Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tuproq koʻchalarda ulgʻaygan mehr

Taniqli oʻzbek shoirasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sharifa SALIMOVA 1951-yil 30-dekabrda Toshkent viloyatining xushmanzara Parkent tumanida tugʻilgan.

Sharifa opaning “Hayot zavqi”, “Mening bahorim”, “Xizr bulogʻi”, “Tongga qasam”, “Vatan suvrati” kitoblari sheʼriyat muxlislari, adabiyot ixlosmandlarining sevimli asarlari qatoridan joy olgan. Shoiraning “Hayvonot olamiga sayohat” kitobi bolalar uchun ajoyib tuhfa boʻldi. Kuni kecha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoiraning “Oʻzbekiston” NMIU da chop etilgan “Bedor tun tomchilari” nomli kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Biz yangi kitob bilan qutlash maqsadida opani yoʻqlab bordik. “Gulxan” jurnalidan kelganimizni eshitib beixtiyor begʻubor bolalik chogʻlariga qaytgandek boʻldilar. Bolalikning bu goʻzal xotiralaridan sizni ham xabardor qilgimiz keldi.

 

Oqizoq oʻynagan olmalar

Biz oilada olti farzand – besh qiz va bir oʻgʻil boʻlganmiz. Men kenja qiz edim. Dunyoni anglab koʻrgan birinchi goʻzalligim – onam boʻlgan. Onam oftob chehra, uzun, qop-qora sochli, hamisha mayin kulib turadigan ayol edi. Ismlari jismlariga mos Mehriniso onajonim odamlarga chindan mehrli edilar. Esimni taniganimdan buyon birortamizni koyiganlarini eslolmayman.

Biz kunlar ilishi bilan qishki qoʻrgʻonimizdan sahnida turli mevali daraxtlar oʻsadigan, kattakon loysuvoq qilingan supali bogʻ hovlimizga koʻchardik. U yerdan qirgʻoqlarida xushboʻy yalpiz, turli giyohlar barq urib yotgan ariqcha qoʻshni hovlilarga oqib oʻtardi. Biz kechasi supaga qator joy solib yotar, yulduzlarga termulib suhbatlashardik. Ariqchaning mayin kuyiga maftunlikdanmi yoki kun boʻyi shoxlarga osilib charchaganidanmi chiroyli qirmizi, oq olmalar tunda suvga kalla tashlashardi. Olmalarning maslahatlashib olganday birin-ketin suvga shoʻngʻiganini eshitib koʻz oldimda oqizoq oʻynashayotgan olmalar paydo boʻlar, ana shunday yoqimli taassurotlar ogʻushida uxlab qolardim.

Azonda koʻz ochganimda onam oʻchoqboshidagi maxsus oʻchoqda choy qaynatayotgan (bizda kirga suv isitish, non yopish, ovqat qilish uchun alohida-alohida oʻchoq) boʻlardi.

Ularning usti tekis qilib suvoq qilingani uchun onam non yopib boʻlishi bilanoq oʻchoq ustida bemalol yugurib oʻynayverardik. Loysuvoqli tomlarimiz yonida zinalar boʻlardi. Biz oʻsha zinalardan tomga chiqib olib atrofni, togʻlarni tomosha qilardik. Togʻ choʻqqilarida goh tuya, goh paxta uyumiga oʻxshab suzib yurgan bulutlarni soatlab tomosha qilardik. Ular biz uchun bir moʻjiza edi.

Bogʻ hovlimiz Boʻrsiliqda joylashgan edi. Boʻrsiliq koʻchalaridagi tuproqlar koʻpchib, boʻrsillab yotardi. Ayni saraton paytlarida onam boshimizga oq roʻmol yopib, endi bir tuproq kechib kelinglar-chi, deb chiqarib yuborardilar. Oyoqlarimiz qaynoq tuproqda jaz-jaz qilib kuyar, biz “voy-voy”lab irgʻishlardik. Keyinchalik bu tuproq kechishlarning sababini angladim. Saraton quyoshidan qizigan tuproq oyoqlardagi kasalliklarni davolar ekan. Hamqishloqlarimizning birortasi oyoq ogʻrigʻi, bodga chalinmasligi sababini shunda sezganman.

 

Bir elak anjir

Salimboy buvam juda mohir sohibkor edi. Ular yetishtirgan uzumlarga hammaning havasi kelardi. Chunki har bir uzum boshi chelakday-chelakday boʻlardi-da. Buvam baland boʻyli, baroq qoshli, ochiq yuzli kishi edi. Meni doim erkalab, qoʻlimdan yetaklagancha tokzorlarga olib borar, uzum navlari bilan tanishtirardilar. Eh-he, bu yerdagi oq chillaki, qizil chillaki, hasayni, charoslar hosilidan koʻz qamashib ketardi. Meni hammasidan ham sohibi uzum hayratga solardi. Rangi xuddi anor donalarini eslatadigan bu uzum shu qadar shaffof ediki, ichidagi urugʻlarini bemalol sanab chiqardim. Boshqa hech kimning tokzorida bunaqa uzum yoʻq edi. Lekin men sohibini emas, mayda charosni shingillab ogʻzimga solishni xush koʻrar, nonushtaga ham iloji boʻlsa oʻsha charosdan tortilishini xohlardim. Otam bolalarini mehnatkash qilib tarbiyalardi. Hatto nonushta tayyorlashda ham hammamiz birday ishtirok etishimiz shart edi. Azonda birgalashib uzum uzishga borardik. Ota-onamiz qaychi bilan uzum boshlarini avaylab kesib, chelakchalarimizga joylab berishardi. Biz ularni supaga – avvaldan yoyib qoʻyilgan tok barglari ustiga avaylab taxlardik.

Bogʻimizda tanasi odam qulochidek keladigan anjirlar bor edi. Anjir shoxlari nozik boʻladi. Ozgʻin, epchil boʻlganim uchun otam daraxtga chiqib anjir terishni faqat menga topshirardi. Oʻzlari qoʻlimga elak tutqazib shoxdan shoxga koʻtarilishimni kuzatib turardilar. Men shirasi qobigʻidan qaynab chiqib turgan sap-sariq anjirlarni avaylab elakka terardim. Muzday suvda chayib dasturxonga olib borardim. Dunyoda onam yopgan issiq non bilan yeyiladigan anjir-uzumlar mazasiday maza yoʻq edi biz uchun.

 

Qalamimni topib bering

Qandaydir bayram arafasimidi bilmadim, onam egnimga atlas koʻylakcha tikib kiydirdilar. Boshimda duxoba doʻppi, oyogʻimda yap-yangi kalish, egnimda nimcha. Yashnab turganimni koʻrib akam meni aylantirib kelmoqchi boʻldilar. Koʻrgan narsamni chizishga odatlanganim uchun kichkinagina qalamchamni choʻntagimga solib oldim. Akamning qoʻlidan mahkam ushlab darvozadan chiqdik. Darvozamizdan yigirma qadam narida kattakon anhor oqadi. Anhor ustiga tegirmon qurilgan. Biz tegirmon novidan sakrab oʻtishimiz kerak ekan. Ayni shu damda men akamning qoʻlini qoʻyib yuboribman. Nima boʻlganini anglamasimdan suvga tushib ketdim. Oqim meni shu qadar tez olib ketdiki, akam sezmay ham qoldi. Biroq, bilasizmi, tegirmonning bir odati bor. Agar kimdir suvga tushib ketsa xuddi odamga oʻxshab nola bilan oʻkiradi. Ana shu ovoz akamni hushyor torttirgan. Oqim tegirmon parragiga borib shunday urildiki, parrak meni qaytib oqimga uloqtirdi. Men bir shoʻngʻib, bir suv yuzasiga chiqib boryapman, ikki qadam narida doʻppim oqib ketyapti. Shu payt akam yugurib kelib oʻzini suvga otdi. Meni mahkam bagʻriga bosib, qirgʻoqqa olib chiqdi. Boshimni pastga qilib silkidi. Ichimdan bir chelakcha suv toʻkildi. Yerda biroz yotgach asta koʻzimni ochsam atrofim toʻla odam. Tepamda onam yigʻlab turibdi. Shoshilib nimchamning kissasiga qoʻl tiqdim. Qalamimni topolmadim. “Qalamim oqib ketibdi, topib bering”, deb chunonam yigʻladimki...

Na yangi doʻppi, na yangi kalish, na atlas koʻylakka emas, yarimta qalamga bunchalik achinganimni koʻrgan onam nima deyishni bilmay bagʻriga bosdi, sochimni siladi.

 

Kimning xati chiroyli?

Hali olti yoshga toʻlmasimdan oʻqish, yozishni bilib olgandim. Chunki aka-opalarim savodimni chiqarib ulgurishgandi. Men Boʻrivoy amakining bostirmasiga joylashgan maktabga oʻqishga bordim. Bostirma kichik-kichik xonalardan iborat edi. Kattakon, qop-qora partalar orasida biz bolalar koʻrinmay ham qolardik. Qishda, qorli kunlarda sinf juda sovib ketardi. Shunda Usmon domla bizni tashqariga chiqarib qoʻyardi-da, xona oʻrtasida mungʻayibgina turgan pechkaga qogʻoz, xas-xashak yoqib sinfni isitishga urinardi. Iliq xonaga kirganimizda partalarimiz tomdan oʻtgan chakkalardan hoʻl boʻlgan boʻlardi. Biz suvni qoʻlimiz bilan sidirib olardik. Shu sharoitda ham hammamiz yaxshi oʻqirdik. Men sinfboshi edim. Maktabdagi oʻquvchilar orasida eng chiroyli yozadigani ham men edim. 4-sinfdaligimda Husnixat daftarim koʻrgazmalar doskasiga qoʻyilgan.

Aʼlochi boʻlganim uchun Usmon domla yangi yil arafasida menga “Zoya va Shura qissasi” nomli kitob sovgʻa qilganlar.

Oilaviy kitobxon edik. Kitobga mehrimiz boʻlakcha edi. Oʻn bir yoshimda akam sevib oʻqiydigan Makarenkoning “Pedagogik poema” asarini erinmay oʻqib chiqqanman. Navoiy gʻazallarini yodlaganman. Ardoqli shoiramiz Zulfiya xonimning kitobchasi esa qoʻlimdan tushmasdi.

 

Qizil tulki

Akam Xojikoʻl degan joydan dehqonchilik qilish uchun yer olgandi. U yerga qovun-tarvuz, sabzavotlar ekardik. Poyonsiz qirlar orasiga moʻjazgina chayla qurgandilar. Kattalar dalada ishlar, men olti oylik jiyanim Muhabbatga qarab oʻtirardim. Jiyanim uxlayotgani uchun kattalar yoniga bordim. Akam, chaylaga qayt, bola yolgʻiz qolmasin, dedi. Tor soʻqmoqda yugurib borarkanman qulogʻimga yigʻi tovushi eshitildi. Tovush chiqarmay chaylaga kirdim. Qarasam, jiyanim yotgan joyida oyoqchalarini tipirchilatib yigʻlayapti, boshida qop-qora zaharli ilon turibdi. Men nafasimni ichimga yutib orqaga tislandim. Tashqariga chiqib akamga tezroq keling, deganday qoʻl silkitdim. Akam darrov yetib keldi-da, ilonni qalpoq bilan shappa boshidan ushlab olib ketdi. Agar oʻshanda men baqirib ilonni choʻchitib yuborganimda, kim biladi qanday yomon voqea yuz berardi...

Ertasiga kechki payt men ota-onam bilan uyga qaytdim. Uch qir naridan koʻrinib turgan oftob nurlarini yigʻishga kirishgan. Shu payt oldimizdagi qirda ham qip-qizil, yum-yumaloq “quyosh” koʻrindi. “Yo qudratingdan, onasi qara, tulki, tabiatning noyob jonivori – qizil tulki”, dedi otam zavq bilan. Tulki dumini koʻz-koʻz qilib tamanno bilan yoʻrgʻaladi. Keyin hayratimizni sezgandek toʻxtadi. Biz beixtiyor qadam tashladik. Tulki oʻsha alfozda odimlar, keyin qalaysizlar, degandek ortiga qarardi. Uning momiq moʻynasi quyoshda shunday ajib tovlanardiki, koʻz uzging kelmasdi. U bizni sehrlagancha qir ortiga oʻtib koʻzdan gʻoyib boʻldi. Men haligacha oʻsha qizil tulkini tushlarimda koʻraman.

 

Mayizak

6-sinfda oʻqirdim. Qish boʻlgani uchunmi roʻzgʻorimiz ancha tortilib qolgan. Mayizlarni ham, sabzavotlarni ham sotib boʻlganmiz. Ertagi kun dasturxonga nima tortish tashvishi bosgan onam menga yuzlanib:

– Qizim, ozgina mayizak bor, shuni bozorga olib tushgin, harna rizq boʻladi, – dedilar.

Men umuman savdoni bilmayman. Lekin onamning koʻzidagi umidni soʻndirmaslik uchun rozi boʻldim.

Ertasiga mayizakni bozorga olib chiqdim. Bozor rastalarida shunaqangi chiroyli mayizlar bor edi-ki...men ichkariga kirishga ham jurʼat etmay bir chekkadan joy tanladim. Xaltani yerga qoʻyib ogʻzini ochdim. Xaridorlar xaltaga qaraydi-yu hech narsa demay oʻtib ketadi. Yuragim xavotirdan taka-puka. Sotolmasam nima qilaman! Nihoyat bir yoshroq kishi oʻgʻlini yetaklab kelib oldimda toʻxtadi. Bir menga, bir mayizakka qaradi. Rastalarga koʻz tashlagach, narxini soʻradi.

Men aslida narx-navoni bilmasdim, lekin onamni xursand qilish uchun oʻylab oʻtirmasdan shartta, bir soʻm, dedim. Oʻsha paytda bir soʻm katta pul boʻlib, eng sara mayizlar ham buncha qimmat sotilmasdi.

U kishi biroz oʻylanib turdi-da, “Qani, qizim, mayizingni hammasini tort-chi”, – dedi. Tepa rastadan bizga hayron qarab turgan kishi bu savdodan hang-mang boʻlib qoldi. Lekin mayizni tarozisi-da tortib berdi. Mayizak naq oʻn ikki kilo chiqdi... Qoʻlimda pulni gʻijimlagancha yugurib ketyapman: Qani shu topda qanotim boʻlsa-yu, bir daqiqada onamning yoniga uchib borib xursand qilsam. Onam meni darvoza oldida kutib turgan ekan. Yuzimga xavotir bilan qaradi-da, bolam, seni ham qiynab qoʻydim-a, mayizimiz yaxshi emasdi-da, birov soʻramagandir ham, – dedi sekingina.

– Onajon, mayizakni sotdim, – dedim jilmayib.

– Yoʻgʻ-e, sotdingmi, qanchaga sotding? – onamning koʻzlari quvonchdan chaqnab ketdi.

– Oʻn ikki soʻmga. Hammasini bir kishi sotib oldi.

– Ha bolam, yaxshi odamlar koʻp dunyoda, baraka topsin.

Ertasi kuni onam bilan bozorga borib roʻzgʻor uchun kerakli narsalarni xarid qildik. Onam bir necha kun roʻzgʻor tashvishidan xotirjam boʻldi.

 

Adabiyotga shaydolik

Tugʻilib oʻsgan qishlogʻimning betakror tabiati, oqibatli odamlari mehri, oʻqigan kitoblarim meni adabiyotga, sheʼriyatga oshno qilib qoʻydi. Ilk marotaba 4-sinfda oʻqiyotganimda dugonamga atab toʻrtlik yozgan boʻlsam, 6-sinfda “Quyosh” degan ikkinchi sheʼrimni yozdim:

 

Quyosh issiq nur sochadi yayratib tanni,

Lola gulga toʻldiradi goʻzal Vatanni.

Oʻsimliklar orom olar quyosh nuridan,

Hatto yer ham hansiraydi issiq zoʻridan...

 

Aslida men har kuni sheʼr yozardim, biroq uni hech kimga koʻrsatmasdim. Sheʼr yozishimni adabiyot muallimimiz tasodifan sezib qolib tuman gazetasida eʼlon qilib yuborgan. Bu sheʼr tufayli qishloqda mashhur boʻlib qolganman. Ustoz 9-sinfda erkin mavzuda yozgan “Qoya qilar hikoya” nomli dostonimni ovoz chiqarib oʻqib bergach, mana, oramizda isteʼdodli shoira kamolga yetyapti, ona qizim, siz qalamga oshno tutinibsiz, tuzukkina shoira boʻlib qolibsiz-ku, – dedilar mamnun jilmayib. Bu ustozimning menga tilagan oq yoʻli boʻldi. Qalamga oshnolik meni ne-ne ulugʻ ijodkorlar davrasiga olib kirdi. Shoirayi zamon Zulfiya xonim, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ibrohim Gʻafurov, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyevadek ustozlar duosiga musharraf qildi. Shubhasiz, bu muvaffaqiyatlarim zamirida Usmon aka, Qambarali aka, Shafqatilla aka, Nomoz aka, Nuriddin aka, Solivoy aka, Oʻrinboy aka singari buloq suviday shaffof, oʻz kasbiga eʼtiqodli, bolajon ustozlarning fidoyi mehnatlari yotibdi.

Suhbatimiz yakunida jurnalxonlarga bir narsani taʼkidlashni istardim: “Gulxan” biz oʻquvchilarning eng sevimli jurnalimiz, yostigʻimiz ostida avaylab-asraydigan, oʻrtoqlarimiz, aka-opalarimiz bilan talashib-tortishib, koʻzimizga surtib oʻqiydigan moʻjiza edi. Siz ham bolalar qalbining tarjimoni boʻlgan bu jurnaldan aslo ajralmang. U sizni ota-onangiz, Vataningiz orzu qilgan barkamol inson boʻlib yetishishingiz yoʻlidagi mayoqligiga astoydil ishoning, ana shunda maqsadingizga yetasiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA suhbatlashdi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.