Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Handaqlarda yozilgan xatlar

Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ahlini, ayniqsa, faxriylarimiz qalbini to‘lqinlantirib yubordi. Tahririyatda bu katta e’tibor va rag‘bat haqida o‘ylab o‘tirar ekanman, eshik taqillab keksa otaxon ko‘rindi. Salom berib xonaga taklif etdim. U o‘zini Xo‘jaxonov Ahmadjon deb tanishtirdi. Hujjat va fotosuratlarni ko‘rsatib “Mana bular mening otamga tegishli ma’lumotlar. Otam – Xo‘jaxonov Abdulloxon Tojixon o‘g‘li Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, gvardiyachi leytenant bo‘lgan. Otamning urush yillarida biz farzandlariga yozgan maktublari ko‘p ming sonli “Gulxan” jurnali o‘quvchilarini ham qiziqtiradi, ayrim jihatlari bilan ularga o‘rnak va saboq bo‘ladi, degan o‘yda bularni sizga olib keldim. Marhamat, tanishib chiqsangiz” deb menga qog‘oz to‘la papka uzatdilar. Uni ochib qaradim-u bu yerda jamlangan barcha materiallar ro‘paramda o‘tirgan otaxon va uning yaqinlari uchun juda qimmatli ekanini his etdim. Ayniqsa, 1965-yilda chop etilgan “Frontdan xatlar” kitobini varaqlar ekanman, Abdulloxon otaga qayta-qayta minnatdorlik bildirdim. Chunki to‘plamga urush yillari jangchilar tomonidan yozilgan, Markaziy davlat arxivida saqlangan, 1941–1945-yillarda chop etilgan ayrim gazetalar tahririyatlariga, O‘zbekiston radiosiga, jangchilarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, yor-u birodarlariga yo‘llagan xatlari kiritilgan edi. Ularda o‘zbek o‘g‘lonlarining g‘alabaga bo‘lgan ishonchi, O‘zbekistonga, oilasi va farzandlariga bo‘lgan mehr-muhabbati, jang maydonidagi qahramonliklari hikoya qilinadi. Kitobning so‘z boshisida “Og‘ir jangdan so‘ng dam olish soatlarida, janglar oralig‘idagi kichik tanaffuslarda yerto‘la va xandaqlarda yozilgan tumorcha shaklidagi qo‘lyozma-xatlar...” deb qayd etilgan. Qahramonimiz Xo‘jaxonov Abdulloxonning 1945-yil 28-fevral kuni o‘z bolalariga yozgan xati ham aynan shu kitobdan joy olgan ekan. Marhamat, maktub bilan tanishing. Otaxon aytganlaridek, maktubdagi ibratli misralar qay bir jihati bilan sizga o‘rnak bo‘lsa, demak, mamlakat tinchligi, baxt-u saodati yo‘lida jonini fido qilganlar, jangga kirganlar xotirasi barhayot, ruhlari shod bo‘ladi.

“Shirintoy jajjilarim – Ahmad va Nuri!”

Sizlardan xat olganimga bir haftadan oshdi, lekin men o‘z vaqtida javob yozolmadim – jangovar holat imkon bermadi. Mana, endi biz nemislarning ketma-ket ikki shaharini egalladik, yo‘l-yo‘lakay atrofda dushmanning to‘zg‘ib ketgan qismlarini ham tor-mor keltirdik. Men safdoshlarim bilan jang maydonidan bir oz beriroqda dam olib turibman. Shu paytdan foydalanib men yig‘ilib qolgan bir nechta gazetalarni ko‘zdan kechirdim hamda sizlarga va ba’zi o‘rtoqlarimga xat yoza boshladim.

Sizlar o‘z xatlaringizda maktabda a’lochi bo‘lib o‘qiyotganingizni yozibsiz va meni ham dushmanga qarshi kurashda a’lochi bo‘lishimga umid qilibsiz. Men sizlarning bu tilaklaringizni bajonidil qabul qilaman. So‘nggi tomchi qonim qolguncha jonajon Vatanimizni himoya qilish uchun, millionlab bolalarning tinchligi va ozodligi uchun kurashishga va’da beraman.

Mening kichikintoylarim! Mendan tashvishlanmanglar. Mening tan-jonim sog‘, kayfiyatim yaxshi. Yaqin oylar ichida dushman ustidan g‘alaba qozonamiz. Sizlarni va shirin o‘g‘ilcham Anvarni juda sog‘indim. Men uchun uni o‘pib qo‘yinglar. Barcha qarindoshlar va boshqalarga salom aytinglar. Xayr, yoqimtoy jajjilarim, menga xat yozib turinglar. Yaqin orada diydor ko‘rishamiz.

Soat uch bo‘libdi. Sizlar hozir avji shirin uyquda bo‘lsalaring kerak... Onda-sonda pulemyot va to‘plar ovozi eshitilmoqda. Mening ofitser o‘rtoqlarim yerto‘lalarda tunamoqdalar. Bir oz mijja qoqib olish uchun menga ham navbat keldi... Hozircha xayr!

 

Salom bilan otangiz.

Sharqiy Prussiya, Lotterfeld qishlog‘i.

 

Bundan 72 yil avval katta sog‘inch va hayajon bilan yozilgan xatni o‘qir ekanman, Ahmadxon otaga beradigan savollarim ham ko‘payib qoldi. Uzoq suhbatimizdan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, qahramonimiz urush tugaganidan olti oy o‘tgachgina, ya’ni oktabr oyida uyga qaytgan ekanlar. Vzvod komandiri sifatida urushning ayrim hujjat va harbiy aslahalarini tegishli tashkilotlarga topshirguncha oradan yana yarim yil o‘tib ketibdi.

Urushdan qaytgan A. Xo‘jaxonov 1946 – 1950-yillarda “O‘qituvchi” gazetasida mas’ul muharrir, 1950–1953-yillarda “O‘zbekiston” nashriyotida bosh muharrir va direktor muovini, 1953–1964-yilgacha esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi til va adabiyot institutining lug‘at sektorida katta ilmiy xodim vazifalarida faoliyat yuritgan. Urushdan keyingi faoliyati davomida adabiyotimizning darg‘alari sanalmish jurnalist, yozuvchi va shoirlar, olimlar davrasida o‘tkazgan va baholiqudrat kuch-g‘ayratini ilmga, ma’rifatga bag‘ishlagan.

Otaxon bilan suhbatni yakunlar ekanman, jurnal uchun zarur deb bilgan ma’lumotlardan nusxa ko‘chirib oldim. U kishini kuzatgach, qo‘limdagi qog‘ozlarga qarab turib, yurtimizdagi tinchlik shukuhini, uning qadr-qimmatini chuqur his etdim. Ko‘z oldimga farzandlarimning kichik yoshdagi bolaligi keldi. Ular qish kunlari dadasi ishdan kelishini deraza yoniga stul qo‘yib hovliga, darvoza tomonga uzoq tikilib kutishardi. Dadasi ko‘rinishi bilan uyimiz shodlig-u quvonchga to‘lib ketardi. Urush...urush yillarining bolalari esa otasini ko‘rib-ko‘rmay, bilib-bilmay katta bo‘lishdi. Urush onani boladan, bolani otadan, akani singildan judo qildi. Urush yillaridagi bolalar oila quvonchini, bolalikning eng beg‘ubor onlarini yo‘qotib yashadilar. Ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik millionlab odamlarni turli dard va xastaliklarga duchor qilgan. Shu o‘rinda farzandlarini sog‘inib she’r yozgan otaning to‘rtligini siz ham o‘qishingizni istar edim.

Hayotim faxri bo‘l, bog‘im egasi,

Zafarlar tilayman senga Ahmadxon.

Ilm olishchun beril kunduz-kechasi,

Umring, rizq-u ro‘zing bo‘lsin farovon.

 

1945-yil 23-fevral, Sharqiy Prussiya.

 

Qadrli o‘quvchilar, men sizlarga Ikkinchi jahon urushida qatnashgan birgina otaxonning maktubi orqali o‘sha yillarning kichik manzarasini tasvirlab berdim xolos. Agar urush qatnashchilari va urush yillari haqida to‘liqroq ma’lumotlarni bilmoqchi bo‘lsangiz, atrofingizga qarang. Qishlog‘ingiz, tumaningizda yashayotgan, urushga borgan, uning suronli yillarini boshidan kechirgan otaxonlarning suhbatlariga diqqat bilan quloq tuting. Ishoning, ular hech qachon yolg‘on gapirmaydilar. Urush haqida yolg‘on gapirish mumkin emas. Urush qatnashchilari – ular tirik tarix. Bu insonlarning har bir aytgan so‘zi chin, o‘zlari esa ulkan matonat va jasorat timsoli, Vatanimizning asl o‘g‘lonlari. Ularni har qancha qadrlasak, o‘zga yurtlarda jon olib jon berganlarni xotirlab tursak, bugungi ozod va obod Vatan tinchligini yurakdan his qilib ulg‘ayasiz, go‘zal qalb egalariga aylanasiz!

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.