh qahramonga ovoz berishini aytishadi. Uning urinishi jamoaga ma’qul bo‘ladi. E. Mirzohidov bu jarayonda hech qanday qiyinchilikni his qilmaydi. Chunki uning ish faoliyati dublyaj san’atiga yaqin edi. Shunday qilib uning bu ishi “Kuchukcha Druppe” va “Tom va Jerri”ga ulanib ketadi. Sal o‘tib rejissorlar mahoratingizni badiiy filmda ham sinab ko‘raylik deya Avstraliya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Darbadarlik” filmi dublyajiga taklif qilishadi. Film Elbek akaga katta muvaffaqiyat olib keladi. Bugungi kunda aktyorning tanish ovozini Koreya teleseriallarida ham eshitmoqdamiz.

– Jurnal o‘quvchilariga vaqtni behuda sarflamang, uning qadriga yetib, unumli foydalaning, deyman. Hamma ishni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilishsin. Davlatimiz tomonidan ular uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Mana, turli-tuman kitoblar, jurnallar chop etiladi, o‘z vaqtida shularni mutolaa qilishsin. Bugun bolalarimizning qo‘lida har xil rusumdagi mobil telefonlarga ko‘zim tushadi, o‘yin o‘ynab, ularga tikilib qolishganining guvohi bo‘laman. Telefon emas, ko‘p kitob o‘qish foydalidir. Sport bilan shug‘ullanib, to‘garaklarga a’zo bo‘lishsin. Vaqtini qadrlagan bola kelajakda, albatta, oilasiga, jamiyatga, yurtiga kerakli inson bo‘lib voyaga yetadi, – deydi Elbek Mirzohidov.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.