Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Imkoniyatlar eshigi

Yaqinda Prezidentimiz rahbar­ligida “Yosh­­lar bilan ishlashni samarli tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqtirish bo‘yicha beshta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan masalalar qizg‘in muhokama qilindi va quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:

1) yoshlarning musiqa, rassomlik, ada­biyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish;

2) yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport so­hasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish masalalari;

3) aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter tex­no­logiyalari va internetdan sa­ma­rali foydalanishni tashkil etish;                                         

 4) aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuk­saltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha;

5) xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni ti­zimli tashkil etish.

Bu tashabbuslarni yaxshilab o‘rganib chiq­sangiz, ular siz o‘quvchilarga yanada yangi imkoniyatlar eshigini ochishini bilib olasiz. Endi siz o‘z qiziqishingizga qarab yoki qobiliyatingizni sinab ko‘rish uchun avvalo maktabdagi to‘ga­raklarga qatnashishingiz mumkin. Maktabda to‘garak bo‘lmasa, tuman, viloyatdagi “Barkamol avlod” markazidagi o‘zingiz istagan to‘garakka a’zo bo‘lasiz.

Yuqorida sanab o‘tilgan tashabbuslar bo‘­yicha Sirdaryo va Namangan viloyatlarida amal­ga oshirilgan ezgu ishlar xalqimiz to­monidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Sha­har va tumanlarga badiiy kitoblar, sport-sog‘­lomlashtirish anjomlari, musiqa cholg‘u as­boblari ortilgan “Ma’rifat karvonlari”ning kirib borishi katta bayramga aylanib ketdi.

Farg‘onada ikkita biblioavtobus, ya’ni ko‘chma kutubxona ish boshladi. Bu avtobuslar viloyatning chekka hududlarida kitobxonlarga kutubxona va savdo xizmati ko‘rsatadi. Biblioavtobuslarning har biriga 1500 donadan badiiy va ilmiy-ma’rifiy kitoblar joylashtirilgan. Unda Wi-Fi tarmog‘i bo‘lib, foydalanuvchilar kitoblarning elektron va­riantini o‘z telefon, planshet, fleshkalariga bepul yuklab olishlari mumkin.

O‘qiyman, o‘rganaman degan odamga ana sharoit-u mana imkoniyat!

Prezidentimiz ilgari surgan “Qadrdon mak­tabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasini o‘tkazish orqali barcha rahbarlar, ziyolilar tomonidan o‘zi ta’lim olgan maktabga o‘n donadan kitob sovg‘a qilishini tashkil etish haqidagi taklifni xalqimiz mamnuniyat bilan kutib oldi. Tashabbusni  mam­lakatimiz bosh vaziri Abdulla Aripov boshlab berdi. A.Aripov Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-maktabga shaxsiy kutubxonasidan 82 ta kitob sovg‘a qildi. Shuningdek, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi o‘zi o‘qigan 9-maktabga ham kitoblar to‘plamini taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov esa Toshkent shahridagi 22-maktabga kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.

Bu ezgu loyihaga hozirda mamlakatimizning turli soha vakillari, keng jamoatchilik bosh qo‘shib, qisqa vaqt ichida maktab kutubxonlarini 200 mingdan ortiq kitob bilan boyitishdi.

 Tahririyat pochtasiga kitob aksiyasi hamda tashabbuslarning amaliy ifodasi haqidagi ma’lu­motlar kelib turibdi. O‘ylaymizki, siz o‘quvchilar ham bu imkoniyatlarga munosib javob berasiz, yurtimizdagi o‘sish va yuksalishlarga o‘z his­sangizni qo‘shasiz.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.