Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Biz sog‘ingan kunlar

Aziz muxlislar! Yangi o‘quv yilining ikkinchi choragidagi darslarni yaxshi o‘zlashtiryapsizmi? Mana ko‘z ochib yumguncha maktablarda kelgusi – 2018-yil uchun obuna ishlari boshlanib ketdi. Siz-chi, siz qaysi bolalar nashriga obuna bo‘layapsiz?

Biz – tahririyat xodimlari ham odatdagidek obuna mavsumida o‘quvchilarimizdan bir xabar olaylik, yangi yildagi rejalarimiz bilan o‘rtoqlashaylik, ular bilan yuzma-yuz uchrashib yangi yutuq va natijalari bo‘lsa jurnalga yozib kelaylik, deb turli viloyatlarga otlandik. Safarimiz gullar shahri Namangandan boshlandi. U yerda bizni har yilgidek viloyat Xalq ta’limi bo‘limi vakili Xayrulla aka kutib oldi. Shu kuni viloyatning barcha tumanlaridan ustozlar, kutubxonachilar bir davraga jam bo‘ldilar. Qizg‘in uchrashuvdan so‘ng Namangan shahar “Barkamol avlod markazi” direktori Hayotxon Mamanova bizni to‘garaklar faoliyati bilan tanishtirdi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 13 ta to‘garak ishlab turganini ko‘rdik. Bolalarning aql-u zakovati va mehnati bilan yaratilgan chiroyli hunarmandlik ishlarini ko‘rib zavqlandik. Bu yerdagi devorga osig‘liq diplom diqqatimni tortdi. Yaqinroq borib o‘qidim. Shu yil sentabr oyida Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir shahrida raketa-model yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda ikkinchi o‘rinni olgan Najmiddin Zayniddinovning diplomi ekan. Devordagi diplomlar qatoridan o‘quvchilarning avvalgi yillardagi yutuqlari aks etgan Faxriy yorliqlar ham joy olgan.

Shu kuni biz Namangan shahridagi 7-maktab bolalari bilan ham uchrashdik. 6-”D”sinfidagi Dovudxon Olimov boks bilan shug‘ullanishini, kelgusida Hasanboy Do‘stmatovdek jahon chempioni bo‘lmoqchi ekanini aytdi.

– “Gulxan”ga savollarimiz ko‘p, – dedi uning sinfdoshi Madina Mubillayeva, – bular haqida biz tahririyatga yozib yuboramiz.

Afsuski, o‘quvchilar orasida “Gulxan” o‘qimaydigan bolalarni ham uchratdik. O‘ylaymanki, kelgusi yilda ular sinfdoshlari Madinadan o‘rnak oladilar.

Andijonda bizni viloyat Xalq ta’limi boshqarma boshlig‘i Ravshanbek Ergashev kutib oldi. O‘qituvchilar malakasini oshirish institutida tashkillashtirilgan uchrashuv ham qiziqarli o‘tdi. Shahardagi 31-maktabning 5-”A”sinf qizlari jurnalda “Qizlarjon” sahifasini tez-tez berib borishimizni iltimos qilishdi. O‘g‘il bolalar esa ko‘proq boshqotirmalar berishimizni so‘rashdi. Yana ko‘plab taklif va mulohazalarni yon daftarimizga qayd etib Farg‘ona viloyatiga otlandik.

Keyingi ikki yil mobaynida Farg‘ona tanib bo‘lmas darajada chiroy ochganining guvohi bo‘ldik. Yangi yo‘llar, muhtasham binolar, turarjoy mavzelari – bularning barchasi mamlakatimiz rahbarining “... yurtimizning kelajagi ham buyuk bo‘ladi” degan so‘zlarini yodimga soldi.

Shahardagi 10-maktabda o‘tgan uchrashuvda ham kutubxonachi va ustozlar kelgusi yil uchun yaxshi takliflar berishdi. Bular: 2018-yildan bolalar uchun yaratilgan yangi qo‘shiqlarni notalari bilan birga chop etish; “O‘zbekiston shaharlari” ruknini fotosuratlar bilan tashkillashtirish; “Kitob javoningizga” sahifasini yanada boyitib yoritish.

Albatta, yaxshi takliflardan quvondik, bir dona ham jurnal kirmagan sinflarni ko‘rib, juda ranjidik. Lekin, ishonamizki, biz bilan bo‘lgan uchrashuvlardan so‘ng “Gulxan”ning muxlislari yanada ortadi, yosh ijodkorlar esa eng sara ijod namunalarini yurtimiz bolalarining chin nashri sanalgan jurnalimizga yo‘llab turadilar. Ijodiy jamoamiz bilan esa, ularga dunyodagi eng yaxshi bolalar jurnalini taqdim etishga so‘z beramiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.