Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir dona chinnigul

8-Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni erta tongdan hovliga chiqib bahor nafasi kelib turgan toza havodan to‘yib-to‘yib sipqordim. So‘ng atrofni kuzatdim. Bahoriy gullarimning deyarli barchasi endigina quloq chiqarib yashnab turibdi, lekin hali g‘uncha ochmagan. Nonushtadan so‘ng bayram kayfiyati bilan yangi ochilgan gul ko‘chatlaridan olib kelish uchun gul bozoriga yo‘l oldim. Beruniy dahasidan o‘tib borar ekanman, gul rastalari oldidagi tumonat odamni ko‘rib, to‘g‘risi hayron qoldim. Negaki, bu yil nazarimda yaqinlariga gul sovg‘a qilish uchun do‘konga kelganlarning soni har yilgidan ancha ko‘proq edi. Ko‘chadagi mashinalar zichligini aytmaysizmi...

Chetda turib gul xaridorlarini birpas kuzatdim. Yetti yoshli bolakaydan tortib, keksa otaxongacha bor. Onasiga, turmush o‘rtog‘i, ustozlari, kursdoshlari va sinfdoshlariga gul sovg‘a qilish taraddudidagi er yigitlar. Atrofidagi xotin-qizlarni hurmat qiladigan, ularni boshiga ko‘taradigan, bayram kuni ularga gul tutish, gulga qo‘shib o‘z mehri va e’tiborini namoyon etadigan yurtimizning alp yigitlari. Mana ular hayajon bilan u do‘kondan bu do‘konga yelib-yugurib gul tanlashmoqda. Shu payt odamlar orasida qo‘lida bir dona chinnigul ushlagan o‘n yoshlar chamasidagi bolakayga ko‘zim tushdi. Uning yaqinroq kelishini kutdim.

– O‘g‘lim, qo‘lingdagi gulni kimga sotib olding? – so‘radim undan.

– Oyijonimga, – dedi u faxr bilan, – yana sovg‘a ham oldim, degancha ikkinchi qo‘lidagi gulli xaltani ko‘rsatdi. Uning ichida bir dona kitob bor edi.

– Oyijonim kitob o‘qishni yaxshi ko‘radilar, – dedi u izoh berib.

– Pulni qayerdan olding? – qiziqdim yana.

– Maktabda tushlik qilish uchun bergan pullaridan tejab yiqqanim bor edi, – dedi u.

Bolakayning qo‘lidagi bir dona chinnigulga boqib, uning onasi gulni olgach qanday sevinib ketishini ko‘z oldimga keltirdim. O‘sha gulni o‘zim olgandek xursand bo‘lib ketdim. Unga oq yo‘l tiladim-u yo‘limda davom etdim.

Men martni – bayramlar oyi, deyman hamisha. Bir sanab ko‘ring-a, unda qancha bayramlar bor. Ayniqsa, bu yilgi 8-mart o‘zgacha nishonlandi. Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yurtimizning turli sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi. Qolaversa, har yili o‘zining iqtidori va ibratli faoliyati, noyob iste’dodi, tashabbuskorligi, zukkoligi, o‘qishdagi alohida yutuqlari va jamoatchilikdagi faolligi uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadigan qizlar soni bu yil 28 nafarga yetdi, ya’ni har yilgidan ikki baravar ko‘paydi.

“Farzandlar tinchligi, ularning baxt-u kamoli – jamiyatning eng katta boyligi”, – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bayram nutqida. Davlatimiz rahbari hamisha mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar haqida qayg‘urmoqdalar. Yurt mehri va ardog‘ida erkalanib yashash – katta baxt. Shu bilan birga uning mas’uliyati ham bor. Aziz o‘quvchilar, har biringiz ana shu mas’uliyatning burch, vazifalarini anglab yashasangizgina, kelgusida ona Vatanimizning munosib farzandlari bo‘lib voyaga yetasiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.