Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Farovon yashash kafolati

Har yili jurnalning dekabr sonini tayyorlar ekanmiz, Yangi yil ostonasida turganimizni his etamiz. O‘zimizga yil boshida rejalashtirgan ishlarimizning barchasiga ulgurdikmi, jurnal eng avvalo, bolalarga, ularning ota-onalari, ustozlariga ma’qul bo‘ldimi, ular kelgusi yilda ham “Gulxan”ni yaxshi ko‘rib o‘qisharmikan, deb savol beramiz: Zero 2017-yilda ham ijodiy jamoamiz siz aziz muxlislar qo‘liga qiziqarli, mazmunli jurnal yetkazish uchun bor kuch-g‘ayratini ayamadi. Ayniqsa, rassom va dizaynerlar guruhi, jurnal sahifalarini yanada rang-barang, bezagini mazmun-mundarijasiga moslab tayyorlashda yangi g‘oya va imkoniyatlar izlab topishdan sira erinmadi. Unga xolis baho berish sizlarga havola.

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligini munosib nishonlash maqsadida barcha o‘quv muassasalarida “Baxtli yurt farzandimiz”, “Qomusimiz – baxtimiz poydevori”, “Huquqimiz kafolati”, “Huquqimiz – baxtimiz” nomi bilan turli tadbir va uchrashuvlar. Bu uchrashuv va tadbirlarda bolalar Konstitutsiya haqidagi bilim va taassurotlarini turli savol-javoblar, badiiy ko‘rinishlar orqali ifodalashdi. Har doimgidek Gulxanjon bu tadbirlarda faol ishtirok etdi.

Ma’lumki, Konstitutsiyamiz ham ona Vatanimiz kabi, bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz singari yagonadir. Bularning har biri haqida to‘liq o‘qib-o‘rgansangiz unda ona yurtimiz, xalqimizning yuragidan joy olgan ezgu maqsadlarini, sizning kelajagingiz bilan bog‘liq barcha jihatlarni qamrab olganini anglab yetasiz. Siz bolalarning munosib hayot kechirishingizni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qonunlar qabul qilingan. Ularda nafaqat bolalar, balki umuminsoniy manfaatlar ustun qo‘yilgan. Unga ko‘ra voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.

Barcha o‘quvchilar yaxshi bilishadi. Ba’zi bolalar maktab jihozlariga yoki maktab hovlisidagi daraxtlarga osilib shikast yetkazishadi va bu holatga, shu ham muammomi, deb qarashadi. Hatto ayrim ota-onalar buni oddiygina sho‘xlikka yo‘yib qo‘ya qolishadi. Chunki Bosh Qomusimizdagi tabiatni asrash har bir fuqaroning burchi ekanligi haqidagi moddani bilishmaydi. Noma’qul xatti-harakatlar ortida qonun buzilayotganini tushunishmaydi.

Ha, aziz o‘quvchilar, agar biz qonun va burchlarimizni yaxshi bilsak, ortiqcha tartibbuzarlik, noo‘rin xatti-harakatlarga ham yo‘l qo‘ymaymiz. Konstitutsiya esa Prezidentimiz o‘z bayram ma’ruzasida aytganlaridek “...erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘ladi”.

Xalqimiz yangi umid va orzular bilan 2018-yil ostonasida turibdi. O‘ylaymizki, kelgusi yilda muxlislarimiz soni yanada ortadi. Biz esa yaqindagina “Matbuot kunlari” munosabati bilan yurtimizning barcha viloyatlaridan yon daftarimizga yozib kelgan taklif va mulohazalarni atroflicha o‘rganib, “Gulxan”ni bundan-da chiroyli va mazmunli qilib qo‘lingizga yetkazamiz, degan niyatdamiz.

 

Bosh muharrir

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.